Habar berganimizdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov xizmat safari bilan Buxoro viloyatida bo'lib turibdilar. Mehmonlarga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir Elov va Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov hamroxlik qilmoqda.
Tashrifdan mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohadagi amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga etkazish, afv etilgan, mehr operatsiyalari natijasida yurtimizga olib kelingan fuqarolar, imom-xatib, o'qituvchi va murabbiylar, xususan talaba yoshlar bilan muloqotlar o'tkazish ko'zlangan.
Mehmonlar dastlab Mir Arab oliy madrasasining yangi binosidagi qurilish-montaj ishlari va amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdilar. Bu borada Muftiy hazratlari o'z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar, qurilish ishlarini zamon talabiga mos holda, sifatli bajarish lozimligini ta'kidlab, unga hissa qo'shayotganlar haqiga xayrli duolar qildilar.
Shundan so'ng Bahouddin Naqshband ziyoratgohi majlislar zalida Mir Arab oliy madrasasi talabalari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatnomasi mazmun-mohiyati, jumladan, unda bayon etilgan diniy-ma'rifiy sohaga, ta'lim-tarbiyaga oid ustuvor yo'nalishlar muhokama qilindi.
Anjumanda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e'tibor, xususan, joriy yilga “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berilgani zamirida yoshlarni har jihatdan qo'llab-quvvatlash g'oyasi mujassam ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar, O'zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari haqida ham so'z yuritildi.
Yig'ilish so'ngida talabalar mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirish bilan birga, o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Tashrif tafsilotlarini saytimiz va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz orqali kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Odamning o‘zini sevishi aslida tabiiy tuyg‘u bo‘lib, bu alal-oqibat kishini o‘ziga maftunlik va o‘zidan rozi bo‘lishga eltadi. O‘zini yaxshi ko‘rishdan esa Allohning boshqa bandalariga nisbatan kibrlanish, manmanlik qilish va o‘ziga bino qo‘yish kabi sifatlar kelib chiqadi. Oqibatda bu banda odamlarga yuqoridan turib, past nazar bilan qaray boshlaydi. Hech kim bilan hisoblashmaydi. Boshqalarning haq-huquqini poymol qiladi. Ularga hurmatsizlik ko‘rsatadi. Kelishuvlarni bajarmaydi. Va’daga vafo qilmaydi. Umuman olganda, odamlar bilan adolatsiz muomalada bo‘ladi.
Kibr shaytonni halok qildi
Shayton kibr-havosi va o‘zini qattiq yaxshi ko‘rgani tufayli haydaldi. Shayton o‘zini “Men Odam alayhissalomdan yaxshiman, olovdan yaralganman”, deya g‘ururlandi. Agar din olimlari va solih kishilarga nisbatan shunga o‘xshash munosabat qilinadigan bo‘lsa, aslida bu o‘sha insonning o‘zini o‘zi xor qilganligi va Allohning rahmatidan mahrum etilganligi alomatidir. Bunday kishi odamlarning yaxshiligidan mahrum bo‘ladi, bu esa “Uni hech kim qo‘llab quvvatlamaydi, unga birov yordam qo‘lini cho‘zmaydi”, deganidir. Bu kabi odamlar odatda “Bizda ilmiga amal qiladigan biror bir taqvoli olim qolmadi”, deydilar. Bunday baho berishlarining haqiqiy sababi shundaki, ular hammani o‘zlarining fe’l-xo‘ylaridan kelib chiqib baholaydilar.
Kim aytgan bo‘lsa ham to‘g‘ri aytgan ekan: “O‘zi noqis bo‘lgan kimsagina birodarlarini noqislikda ayblaydi!”.
Kibrni davolash
Kibr — mag‘rurlik kishining o‘zini haddan tashqari sevishi (ujb)dan boshlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonning qalbidagi kibrni eslatar ekan, uni davolovchi dori-darmonni ham ma’lum qiladi. Ya’ni insonning zaif va kuchsiz ekanligini har doim o‘ziga eslatib turish uni o‘zini-o‘zi yaxshi ko‘rib qolish kasalidan qutqaruvchi eng ta’sirchan doridir.
Alloh Qur’oni Karimda marhamat qiladi: “Yer yuzida kibr-havo[1] bilan yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) hargiz yerni teshib (uning tubiga) ketolmaysan va bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan” (Al-Isro surasi, 37-oyat).
Ushbu oyat insonning kibr-havo bilan yurishini ta’qiqlamoqda. “Yerni teshib ketolmaysan” so‘zida “inson o‘z kuchi bilan yerni bo‘laklarga bo‘lib tashlay olmaydi”, degan ma’no bor. “Bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan” kalomida esa kibru havoga berilgan insonga istehzo qilinadi. Shuning uchun ham manmanlik bu – mutlaqo axmoqlikdir.
Inson kibr-havosi, manmanligi bilan hech qachon yaxshi ish qila olmaydi. Axir kibr Alloh o‘z Kitobida ta’qiq etgan o‘nta sifatdan biridir. Unda kekkayib yurish kibrdan kelib chiqishi aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi muboraklari ham ogoh etadilar: “Kimki o‘zini mag‘rur tutsa, ko‘nglida kibr paydo etsa va kekkayib yursa, qiyomat kunida Allohning g‘azabiga duch keladi” (Ibn Umardan rivoyat qilingan, Imom Ahmad rivoyati, “Musnad”).
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Kekkayish.