Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Bosh kotibi Bag'dod Amreev O'zbekistonga tashrifi doirasida Samarqandga safar qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
B.Amreev Samarqandning Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda ansambli, Ulug'bek rasadxonasi va Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildi.
Ushbu safar yakunida Bosh kotib mahalliy ommaviy axborot vositalariga interv'yu berib, shaharning madaniy-tarixiy merosi haqidagi o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
Uning ta'kidlashicha, asrlar davomida bu qadimiy va muazzam shahar dunyoning turli tamaddunlari o'rtasidagi savdo-sotiq, madaniy-gumanitar, ilmiy-mafkuraviy aloqalarning rivojlanishi tarixida juda muhim rol o'ynagan.
U turkiy xalqlar Samarqand bilan faxrlanishini urg'uladi. Bag'dod Amreev ta'kidlashicha, Markaziy Osiyoda ikki Uyg'onish davrida rivoj topgan Samarqandning tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylari unda chuqur taassurot qoldirgan. Bu davrlarda yuksak aql-idrok sohiblari va olimlar jahon ilm-fani ravnaqiga ulkan hissa qo'shgan.
B.Amreev Samarqand me'morchiligi nafaqat turkiy xalqlarning, balki butun dunyoning o'ziga xos madaniy merosi ekanini ta'kidlab, shaharni xalqaro maydonda kengroq targ'ib etishga ko'maklashish zarurligini ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Jahon banki xususiy sektor diagnostikasi bo‘yicha delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Muhammadolim domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va tilaklarini yetkazdi. So‘ngra yurtimizda ko‘plab sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilanishlar haqida so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida delegatsiya a’zosi bo‘lgan katta iqtisodchi Levent Karaday samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zi faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya tashkiloti xususiy sektorga sarmoya kiritishi, ayni maqsadda joriy yil boshida ham kelganlari, o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, shu bois ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi.
Muloqot davomida Diniy idora tasarrufidagi ziyoratgohlar, ularning faoliyati to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Shuningdek, xorijiy delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati