Ortiqcha so'zdan na dunyoviy va na uxroviy foyda yo'q. Inson maqsadini bir so'z bilan ifodalasa, uning ortidan yana boshqa ikkinchi gap ortiqcha bo'lib, uning zarariga hujjat bo'lish ehtimoli ko'p.
Muhammad ibn Yazid ibn Honis Makkiydan rivoyat qilinadi: Sufyon Savriy betob bo'lganida ko'rgani bordik, uning huzuriga Sa'id ibn Hasson Maxzumiy ham kirdi. Shunda Sufyon Savriy unga: “Kecha menga Ummu Solihdan rivoyat qilib aytgan hadisingni yana qaytarib aytib ber”, dedi. U: “Ummu Solih bintu Solih Sofiyya bintu Shaybadan u Ummu Habibadan rivoyat qiladi: Rosululloh sollohu a'layhi vasallam: “Yaxshilikka buyurgani yoki yomonlikdan qaytargani yoki Alloh Azza va Jallani zikr qilganidan boshqa Odam bolasining barcha aytgan so'zi uning zararigadir, foydasiga emasdir” dedilar. Shunda Muhammad ibn Yazid: Bu hadis naqadar ham og'ir-a! dedi.
Shunda Sufyon Savriy unga: bu hadisning og'irligi nima? Uni bir ayol ikkinchisidan rivoyat qilyapti, bu Payg'ambaringiz sollollohu a'layhi vasallamni u bilan yuborgan Alloh Azza va Jallaning kalomida ham bor.
Alloh taolo marhamat qiladi: “ Ularning ko'p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo'qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o'rtasini isloh qilishga buyurgan bo'lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz[1]” (Niso surasi 114-oyat). Ushbu oyat ham hadisning ayni o'zidir.
Alloh azza va jalla: “Ruh (Jabroil) va (barcha) farishtalar saf tortib turadigan kunda (odamlar) gapirmaslar, faqat Rahmon (mehribon zot) izn bergan kishigina (so'zlar) va (faqat) rost so'zlar”[2]degan (Naba surasi 38-oyat). Ushbu oyat ham hadisning ayni o'zidir.
Yana bir oyati karimada: “Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo'lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo'lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar”[3]degan (Asr surasi 1-3-oyatlar). Ushbu oyatning ham hadisning ayni o'zidir, dedi[4].
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Alloh Azza va Jallaning zikridan boshqa so'zni ko'paytirmang. Chunki Alloh Azza va Jallaning zikridan boshqa gapni ko'paytirish, qalbning qattiqligidir. Albatta, insonlarning eng Allohdan uzoqrog'i qalbi qattiqlardir”[5]dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shu bois Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu: “Sizlarni ortiqcha so'zlaringizdan ogohlantiraman, u bilan ehtiyojiga etadigan so'z kishiga kifoya, deganlar. Mujohid rahmatullohi alayhi esa: “Har bir so'z, albatta, kotib farishtalar tamonidan yozib boriladi, Hattoki kishi bolasini tinchlantirish uchun yolg'ondan senga falon, falon narsalarni olib beraman deydi va u yolg'onchi deb yozib qo'yiladi[6], deganlar. Shunday ekan tilimizni doimo ortiqcha so'zdan tiyishimiz lozim, zero Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ortiqcha molini nafaqa qilib, ortiqcha so'zini ushlab qolgan kishiga jannat bo'lsin[7] deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Abdulahad Sobirov,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
“Tahfizul-Qur'on” kafedrasi o'qituvchisi
[1] Niso surasi 114-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[2] Naba surasi 38-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[3] Asr surasi 1-3-oyatlar.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[4] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4954- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i'lmiyya.
[5] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4951- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i'lmiyya.
[6] Vahid Abdussalom Boliy, Hifzullisan 8-bet. 1990-yil Makka-i mukarrama. Matobi'ussofa.
[7] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4944- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i'lmiyya.
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar