Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Fevral, 2026   |   25 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:21
Peshin
12:42
Asr
16:12
Shom
17:58
Xufton
19:11
Bismillah
13 Fevral, 2026, 25 Sha`bon, 1447

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: Beshinchi mu'man bihning sharhi (O'ttiz uchinchi mavzu)

18.01.2021   2152   6 min.
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: Beshinchi mu'man bihning sharhi (O'ttiz uchinchi mavzu)

OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...

*   *   *

ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari

*   *   *

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI

*   *   *

IYMON-E_''TIQOD  KITOBI

*   *   *

NAZM

Beshinchi mu'man bihning sharhi

 

Yana oxir kunining iymoni,

Budur, aytay, eshitingiz oni.

Burnog'i manzil anda go'rdurur,

Go'r elidin Hudoy so'rdurur.

Ul so'riqchi ikki farishtadur,

Kim, burun bo'ldi otlari mazkur.

Der, Hudoying, payg'ambaring kimdur?

Diningu rohu rahbaring kimdur?

Gar javobini basavob degay,

Na alam ko'rgayu na g'ussa egay.

Qabrini keng Hudoy qilg'ay anga,

Ravzan uchmoq sari ochilg'ay anga.

Kecha-kunduz anga ayon bo'lg'ay –

Kim, eri ravzada qayon bo'lg'ay.

 

Gar javobini yaxshi aytmasa,

Tengri aning sarig'a qaytmasa,

Boshig'a ohanin chumoq egay,

Rohatu ayshi al-firoq, degay.

Unini topqonida gurz asari,

Eshitur g'ayri odamiy-pariy.

Gar pariyu bashar eshitkaylar,

G'ussadin  jonlarin  eritkaylar.

Qabr ul nav' zo'r ila siqqay,

Bir-biriga so'ngaklarin tiqqay.

Ravzan o'lg'ay anga saqar sarig'a,

Yuz tuman ranju sharar sarig'a.

Yerini do'zax ichra ko'rgay ul,

Gah o'tu gah yax ichra ko'rgay ul.

 

 

NASRIY BAYoN

 

Iymon keltirish shart bo'lgan beshinchi narsaning sharhi

(Iymonning beshinchi sharti)

 

Yana oxirat kuniga ishonmoq shartdir, men aytayin, siz buni eshit(ib eslab qol)ing.

Oxiratning  birinchi  manzili  qabrdir.  Qabr  ahlini Alloh ta'olo (ikki farishta orqali) so'roq qildiradi. So'raydigan u zotlar esa ikki farishtadirki, oldinroq nomlari (Munkar va Nakir deb) zikr qilindi.

 

Ular: “Rabbing kim? Payg'ambaring kim? Dining qaysi?  Yo'ling qaysi va rahbaring kim? (Qiblang qayer?)” deb so'raydilar.  Agar  kishi  javobini  to'g'ri  ayta  olsa,  u  na  alam-azob ko'radi, na g'am-g'ussa chekadi.

 

Alloh qabrini unga (ko'zi etadigan joygacha) keng qilib qo'yadi va jannat sari (jannatdagi manzilini ko'rib turishi uchun) unga qabrdan bir darcha ochib qo'yiladi. Har kecha-kunduz  unga  jannatdagi  joyi  qayerda  ekanligi  ayon  bo'lib turadi.

 

Agar  (qabrdagi odam ikki farishta so'rog'iga) javobini  yaxshi  ayta  olmasa,  Alloh  u  tomonga  qaytmasa, ya'ni  undan  yuz  o'girsa,  u  boshiga  temir  gurzidan  zarbalar  eydi. Rahmati va yaxshi hayoti unga al-firoq (al-vido) deydi.  (Chumoq  – olti qirrali temir gurzi. – “G'iyos ul-lug'ot”)

 

Gurzi asari etib, u dodu faryod qilganida, uning fig'onu nolasini odamzod va jin qavmidan boshqa barcha mavjudotu maxluqot eshitadi. Agar uni jin qavmi va odamzod qavmi eshitsa edi, g'ussadan (qayg'udan) jonlari erib ketar edi.

 

Qabr uni kuch bilan shu qadar qattiq qisadiki, har qisganida suyaklarini bir-biriga kiritib yuboradi. Unga do'zaxdagi joyi tomon, yuz ming azob va olov-alanga tomon bir darcha ochib qo'yiladi. U  do'zax  ichidagi  o'z  joyini  goh  olov,  goh  muz  ichida  ko'rib turadi.

 

Nasriy bayon va sharh muallifi:

Mirzo KYeNJABYeK

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ramazonga tayyormisiz?

13.02.2026   1082   2 min.
Ramazonga tayyormisiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sanoqli kunlardan so‘ng Ramazon oyi kirib keladi. Siz bu oyga tayyormisiz? Yoki bu oyga qanday tayyorgarlik ko‘rishni bilmayapsizmi? Buning uchun avvalo, Allohdan ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazishini hamda Ramazon ro‘zasini tutishga musharraf etishini so‘rab duo qiling.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Rajab oyi kelsa, Allohga “Yo Alloh, bizga Rajab va Sha’bon oylarini xayrli qilgin va Ramazonga yetkazgin”, deb duo qilar edilar. Shuningdek, sahobiylar ham muborak Ramazon oyi kelmasidan oldin “Alloh bizni ramazonga yetkaz”, deb duo qilishga odatlanganlar.


Ikkinchisi, qalbingizni poklang. Buning uchun qalbingizdagi gina-adovatlarni chiqarib tashlang, kim bilan arazlashgan bo‘lsangiz, ulardan kechirim so‘rang. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan: “Sizlar Ramazon oyini qanday kutib olardingiz?” deb so‘rashdi. U zot: “Biz ramazon oyini musulmon birodariga nisbatan qalbida zarracha adovat va kek saqlamagan holda kutib olar edik”, dedilar.


Uchinchisi, Ramazon oyi kelayotganidan xursand bo‘ling. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kelsa, baxtiyor va xursand bo‘lib ketar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Ramazon oyi keldi. Ramazon oyi Alloh ro‘za tutishni farz qilgan rahmat oyidir. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitiladi”, der edilar.


To‘rtinchisi, Ramazon oyining har bir kunining rejasini tuzing. Ramazon – g‘animat oydir. Uning har bir soniyasidan unumli foydalanish lozim. Alloh taolo Ramazon oyining har bir kunini bandalar savoblarini ko‘paytirib olishlari boshqa kunlardan ko‘ra afzal qilgan.


Beshinchisi, Ramazon ro‘zasini tutishga xolis niyat qiling. “Charchab qolaman”, “Qiynalaman” kabi turli bahonalar bilan dangasalik qilmang! Agar ro‘za tutishni xolis Alloh uchun ado etishni niyat qilsangiz, Allohning o‘zi yengillik, baraka ato etadi.

Alloh taolo Ramazon oyiga sog‘-salomat yetkazib, bu oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin!

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar