Musulmonlarning qiblasi, hidoyat o'chog'i, erning markazi bo'lmish “Allohning bayti” haqida qanchalik ma'lumotga egasiz? Uni ma'nan ziyorat qilishni istaysizmi? Unda keling shu haqida qisqacha suhbat qilamiz! Allohning bayti, Qur'onda ikki marta “Ka'ba” degan nom bilan zikr qilingan. “Moida” surasi 95-97-oyatlarda. Ammo boshqa nomlar bilan ko'p marotaba zikr qilingan. masalan: "Al-bayt", “Baytul atiyq”, “Masjidul Harom”, “Baytul Harom”, “Avvalu bayt” va boshqalar.
Bilasizmi? Allohning bayti nega “Ka'ba” deb nomlangan? Unda bilib oling – “Ka'ba” deb nomlanishiga sabab, uning shakli “Kubik”ga o'xshash bo'lganligi uchun shunday nomlangan. Chunki arab tilida “Ka'ba” “Kub” degan ma'noni bildiradi. Ka'ba mo'minlarning ikkinchi va asosiy qiblasi bo'lib, birinchi qiblasi “Masjidul Aqso” bo'lgan. Musulmonlarga namoz farz bo'lganida dastlab 16 oy Masjidul Aqsoga qarab namoz o'qishgan. Keyin qibla Ka'baga qarash bilan o'zgargan. Ka'bani dastlab, Ibrohim alayhis salom, o'g'li Ismoil alayhis salom bilan birgalikda tog'dan tosh olib kelib qurishgan.
Ka'ba hozirga qadar necha marta buzilib, qayta qurilgan? Degan savolga tarixchilar har xil ma'lumotni aytadilar. Ba'zilar to'rt marta buzib, qayta qurilgan desalar, boshqalar 5 marta deganlar.
Tarixchilarning rivoyatiga ko'ra Ka'ba Odam alayhis salomdan to hozirga qadar 8 marta qurilgan
Ibrohim alayhis salom bilan Ismoil alayhis salomlar Ka'bani qurayotganida toshlarning oralariga loy qo'ymasdan, toshlarning o'zini ustma-ust qalab qo'yishgan edi. Zamonlar o'tib, sel kelishi oqibatida devorlari quladi.
Ka'baning rangi qora. Bitta eshigi bor. Uning hozirgi bo'yi 15 metr, xajarul asvaddan xatiymgacha 12m, 84sm. Hatiymning ichidan o'lchaganda 11m, 28sm uzunlikda. Hatiym devorining o'zining balandligi 1m, 32sm. hajarul asvad erdan 1m 50sm balandlikka o'rnatilgan. Hajarul asvadning uzunligi 30 sm cha miqdorda, kattaligi 17 sm cha keladi. Hajarul Asvadning atrofi oppoq kumush qoplama bilan o'rab qo'yilgan bo'lib, unga birinchi bo'lib, kumush bilan qoplagan kishi Abdulloh ibn Zubayr bo'ladi. “Multazam” deb hajarul asvad bilan Ka'baning eshigi oralig'idagi joyga nisbatan aytiladi va multazamning uzunligi 2 metr. Sulton Murod 4 Ka'baning eshigini 166 kg keladigan kumushdan yasagan edi. Hozirda esa Ka'baning eshigi 280 kg lik tillodan yasalgan. Yerdan 2m 22sm ko'tarilgan. Eshigining uzunligi 3m 18sm. Eni esa 1m 71sm. Buni Saudiy podshohlardan bo'lgan Holid ibn Abdulaziz Suriyalik hunarmandlarga yasattirgan.
Ka'ba xuddi kubikka o'xshash bo'lib, uning to'rt tomonidan to'rtta burchagi bor. Birinchisi “Ruknul Asvad”, ikkinchisi “Ruknush Shomiy”, uchunchisi “Ruknul Yamaniy”, to'rtinchisi “Ruknul Iroqiy” deb nomlanadi. Ka'ba po'shtni birinchi yopgan odam Ismoil (a.s) bo'lgan. Ka'baning eshigining kaliti Usmon ibn Talha (r.a)ning urug'ida bo'lib kelgan. Hozir ham shularning avlodlarida.
Ka'baning kisvasi (yopinchig'i) qora rangda bo'lib, eng oliy navli ipak tolalaridan to'qilgan. Yuqori qismida, zar bilan aylantirib, Allohning oyatlari yozilgan. Dastlab kisva Misrdan olib borilar edi. Sulton Murod 4 zamonidan boshlab Istanbuldan olib boriladigan bo'ldi. Usmoniy hukmdorlarning tanazzulidan keyin Madinaning o'zida kisva tayyorlanadigan bo'ldi.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
Katta o'qituvchisi
Rasuljon Toshpulatov
#xabar #muftiy
Bugun, 11 sentyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashdi.
Nutq qilgan muftiylar Turkiy davlatlar diniy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotganidan mamnun ekanini izhor etib, ushbu an’anaviy anjuman ahillik, inoqlik, do‘stlik, birdamlik, tahlikali zamonda tinchlik-osoyishtalik va totuvlikni ta’minlashga hissa qo‘shishdek mushtarak maqsadlarga xizmat qilayotganini e’tirof etishdi. Bunday ezgu ishlar va ummat birligiga Qur’oni karim va hadisi shariflarda ham chorlanganini dalillar bilan keltirishdi.
Global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirish bugungi kunda juda ham muhimligini ta’kidladilar. Fitnalar, buzg‘unchi g‘oyalar va axborot xurujlari avj olgan bir paytda g‘oyaviy tahdidlar qarshisida Turkiy dunyo xalqlari birdamlikda muammolarni bartaraf etishga yanada jiddu jahd qilish kerakligini aytib o‘tishdi.
Yig‘ilishda mazkur tuzilma huzuridagi Fatvo hay’ati tomonidan atroflicha muhokama qilinib, Kengashga ko‘rib chiqish va imzolanish uchun taqdim etilgan oila, nikoh, inson organlarini ko‘chirish, haj va umra, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli borasidagi beshta muhim fatvo imzolandi. Ushbu fatvolarning mazmun-mohiyatini kelgusida batafsil yoritish rejalashtirildi.
Kengash doirasida jamoaviy fatvolar chiqarilishi muhim tarixiy qadam bo‘lib, turkiy mamlakatlardagi diniy-ma’rifiy ishlar va fiqhiy masalalarni hal etishda yakdillik va hamkorlikni ta’minlaydi.
Turkiy davlatlar muftiylari hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan Islomda ummat birligi nomli Bayonot hamda iqlim o‘zgarishining oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal qilish to‘g‘risidagi Murojaatni ham qabul qilishdi.
Yig‘ilishda Turkiy davlatlar muftiylari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini muhtaram Prezidentimizning farmonlariga ko‘ra “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlanganlari munosabati ila samimiy qutladilar. O‘z navbatida Muftiy hazratlari qardosh davlatlar diniy idoralari rahbarlariga tashakkur aytdilar.
Shundan so‘ng Kengash yig‘ilishi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining dunyo musulmonlariga tinchlik-ofiyat so‘rash, turkiy xalqlar birdamligi yanada mustahkam bo‘lishi haqidagi xayrli duolari bilan yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati