Musulmonlarning tibbiyotga qo'shgan eng katta hissasi birinchi bo'lib shifoxonalar tashkil etganligidir. Qariyb 900 yil oldin musulmonlar diyorida kasalxona ochilgan.
Birinchi shifoxona xalifa Valid ibn Abdulmalik davrida faoliyat yuritgan. Bu shifoxona moxovlar uchun edi (Tabariy. “Tarixi umam val muluk”).
Oradan 900 yildan ko'p vaqt o'tgachgina Parijda birinchi Yevropa kasalxonasi ochildi. Islom o'lkalarida shifoxonalarning ba'zilari ko'chma, ba'zilari muqim faoliyat ko'rsatgan.
Shifoxonalar “bemoriston” deb nomlangan, ular meditsina universiteti vazifasini ham bajargan. Barcha shaharlarda shifoxonalar bor edi, ko'chma shifoxonalar chekka hududlarga xizmat ko'rsatgan. Ularni tuyalarga ortib yurishgan. Sulton Mahmud Saljuqiy (hijriy 511-525 yillarda) hukmronlik qilgan davrda qirqtalab tuyalar shifoxona asbob-uskunalari ortilgan yuklarni ko'tarib yurgan. Ko'chma shifoxonada bir nechta tajribali tabiblar ishlagan (Ibn Qaftiy. “Tarixi hukamo”).
Katta shaharlarda joylashgan shifoxonalar yuqori saviyada bo'lgan.
Mashhur shifoxonalar sirasiga Bag'doddagi “Azudiya” (hijriy 371 yil), Damashqdagi “Nuriy” (hijriy 549 yil), Qohiradagi “Mansuriy” shifoxonalarini (hijriy 683 yil) kiritish mumkin. Qurtuba (Kordoba) shahrining o'zida ularning soni ellikdan ortiq bo'lgan (Mahmud Hoj. “Musulmonlar tibbiyoti”).
Shifoxonalar turli bo'limlardan: jarrohlik, teri kasalliklari, ko'z kasalligi, suyak sinishi kabi bo'limlardan tashkil topgan. Tabib shogirdlari bilan kasallarni ko'rib, tashxis qo'ygan, talabalar bevosita davolash jarayonida ishtirok etgan.
So'ngra ustoz katta xonaqoda ularga ma'ruza o'qigan. Shifoxonalarda kutubxonalar mavjud bo'lib, tibbiyot adabiyotlari bilan birga, fiqh kitoblari ham bo'lgan. Qohirada joylashgan “Ibn Tulun” shifoxonasida 100.000 dona kitob bo'lgan ekan. Shifoxona atrofidagi katta ekin maydonida muolajalar uchun zarur giyohlar ekilgan.
Shifoxonalarda kasallik yuqishining oldini olish uchun tartib joriy qilingan. Kelgan bemorning kiyimi echilib, unga maxsus libos berilgan. Bemor o'ziga xos palatada davolangan, uning boshqa palatalarga kirishi ta'qiqlangan. Har bir kasalga alohida idish-tovoq, karovat, ko'rpa-to'shak berilgan. Bu hozirgi “Gigiyena qoidalari”ga aslida musulmon o'lkalarida asos solinganiga ishora.
Parijda birinchi ochilgan shifoxona musulmonlarnikidan tubdan farq qilgan. Kasallar dardi har xil bo'lsa-da, bitta palatada davolangan. Bir necha bemor bitta karovatda uxlagan. Hona shu darajada hidlanib ketar ekanki, tabib va hamshiralar xonaga burunlarini berkitib kirishgan. Bemor o'lib qolsa, bir kungacha xonada qolib ketar ekan hatto! (Mustafo Sabaiy. “Min ravon' hazoratina”).
“Azudiya” shifoxonasi hijriy 371 yil Bag'dodda Azududdavla ibn Buvayh tomonidan bunyod etilgan bo'lib, dastlab 24 nafar tabib xizmat ko'rsatgan. Keyinchalik ular soni ko'payib, katta kutubxona tashkil qilingan. Shifoxonada 24 soat davomida xizmat ko'rsatilgan.
Ibn Jubayr ajoyib bir holatni hikoya qiladi: u hijriy 580 yilda Bag'dodga qilgan safarida bog'-rog'lar bilan o'ralgan mahallaning markazida go'zal bir qasr bo'lib, kasallarga vaqf qilingandi. Bular kelib bemalol istiqomat qilar, qasrning barcha xarajatlari davlat xazinasidan va boylar vaqf qilgan sarmoyadan qoplanar ekan (Mustafo Sabaiy. “Min ravov' hazoratina”).
“Islom va Olam” kitobidan
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom ensiklopediyasi”ning dastlabki 1–3 jildlari taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Islom ensiklopediyasi bo‘limi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik Nurislom To‘xliyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov hamda Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri, falsafa fanlari doktori (PhD) Ma’murjon Erkayev ishtirok etdilar. Shuningdek, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va xodimlar tadbirda faol qatnashdilar.
Ensiklopediya – islomshunoslikda ulkan qadam
Tadbirni institutning Ilmiy ishlar va fan bo‘yicha prorektori S.Primov ochib berdi va so‘zni institut rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Uyg‘un G‘afurovga berdi. Rektor o‘z nutqida ensiklopediyaning islomshunoslikdagi ahamiyatini alohida ta’kidlab, uning uzoq umr ko‘ruvchi, kelajak avlod uchun ham manba bo‘lib qoladigan asarlardan biri ekanini bildirdi. Shuningdek, u sovet davridagi mashaqqatli sharoitda ham Qur’oni karim ma’nolar tarjimasi kabi buyuk ishlar amalga oshirilganini eslab o‘tdi.
Nurislom To‘xliyev: “Ensiklopediya – davlat rahbarining shaxsan nazaridagi ish”
Akademik Nurislom To‘xliyev nutqida ensiklopediyaning yaratilish tarixi va maqsadlariga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bu ish 20 jilddan iborat qilib rejalashtirilgan bo‘lib, davlat rahbarining shaxsan nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda.
N.To‘xliyev ensiklopediya maqolalarini tayyorlashda birlamchi manbalardan foydalanish, ilmiylik, xolislik va ommaboplik tamoyillari asos qilinayotganini qayd etdi. Ushbu asarning farqli jihati shundaki, uni keng jamoatchilik ham oson anglay oladi.
Ma’ruzachi turli misollar keltirdi:
Shuningdek, N.To‘xliyev ensiklopediya yaratish tajribasini xalqaro misollar bilan solishtirib, Turkiyadagi ISAM to‘plami 60 yil davomida 700 dan ziyod muallif ishtirokida tayyorlanganini va 44–45 jilddan iborat bo‘lganini qayd etdi.
Ensiklopediyada kimlar aks etadi?
Tadbirda ta’kidlanishicha, ensiklopediyaga:
Maqolalarda shaxslar hayoti bilan birga ularning asarlari, ilmiy merosi va ular haqidagi tadqiqotlar ham havola qilinadi. Bu esa ensiklopediyani nafaqat umumiy ma’lumot, balki ilmiy yo‘nalishda ham muhim manbaga aylantiradi.
Mehmonlar fikrlari
O‘MI raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov nutqida ensiklopediyaning yurtimizda ilm qayta tiklanayotganidan dalolat berishini ta’kidladi. U Samarqanddagi Chokardiza qabristoni haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirib, unda 1 mln 240 ming ulamo dafn etilgani, ularning 400 mingdan ortig‘i Muhammad ismi bilan tanilganini qayd etdi.
Ma’murjon Erkayev esa ensiklopediyaning ilmiy va ommabop yo‘nalishda bo‘lishi lozimligini aytib, bu asarning har bir atama va misollar bilan boyitilishi muhimligini qayd etdi.
Ensiklopediyaning ahamiyati
Nurislom To‘xliyev ensiklopediyaning ahamiyatini quyidagicha ifoda etdi:
Tadbir yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ensiklopediya maqolalarining OAK talablariga mosligi, elektron shakli va Vikipediya kabi ochiq platformalardagi rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.
Institut rahbariyati tadbir mehmonlariga minnatdorlik bildirib, tashakurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Manba: https://oliymahad.uz/45368