Moody's xalqaro reyting agentligi Turkiyada kelgusi besh yil ichida islom bankingi aktivlari hajmi ikki baravar ortishini taxmin qilmoqda.
Dushanba kuni agentlik e'lon qilgan hisobotda aytilishicha, o'tgan yili Turkiyada islom banklarining umumiy aktivlari 54 foiz ortgan. Ularning umumiy bank aktivlaridagi ulushi hozirga kelib 7,2 foizni tashkil etmoqda.
Ta'kidlanishicha, Turkiyada islom bankingi tezkor o'sayotgan bo'lsa-da, uning hajmi Fors ko'rfazi mamlakatlari hamkorlik kengashi a'zolari bilan taqqoslansa, ancha kichikligi ayon bo'ladi: mazkur mamlakatlarda umumiy banklar aktivlaridagi islom bankingi aktivlarining ulushi o'rtacha 40 foizni tashkil etadi.
“Hukumatning islomiy moliyalashtirishga e'tiborining ortishi mamlakatda islomiy moliylashtirish sektori, xususan, unda qatnashayotgan banklar uchun ijobiy omildir”, – deyiladi hisobotda.
azon.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati