G'AZAL
Ey, etti manzar tarhig'a
me'mori sun'ungdin bino,
Masnu'lar foniy, vale
maslubi soni'din fano.
Chekmay malak lutfung kuni
juz zikr ila tasbih uni,
Odam debon qahring tuni
har dam: «Zolamno, Robbano».
Hamdingg'a har ko'tah nazar
ham gungu lol o'lg'ay magar,
Chunkim demish Hayrul-bashar
ul erda: «Lo uhsiy sano».
Jinsi bashar yo'q ogahing,
xurshid xoki dargahing,
Ko'k mahd aro tifli rahing
etti atou to'rt ano.
Faqr ahli istab qurbating,
ahli g'ino ham toating,
Yetganga dog'i furqating,
ne faqr nofi', ne g'ino.
Vaslingda ishrat xo'b erur,
ayshu tarab marg'ub erur,
Sensiz manga matlub erur
tanda alam, jonda ano.
Ishqingda bir devonalig',
shavqingda bir farzonalig',
Ag'yordin begonalig',
aylab O'zungga oshno.
Jurmu gunohlardin o'tub,
kelturma yuzg'a qo'rqutib,
Lola agar sog'ar tutub,
musicha gar qilmish zino.
Bordur Navoiy bekase,
ishq ichra andoqkim xase,
Chun o'rtading oni, base,
kuydurma do'zaxda yano.
NAVOIY VA ISLOM
YeTTI MANZAR
(«Favoyidul-kibar», 6-jild, 1-g'azal)
Bismillahir-Rohmanir-Rohiym. Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar, janob Rasulullohga so'ngsiz salotu salomlar aytib, Ma'rifat gulshani ko'rsatuvining navbatdagi dasturini boshlaymiz.
Mumtoz adabiyot, qadimiy she'riyat ba'zi mamlakatlarda devon adabiyoti deb yuritiladi. Devon g'azallar va masnaviydan boshva she'r turlarini o'z ichiga oladi. Devon arab imlosiga asoslanib, har she'rning qofiyasi yoki radifi Alif, Be, Te, Se kabi muayyan harflar bilan tugagan bo'ladi.
Devon adabiyoti XI asrda Mavorounnahrda (bugungi O'zbekiston zaminida) Qoraxoniylar davrida boshlangan, islomiy madaniyatdan bahra olgan, shu sababdan arab va fors adabiyotlaridan ta'sir topgan islomiy adabiyotdir. Qur'oni karim va hadisi sharif ma'nolarini o'ziga singdirgan bu mumtoz adabiyot «majoz haqiqatning ko'prigidir» degan hikmatli so'zga asoslanadi; ya'ni majoz yo'li bilan haqiqatni kuylaydi, majoziy muhabbatni bahona qilib, ilohiy ishqni tarannum etadi.
Mumtoz she'riyatning ulug' odob va ulug' an'analaridan biri, har bir yangi harf bobi hamd g'azallari, ya'ni Yaratgan Parvardigorga hamdu sano aytilgan g'azallar bilan boshlanadi, so'ng na't g'azallari, ya'ni janob Rasululloh alayhissalomning go'zal sifatlari aytilib, madh etilgan g'azallar bilan davom etadi. Keyin majoziy ifodalar boshlanadi.
Hazrati Alisher Navoiy qalamiga mansub “Hazoyinul-ma'oniy” devoni, «Favoyidu-l-kibar» kitobining ilk g'azali Haq ta'oloning hamdi, shukronasi, Uning qudrat va sana'tidan paydo bo'lgan hayrat va zavq izhoridan iboratdir.
I.
Ey, etti manzar tarhig'a
me'mori sun'ungdin bino,
Masnu'lar foniy, vale
maslubi soni'din fano.
“Ey, etti osmon loyihasiga yaratish-san'ating me'moridan bino qurilgan Zot! Bu yaratilgan narsalar – san'atlar foniydir, o'tkinchidir, ammo soni'ning – yaratguvchi-san'atkor Zotning irodasi, sifoti salbiyasi tajalliysi sababli o'tkinchidir. Ya'ni, bor qiluvchi ham, yo'q qiluvchi ham O'zidir”.
Navoiyning falsafiy qarashlari, hikmatnavislik san'ati sof islomiy e'tiqod va ilmu ma'rifatga asoslanadi.
Yetti manzar – etti ko'rinish, etti shakl, qaraladigan, nazar qilinadigan etti nuqta, ya'ni etti qavat samo. Bu etti osmon loyihasini tuzgan ham O'zi, O'z qudrati-san'ati bilan uni ustunsiz yuksaltirib, imoratini barpo qilgan ham O'zi.
Muhaqqaq, bu san'atlar foniydir, Yaratgan zotning O'zi boqiydir, lekin bu fano bo'lishning boisi – yana Yaratgan zotning qudrati-san'atidir. «Maslub» so'zi sifoti salbiyaning tajalliysiga ishoradir.
Birinchi misraga Baqara surasi, 29-oyati asos bo'ladi (A'uuzu billohi minash-shaytonir-rojiym. Bismillahir-Rohmanir-Rohiym):
هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي الأَرْضِ جَمِيعاً
ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاء فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ
سَمَاوَاتٍ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ
Oyat ma'nosi: «Ul (Alloh)ki, er yuzida nimaiki bor bo'lsa, hammasini sizlar uchun yaratdi; keyin (O'z irodasi bilan) osmonga qasdlanib, ularni etti (qavat) osmon tarzida (bir nizom asosida) mukammal qilib tuzdi. U hamma narsani haqqoniy bilguvchidir».
Yana Mulk surasi, 3-oyati:
الَّذِي خَلَقَ سَبْعَ سَمَاوَاتٍ طِبَاقاً مَّا تَرَى
فِي خَلْقِ الرَّحْمَنِ مِن تَفَاوُتٍ
فَارْجِعِ الْبَصَرَ هَلْ تَرَى مِن فُطُورٍ
Oyat ma'nosi: «Yetti osmonni (bir-biriga) qavatma-qavat qilib (uyg'unlikda) yaratgan zot Udir. Rahmonning yaratishida hech bir tafovut – nomuvofiqlik va noqislik ko'ra olmassan. Bas, ko'zingni qaytarib qara! (Unda) hech bir yoriq va qusur ko'rarmisan?»
Ikkinchi misra Qasas surasi, 88-oyatiga asoslangan:
وَلَا تَدْعُ مَعَ اللَّهِ إِلَهًا آَخَرَ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ
كُلُّ شَيْءٍ هَالِكٌ إِلَّا وَجْهَهُ
لَهُ الْحُكْمُ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ
Oyat ma'nosi: “Alloh bilan qo'shib boshqa bir ilohga iltijo-ibodat qilmang! Undan boshqa hech bir iloh yo'q! Uning zotidan boshqa (moddiy) hamma narsa halok bo'lguvchidir. Hukm va (mutloq hukmronlik) yolg'iz Unikidir va sizlar faqat Ungagina qaytarilgaysizlar”.
II.
Chekmay malak lutfung kuni
juz zikr ila tasbih uni,
Odam debon qahring tuni
har dam: «Zolamno, Robbano».
«(Ey Rabbimiz!) Sen lutf qilgan kuning farishtalar zikr va tasbih ovozidan boshqa bir ovoz chiqarmaydi, Sening yakkayu yagona, pok va muqaddas, har qanday aybu nuqsondan munazzah ekaningni aytib, olqishlab, zikr qilishdan boshqa sas chiqarmaydi. Odam alayhissalom ham momo Havvo bilan birga har lahza: «Ey Rabbimiz! Biz o'z-o'zimizga zulm qildik, bizlarni kechir, O'zingga tavba qilamiz!» - deyishdan nariga o'tmaydi».
Lutf va qahr, tun va kunning zidalanib kelishi, Alloh lutfu karamining yorug' kunduzga, qahrining qorong'u tunga o'xshatilishi Navoiyga xos san'atdir.
Ikkinchi bayt «Baqara» surasining 30-38-oyatlariga asoslanadi. «Lutfung kuni» iborasiga asos bo'lgan oyatlar ma'nosi shuki, Alloh talo farishtalarga er yuzida bir xalifa ya'ni, Yaratganning hukmlarimni bajo keltiradigan, salohiyat va boshqaruvga loyiq bir inson yaratmoqchi ekanini bildirdi. Farishtalar “xalifalikka biz haqdorroqmiz” degan ma'noda so'z qildilar. Shunda Alloh taolo O'zi yaratgan Odam alayhissalomga barcha narsalarning ismlarni o'rgatdi. Keyin ularni farishtalarga ko'rsatib: «Qani, xalifalikka biz loyiqmiz degan so'zlaringizda rostgo'y bo'lsangizlar, bularning ismlarini Menga xabar beringlar-chi», - dedi. Farishtalar ayta olmadilar va dedilarki:
قَالُوا سُبْحَانَكَ لَا عِلْمَ لَنَا إِلَّا مَا عَلَّمْتَنَا إِنَّكَ أَنْتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ
Oyat ma'nosi: (Farishtalar): «(Yo Rabb!) Sen (butun nuqson sifatlaridan) pok va munazzahsan! Bizda Sen o'rgatgan ilmdan boshqa hech bir bilim yo'q. Hamma narsani hoqqoniy bilguvchi, hukm va hikmat sohibi (faqat) Sensan», dedilar.
Lutf kunidagi farishtalarning tasbihi ana shudir.
Bu o'rindagi “lutfing kuni” iborasidan murod Allohning ham Odam alayhissalomga, ham farishtalarga ko'rsatgan lutfu karamidir: Odam alayhisslomga ko'rsatgan lutfi Odam alayhissalomni yaratishi, u zotni er yuzida Haq ta'oloning hukmlarini bajo keltiradigan boshqaruvga loyiq bir inson qilishi, farishatalar bilmagan narsani Odamga o'rgatishi va u zotning lutfi Ilohiydan olim bo'lib qolishi, hamma narsalarning ismini bilib olishi va aytib berishidir.
Farishtalarga ko'rsatgan lutfi esa ularga O'z rahmati bilan muomala qilib, Odam alayhissalomning fazilatlarini yaxshilik va go'zallik bilan tan olishga undashidir.
«Qahring tuni» iborasiga Baqara surasining 35-37-oyatlari asos bo'lgan. Odam alayhissalom Shaytonning aldovi bilan taqiqlangan daraxtning mevasidan eb, erga tushirildilar. Alloh talo u zotga tavba so'zlarini o'rgatdi va tavbasini qabul qildi.
Odam alayhissalomning tavbasi esa, Navoiy qayd etganidek, «Robbano, zolamno anfusano!» demoqdan iborat edi.
Navoiy ishorat qilgan tavba so'zi to'qilgan yoki asossiz narsa emas, balki aynan Qur'ondandir. A'rof surasi, 23-oyatiga diqqat qilamiz:
قَالَا رَبَّنَا ظَلَمْنَا أَنْفُسَنَا وَإِنْ لَمْ تَغْفِرْ لَنَا وَتَرْحَمْنَا لَنَكُونَنَّ مِنَ الْخَاسِرِينَ
«Qolo: Robbano zolamno anfusano va in lam tag'firlano va tarhamno lanakunanna minal-xosiriyn».
Ma'nosi: «(Ikkovi – Odam bilan Havvo) dedilar: «Ey Rabbimiz! Biz o'z-o'zimizga zulm qildik. Agar bizlarni kechirmasang va bizlarga rahm qilmasang, muhaqqaq, biz ziyon ko'rguvchilardan bo'lib qolurmiz!»
Bas, Navoiy hech bir iborani behuda qo'llagan emas.
III.
Hamdingg'a har ko'tah nazar
ham gungu lol o'lg'ay magar,
Chunkim demish Hayrul-bashar
ul erda: «Lo uhsiy sano».
Yo Rabbim! Sening hamdingni aytishga har bir qisqa o'yli inson ham gungu lol bo'lib qolaveradi, chunki bashariyatning eng xayrlisi bo'lgan hazrati Payg'amabar – Muhammad alayhissalom bu o'rinda: «Lo uhsiyu sano’an», ya'ni: «(Ey Allohim!) Men Senga sano aytib tugata olmayman», deb hadis aytganlar.
Hadis matni: «Lo uhsiyu sano’an 'alayka, anta kamo asnayta 'alo nafsik».
Ma'nosi: «(Ey Allohim!) Sen O'z zotingni O'zing sifatlaganing kabi men Senga sano aytib (maqtovli sitfatlaringni so'zlab) sanog'iga eta olmayman».
Allohning Rasuliki, bu xususda bundoq xoksorlik qilgan bo'lsalar, boshqalar ne ham deya olar edi! Shu bois Shayx Sa'diy ham aytadilar (tarjimasi):
Hoslar ham bu yo'lda choptirdilar ot,
“Lo uhsiy”ga etgach, tek qoldilar bot.
«Necha xos bandalar ham bu yo'lda ot choptirdilar, «Lo uhsiy» hadisiga duch kelgach, poygadan ortda qolaverdilar».
IV.
Jinsi bashar yo'q ogahing,
xurshid xoki dargahing,
Ko'k mahd aro tifli rahing
etti atou to'rt ano.
Yo Rabbim! Bashar zoti Sendan etarlicha ogoh emas, quyosh ham dargohing tuprog'idir. Ko'k beshik ichida etti ota va to'rt ona Sening yo'lingning go'dak bolalaridir.
Yetti ota – er yuzidagi etti iqlim, er sayyorasining inson yashaydigan quruqlik qismlari, obod manzillar; to'rt ona – to'rt fasl. «To'rt ona»ni to'rt unsur – o't, suv, havo, tuproq deb tushunish ham mumkin, chunki erning yaralishiga asos bo'lgani uchun ularda «onalik» xususiyati bor.
Yerni «beshik» deb atash Qur'onga asoslanadi. «Naba'» surasi, 6-oyatida Alloh aytadi, ma'nosi: «Axir, Biz erni bir beshik qilib qo'ymadikmi?»
«Baytdagi «etti ota»ni etti qavat osmon deb anglovchilar ham bor, ammo osmonlar «ko'k beshik» ichida emas, uning ustidadir. G'azaldagi «mahd» - «beshik» so'zi mantiqan Qur'on oyatiga ishorat borligini bildirib turibdi.
«To'rt fasl» ma'nosiga kelsak, inson uchun zarur bo'lgan ne'matlar asosan uch fasl o'tib, to'rtinchi faslda pishib kamolga etadi.
Ammo «etti» (goh «olti», «to'rt») so'zi bilan bog'liq tushunchalar ko'p: etti osmon, etti iqlim, etti sayyora: quyosh, oy, zuhal, mushtariy, mirrix, zuhro, atorud; etti og'ayni (yoki etti qaroqchi) yulduzi; etti daryo (ya'ni, etti dengiz) va hokazo.
«Lisonu-t-tayr»da Navoiy aytadi:
To'rt unsur, etti ko'k, olti jihot,
Nodiru oliy – asosi koinot.
To'rt unsur – o't, suv, tuproq, havo; etti qavat osmon; olti jihot (tomon) – ost-ust, o'ng-so'l, old-ort, bular nodir va oliydir, koinotning asosidir. Inson ibodatda etti a'zosi bilan sajda qilgani uchun «etti a'zo» iborasi ham mumtoz she'riyatdan o'rin olgan.
V.
Faqr ahli istab qurbating,
ahli g'ino ham toating,
Yetganga dog'i furqating,
ne faqr nofi', ne g'ino.
“(Yo Rabbi!) Faqr ahli – kambag'allar (yoki dunyodan ko'ngil uzib, qanoat maqomiga etgan xos zotlar) ham Senga yaqinlikni istab harakatda, ahli g'ino – boylik, molu davlat sohiblari ham Sening toating bilan mashg'ul. Ammo furqating – ayrilig'ing dog'i etgan kishiga faqr-kambag'allik ham, boylik-davlat ham foyda bermaydi”.
O'zing rahm qil, O'zing bandam de, O'zing madad ber! Qalbimizni qalbi salim qil! Hamma Senga muhtoj, Sen hech kimga muhtoj emassan, hamma Sendan tilakda, Sen hech kimdan hech narsa istamassan!
Faqr – tasavuufda 1) darvishlik, solikning hech bir narsaga ega va sohib emasligini anglashi, hamma narsaning haqiqiy egasi va sohibi Alloh ekanligini idrok etishidir; 2) solikning o'zini doimo Allohga muhtoj sezishi, Allohning hech bir narsaga ehtiyoji yo'qligini fahmlashidir; 3) qanoat va rizo maqomidir.
Qorun degan shaxs ulug' payg'ambar Muso alayhissalomning qarindoshi – amakisining o'g'li edi. Uning boylik- xazinalarining kalitlarini ko'tarib yurish baquvvat jamoaga ham og'irlik qilar edi. Lekin u Muso alayhissalomga qarshi tug'yon qildi.
Alloh talo Qur'oni karimda aytadiki, Qasas surasi, 81- oyatining ma'nosi:
“Nihoyat, Biz uni ham, uy-joy (qasru imoratlar)ini ham erga yuttirib yubordik. Bas, unga Allohdan boshqa yordam beruvchi biror jamoasi bo'lmadi. Va u o'zini qutqarguvchilardan ham bo'lmadi.
Qorunga boyligi foyda bermadi unga dog'i furqat – Allohdan ayrilish halokati etdi.
A'rof surasi, 175-oyatining sharhida keladiki, Bani Isroil qavmi orasida Bal'am ibn Boura isli duosi mustajob bo'ladigan, faqr, ya'ni qanoat maqomiga etgan olim zot bor edi. U gumroh odamlarning mol-dunyo berish haqidagi va'dasiga uchib, Muso alayhissalom va u zotning qavmiga qarshi turdi va ularni duoibad qildi, u nafsiga ergashdi. Unga furqat dog'i etdi, faqr foyda bermadi. Alloh taolo unga bergan ilmni undan olib qo'ydi, uning tili ko'ksigacha osilib tushdi va dunyoda ekanidayoq unga jazosidan bir qismi berildi. U haqda oyatlar nozil bo'ldi.
A'rof surasi, 175-176-oyatlari ma'nosi:
Tafirlarga ko'ra, bu oyatdagi kishi Bani Isroil olimlaridan duosi mustajob bo'ladigan zot bo'lmish Bal'am ibn Bouradir. Bas, unga o'xshaganlarga, ya'ni shu zaylda shon-shuhrat, mol-dunyo, mavqe-maqomga ega bo'lish uchun dinni sotganlarga nisbatan «Bal'am» so'zi zarbulmasal bo'lib qoldi (“Fayzul Furqon”).
VI.
Vaslingda ishrat xo'b erur,
ayshu tarab marg'ub erur,
Sensiz manga matlub erur
tanda alam, jonda ano.
“Yo Rabb! Sening visolingga etish, jamolingga musharraf bo'lishlikda ishrat – shodlik, xushvaqtlik yaxshidir; yaxshi hayot, shodlik-xushhollik esa yoqimlidir, sevimlidir”.
Bu hayoti dunyoda Sensiz tandagi dardu alam, jondagi mashaqqat, azob-uqubat menga maqbuldir, istalgan narsadir. Shuning uchun oxirat hayotining saodatini istab, dunyoda mashaqqat cheksam, oxiratda buning muqobili, mukofoti bor, Allohning jannati va jamoli bor.
VII.
Ishqingda bir devonalig',
shavqingda bir farzonalig',
Ag'yordin begonalig',
aylab O'zungga oshno.
“Yo Rabb! Ishqingda bir devonalik bor, o'zini idrok va idora eta olmaslik holi bor, chunki ishqi Ilohiy kishini sarxush qiladi, majzub etadi. Shavqingda esa, aksincha, bir farzonalik – oqillik, donolik, donishmandlik bor, o'z-o'zini idrok etish bor.
Chunki shavq o'rtanishdan, ichki yonishdan tug'iladi, ma'rifatdan – Haq ta'oloni tanishdan yuzaga keladi. Har ikkisi bilan ham bandangni ag'yordan – O'zingdan g'ayridan begona qilib, O'zingga oshno qil!”
Janobi Payg'ambarimiz solallohu alayhi va sallamdan ushbu ma'nodagi hadisi sharif vorid bo'lgan: “Allohni shunchalik o'p zikr qilinglarki, toki (odamlar) sizlarni majnun desinlar”. Ishqidagi devonalik ana shu majnunlikdir.
Alloh Qur'onda ba'zi bandalarini ta'riflab: «Ertayu kech Rabbilariga duo-iltijo holidadirlar», deb marhamat etadi. Alloh g'azal sohibini ana o'shalardan aylab qo'ygani munojotlaridan ma'lumdir.
VIII.
Jurmu gunohlardin o'tub,
kelturma yuzg'a qo'rqutib,
Lola agar sog'ar tutub,
musicha gar qilmish zino.
Hazrat Navoiy aymoqdalar: “Yo Rabb! Aybu va gunohlarimizdan o't, barini kechir. Bahorda O'zingning iznu irodang bilan ochilgan lola qadah tutib, musicha zino qilgan bo'lsa, buni yuzga solib, xalqingni qo'rqitma!”
Odatda, lolaning may qadahini tutib turishi poklik va go'zallikdan iborat. Musichaga zinoni nisbat berib bo'ladimi? Aslo bo'lmaydi. Musichalarning bir-biriga suykalishi esa pok va go'zal naslning davom etishidan iboratdir, ularga zinoni nisbat berib bo'lmaydi.
Ya'ni, Allohning rahmati va mag'ifati shu qadar cheksizki, bandalarning jurmu gunohlari Allohning cheksiz rahmati va mag'firati oldida lolaning qadah tutib turishidek, musichalarning bir-biriga mehribonlik qilishidek bir gapdir.
Zumar surasi, 53-oyati:
قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ
إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
Ma'nosi: “Aytingki: «(Alloh der:) «Ey Mening o'z jonlariga qarshi (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarim! Allohning rahmatidan umid uzmanglar! Chunki Allohbarcha gunohlarni kechirur! Shubhasiz, U behad mag'firatlidir, benihoyat rahmlidir».
(Bu oyati karimadagi «mag'firat» so'zi barcha gunohlarning kechirilishiga dalolat qilgani uchun usul ilmiga ko'ra «mutloq»dir. Niso surasidagi oyatlarda esa «shirkdan boshqa» deyish bilan shirk bilan muqayyad bo'lgan (qayd etilgan), hukm shunga binoandir – “Fayzul-Furqon”).
Alloh taoloning 99ta muborak ismi bor. Har bir ism muayyan bir ma'noni ifodalaydi. Lekin Allohning nihosiz rahmatiga oid ikki ismi bor: Ar-Rahmon, ar-Rahiym.
IX.
Bordur Navoiy bekase,
ishq ichra andoqkim xase,
Chun o'rtading oni, base,
kuydurma do'zaxda yano.
“Navoiy kimsasi yo'q, ayoli-oilasi, farzandi – o'g'il-qizi yo'q bir bekasdir. U Sening ishqingga tushdi, umrini yolg'izlikda o'tkazdi, u ishq ichida bir dona xasdir. Uni ishq o'ti bilan yoqding, kuydirding, yo Rab, endi uni do'zaxda ham kuydirma!”
Boshqa bir baytda Navoiy aytadilar:
Yoringiz vaslin g'animat
anglabon shukr aylangiz –
Kim, Navoiy o'ldi bekaslikda
zor, ey do'stlar.
Bobur Mirzo hazrat Navoiy haqlarida yozadilar: “O'g'ul va qiz va ahlu ayol yo'q, olamni tavre fard va jarida o'tkardi” (“Boburnoma”).
“Chun o'rtading oni, base, kuydurma do'zaxda yano”. Bu – komil iymon, o'tli dil, mashaqqatli umr sohibining oshiqona va orifona duo-iltijosidir. Navoiy Alloh ishqini bejiz «jonso'z oh urmoq va jon topshurmoqdur» deb aytmaganlar. Hazrat Navoiy shunday ulug' xizmatlari, sermazmun umri, o'lmas asarlari, benazir yodgorliklari bilan yana shunday xoksorlik, tavozu' va zorilikda iltijo qilishi orifu oshiqlarga ham, zohidu obidlarga ham, qayoqqa qarab ketayotganini bilmayotgan idroksiz, sarkash, gumroh kimsalarga ham buyuk o'rnakdir.
Mirzo Kenjabek
(“Ma'rifat gulshani”).
Mirzo KYeNJABYeK
H. 1428, 20-muharram.
M. 2007. 7-fevral
Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.
Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.
21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.
Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).
Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi