Habar berganimizdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo'lib turibdilar. Mehmonlarga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir Elov va Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov hamroxlik qilmoqda.
Muftiy hazratlari tashrif asnosida "Dilkusho" jome masjidida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdilar. Jumladan, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari olib borilayotgan qurilish yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirib, mazkur ko'rkam inshoot milliy-tarixiy va zamonaviy arxitektura tajribasi uyg'unlashtirilgan holda bunyod etilayotganini ta'kidladilar.
Muftiy hazratlari me'morlar bilan birma-bir suhbatlashib, ushbu yangi inshootda boshqa masjidlarda uchramaydigan ikki xususiyat – masjid gumbazining o'ziga xos, noan'anaviy uslubda barpo etilgani hamda masjid devorlarida noyob va jozibali qurilish ashyolari bilan bitilgan, hozirgi zamon masjidsozligi tajribasida deyarli uchramaydigan nodir nasta'liq xatidagi go'zal husnixat namunalari borligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Masjidda go'zal did bilan barpo etilgan 30 kishilik zamonaviy va shinam kutubxona ham tashrif buyurgan mehmonlarni o'ziga rom etdi.
Tashrif yakunida Muftiy hazratlari ushbu masjid qurilishida xizmat qilayotgan me'morlarni alohida huzurlariga chaqirib, ularga chin dildan tashakkurlar bildirganlari masjid ahli uchun ham xursandchilik, ham kamtarona odob namunasi bo'ldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra va Abu Said Xudriy roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Mo‘minga biror kasallikmi, kulfatmi, g‘ammi, tashvishmi, xafalikmi yetsa, hatto tikan kirib og‘ritsa ham, albatta, Alloh xatolariga kafforot qiladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).