Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

Rasulullohga muhabbatli bo'lgan Rufay ibn Mihron

22.01.2021   2036   4 min.
Rasulullohga muhabbatli bo'lgan Rufay ibn Mihron

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi aytadi: “Ne'matlar uchun Allohga hamd aytgan va qilgan gunohi uchun istig'for so'ragan banda halok bo'lmaydi”.

Mashhur tobein mufassir va muhaddis hamda go'zal qiroat sohiblaridan biri Abul Oliya Rufay ibn Mihron Riyohiy Basriy Basra (hozirgi Iroqdagi yirik shaharlardan biri)da dunyoga keldi. Shu erda o'sib-ulg'aydi va voyaga etdi. Yoshligidan ilmu irfonga cheksiz muhabbat qo'ydi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida yosh bo'lgan. Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu davrlarida Islomga kirgan. Biroq tobein Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko'risha olmagani uchun bir umr afsusda o'tdi. Shu bois, u Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bilan ko'proq birga bo'lishga intilardi. Ularni juda hurmat qilar, sahobalar ham uni yaxshi ko'rar edilar. Bir kuni Anas roziyallohu anhu qo'lidagi olmani Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhiga berganida: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo'llarini ushlagan qo'l tekkan olma”, deb olmani o'pa ketdi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Hazrat Ali, Ibn Mas'ud, Abdulloh ibn Abbos, Ibn Umar, Ubay ibn Ka'b, Abu Ayyub Ansoriy, Abu Hurayra, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum kabi sahobalardan dars oldi, ulardan hadis tingladi. Chunonchi, u quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga hech kimdan hech narsa so'ramaslikka kafolat bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining bilimdoni edi. Abu Bakr ibn Dovud: “Qur'onni eng yaxshi biladiganlar orasida sahobalardan keyin Abul Oliyadan o'tadigani yo'q”, deb ta'riflaydi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini biror biladigan kishi borligini bilsa, masofa qancha uzoq yoki borish qiyin bo'lmasin, albatta tuyasini minib yo'lga tushardi. Hadis o'rganishdan avval roviyning namoz o'qishini kuzatardi. Agar namozini to'la-to'kis ado etsa, u kishini ustoz tutib, rivoyatlarini yozib olardi, ammo namoz arkonlarini joyiga keltirib ado etmasa: “Namozga beparvo bo'lgan odam boshqa ibodatlarga bundanda beparvo bo'ladi”, deb qaytib ketardi.

Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi talabalarga dars berardi. Ularga: “Bilmagan narsangizni so'rab o'rganing. Chunki uyatchang va mutakabbir ilm egalla olmaydi. Uyatchang so'rashdan uyalib so'ray olmasa, mutakabbir kibru havosi sabab so'ramaydi”, der edi.

Shuningdek, tobein shogirdlariga Qur'on yodlashning qulay yo'lini tushuntirib: “Qur'onni besh oyatdan yodlanglar. Shunda osonroq yodlab, yaxshiroq tushunasizlar”, degan.

Rivoyatlarga ko'ra, Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayh Movarounnahr o'lkasida birinchilardan bo'lib azon aytgan shaxs hisoblanadi. Rufay ibn Mihron rahmatullohi alayhi huzuriga kelgan mehmonlarini samimiy kutib olar va: «Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: Sizlarga salom (salomatlik)!» (An'om surasi, 54-oyat) oyatini tilovat qilardi.

Buyuk tobein milodiy sananing 712 yili vafot etdi. Alloh taolo u zotdan rozi bo'lsin.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

EZGULIKKA INTILIB...

04.03.2026   2714   8 min.
EZGULIKKA INTILIB...

                  Nok tusagan ko‘ngil

    Otasi tongga yaqin ko‘zini ochdi. Xayriyat, yaxshi tomonga o‘zgarish. Uch  kundirki, farzandlar yig‘ilgan, hech kimning tinchi yo‘q, padari buzrukvori o‘lim bilan olishmoqda.  Qarilik davosi yo‘q kasallik, agar qo‘shimcha dard  bezovta qilsa, bunisi ortiqcha. “Ana uziladi, mana uziladi” deb aka-uka, opa-singillar  kecha-kunduz “navbatchi”.  Xudoning rahmi keldi shekilli, otasi bugun sal o‘nglandi. Qarshiboy aka u kishining ahvoli-ruhiyasiga qarab, kayfiyati ko‘tarildi.

    – Bolam, beri kel, – otasi tovushi chiqar-chiqmas ohangda o‘g‘lini yoniga chaqirdi. –Nok yegim keldi, ili­kuzildi payt, bilmadim, bozorda bormi-yo‘qmi...

     –Topsa bo‘ladi, ota, nok o‘zimizda  yetishtiriladi, chetdan keltirilmaydi-ku?!

     Balki ko‘ngli tusayotgan mevani yesa, otasi oyoqqa turib ketar, Allohning mo‘jizalari ko‘p. Axir, qon bosimi ko‘tarilib, me’yorlashsa, qanchadan-qancha odamlar yashab ketadi-ku.  

     Qarshiboy  aka  avval Jarqo‘rg‘on bozoriga tushdi. Rastada nok ko‘rmadi, anqoning urug‘i, meva sotayotganlardan so‘radi, yelka qisishdi. Balki Qumqo‘rg‘on bozoridan topsa bo‘lar.

     – Niyatim  xolis ekan. Otam  rahmatlining istagini bajo aylash uchun  narxi qimmat bqlsa ham ikki kilo nok xarid qildim, – deb eslaydi  Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi otaxon Qarshiboy Jangirov. – Xuddi xazina topgan kishidek uyga halloslab qayt­dim. Otamning ikki ko‘zi  shift uzra qadalgan, yuz-ko‘zida so‘lg‘inlik, hayot nishonasini jonlantirish uchun  nokdan bir donasini yuvib, qo‘liga tutdim. Yuziga tabassum yoyildi: “Topib kelibsan, bolam, umringdan baraka top. Odam u dunyoga ketar oldidan nimanidir ko‘ngli tusar ekan-da. Alloh sendan rozi bo‘lsin!”. Mening ko‘zimga  yosh keldi. Sira xayolimdan ketmaydi. Otam nokni qo‘liga olib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Po‘stlog‘i sarg‘ish-qizg‘ish meva “meni ye” degandek   yal-yal yonardi. Bemor otam kuch to‘pladi-da, mevadan bir tishladi, uning sharbati dahani uzra oqib tushdi, oxirigacha amallab tanovvul qildi. Yengil tortdim va nokdan  yana bir donasini  uzatdim. Ammo u kishi  boshini chayqadi. Kechga yaqin  otamning joni uzildi... Bir dona nok ekan, u kishining armoni, ezilib-ezilib, to‘kilib-to‘kilib yig‘ladim. So‘nggi manzilga  ketar chog‘da otamning duosini olib qolganim menga taskin beradi.

             Dilda armon bo‘lmasin, agar afsus-nadomat o‘rtasa, har bandaki, o‘z hayotidan  ko‘ngli to‘lmay yashaydi. Alloh taoloning roziligi birinchi o‘rinda tursa, ota-ona duosini olish, ularni hayotlik chog‘ida  siylash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish har bir insonni  baxtu saodat manziliga yetkazadi, bu bor gap, azaliy haqiqat.

 

              “Hech kimdan kam bo‘lmasin!” debmanu...   

      

        1990-95 yillar edi, yanglishmasam, hozirgidek ijtimoiy tarmoqlar jamiyat  hayotini ishg‘ol etmagan, odamlar televizor ko‘rib, radio eshitadigan zamonlar. O‘zbekiston televideniyesi orqali “Toychoq” videospektakli namoyish etildi. Bosh rollarni  el nazariga tushgan  Lutfulla  va Gulchehra  Sa’dullayeva, Fathulla Ma’sudov kabi aktyorlar  o‘ynashgan. Teleasar g‘oyasi, syujeti  farzand tarbiyasida  qattiq yanglishgan  ota-onaning afsus-nadomatiga bag‘ishlangan.  Bolaning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish, unga haddan ziyod mehribonlik ko‘rsatish, qiynalmasligi uchun ota-onaning o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishi  ko‘p hollarda tanazzulga olib kelishi  “Toychoq”   videospektakli mazmuniga  chuqur singdirilgan. Ehtimol, qadamini noto‘g‘ri tashlab, barmog‘ini tishlab o‘tirgan zamondoshlarimiz  spektaklda o‘z qiyofasini ko‘rishgandir. Farzand tarbiyasida xatolikka yo‘l qo‘yganini anglab, endi ularni  “qayirib” ololmayotganlar oramizda  yo‘q deysizmi?

              –Turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy mojarolarimiz juda kuchayib ketdi, pichoq borib suyakka qadaldiyu, ajrashdik,– deydi Toshkent shahrida yashovchi  beva  ayol. –Ikki  qiz, ikki o‘g‘limni birovdan kam qilmay, qornini to‘q qilib, egniga brend darajasiga chiqqan  qimmat kiyim-kechak ilibman. Otasi yo‘q, ko‘ngli o‘ksimasin, tengqurlari oldida  mulzam bo‘lmasin, deb topganimni ularning og‘ziga tiqibman, afsuski, ularni boriga shukr, yo‘g‘iga  qanoat  qilishga  o‘rgatmabman.  Kunda yegan och, oyda yegan to‘q bo‘larkan, ro‘zg‘orda nimadir uzilish bo‘lib qolsa, endi dodlab yuborishadi.  Endi to‘rtovlonni  yo‘lga sololmayapman, nafaqat  menga, hattoki, ular  bir-biriga  sapchiydi. Ro‘zg‘or ishlari sansalor, tun yarmiga qadar telefon titkilash...Xullas, taqdir meni  ne ko‘ylarga solmadi...

             Tanish ayol  yig‘lamsirab  so‘zlaydi. Unga  qanday taskin-tasalli berishni bilmaysan, kishi. Bu yuqorida zikr etilgan “Toychoq” videospektakli  mazmuniga  mos voqelik. Ota-onani rozi qilish  savob ekanligini bilamizu, ba’zida  teskari holatning ro‘y berishiga  ularning o‘zlari ham sababchi bo‘lib qolishi haqida o‘ylab ko‘ravermaymiz. Qariyalar  uyida istiqomat qilayotgan  nuroniylar hayotini  tahlil qilsangiz, bunga  aynan ularning o‘zlari shart-sharoit yaratganini tan armon bilan tan olishadi. Xom sut emgan bandalar g‘isht qolipdan ko‘chgan paytdagina pushaymon chekadilar. Bunday xatolikdan Allohning O‘zi qaytarsin, O‘zi asrasin!

 

                Islom  dinidagi  ezgu g‘oya

 

      Muqaddas islom dini ota-onaga itoatda bo‘lish, izzat-hurmat ko‘rsatish va ularning roziligini olishni targ‘ib qiladi. Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida “Va Allohga ibodat qiling, Unga hech narsani sherik keltirmang va ota-onangizga yaxshilik qiling”, deya marhamat qilinadi.

         Darhaqiqat, muqaddas islom dini oilaning har bir a’zosi uchun u loyiq bo‘lgan maqom va darajani belgilab bergan. Oilada eng qadrlanishi lozim bo‘lgan zot bu ota-onadir. Insonning dunyoga kelishi Alloh taoloning g‘aybi va  marhamati bo‘lsa, ota-ona zohiriy sababchi ekanligi barchaga ayon. Chortoq tumanidagi “Sulton Said” jome  masjidi imom-xatibi Lutfulloh  Davlatovning  mulohazasini keltirib o‘tamiz:    

           –Har bandaning ota-onasiga yaxshilik qilishi ezgulikdan nishona. Bu hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo‘yin tovlamaslik bilan o‘lchanadi. Donishmandlardan biri «Ota-onaga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Farzligi Seni oxiratda Aloh rizosi va Jannatga kirishingga sabab bo‘lsa, qarzligi senga farzandlaringdan qaytishidir» degan ekan.

         Rosululloh sollallohu alayhi vasallam matni uzun bir hadisning oxirida aytganlar: «Meni haq bilan payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasam. Kimga Alloh taolo mol ato etsa, bu molidan u ota-onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo‘ladi». Bir kishi: «Yo Rosulalloh, agar ota-onasi dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ularning nomidan sadaqa qiladi, Qur’on o‘qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oqq bo‘ladi. Kim ularga oqq bo‘lsa osiy bo‘libdi», deb javob berdilar. Ulamolardan biri: «Ota-onang senga malol kelishidan xavfsirab, senga xushomad qilib muloyimroq so‘zlashayotgan bo‘lishsa bilginki, sen ularga oq bo‘lishni boshlabsan», degan ekan.

             Ota-onaga yaxshilik qilish buyuk Alloh taolo tarafidan amr-farmon bo‘lishiga qaramay, bu boradagi holatimiz juda achinarli. Ba’zilar dunyo tashvishlari yoki farzandlari bilan ovora bo‘lib, ota-onasidan ko‘ngil so‘rashga, xizmatlarini qilib, bebaho duolarini olishga befarq, ertaga, indinga deb, ular bilan diydorlashuvni  orqaga suradilar. Bilib olishimiz lozim bo‘lgan bir haqiqat borki, dunyoviy  ishlarimiz ko‘p, cheki-chegarasi yo‘q, lekin ota ham, ona ham bir dona. Ishni, shaxsiy tashvishlarni bir oz keyinga sursak bo‘ladi, lekin ota-onaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda kechiqmaslik  eng katta savob, chunki ular g‘animat, bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin. 

          Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu so‘zlarni eshitdim: «Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin!». «Kim u, yo Rosulalloh», deb so‘rashdi. «Kim ota-onasining birini yoki ikkalasini qarilik chog‘ida topib, ularga yaxshilik qilib jannatiy bo‘lib olmagan bo‘lsa», dedilar. Qarangki, payg‘ambarimiz yashab o‘tgan damlarda ham ota-ona haqqi, hurmati  baland tutilgan. Demak, ota-onalarimizni hayotlik chog‘ida g‘animat bilib, xizmatini qilsak, duosini olsak, vafotidan keyin tilovatimiz va savob amallarimiz bilan doimo yod etib tursak, ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoolloh!

          

Hulkar TO‘YMANOVA,

 O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

I darajali  “Mehnat faxriysi”,


"Hurriyat" gazetasining 9-sonida chop etilgan. 

 

 

O'zbekiston yangiliklari