Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Fevral, 2026   |   26 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:20
Peshin
12:42
Asr
16:13
Shom
17:59
Xufton
19:12
Bismillah
14 Fevral, 2026, 26 Sha`bon, 1447

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: Beshinchi mu'man bihning sharhi (O'ttiz uchinchi mavzu)

18.01.2021   2166   6 min.
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: Beshinchi mu'man bihning sharhi (O'ttiz uchinchi mavzu)

OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...

*   *   *

ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari

*   *   *

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI

*   *   *

IYMON-E_''TIQOD  KITOBI

*   *   *

NAZM

Beshinchi mu'man bihning sharhi

 

Yana oxir kunining iymoni,

Budur, aytay, eshitingiz oni.

Burnog'i manzil anda go'rdurur,

Go'r elidin Hudoy so'rdurur.

Ul so'riqchi ikki farishtadur,

Kim, burun bo'ldi otlari mazkur.

Der, Hudoying, payg'ambaring kimdur?

Diningu rohu rahbaring kimdur?

Gar javobini basavob degay,

Na alam ko'rgayu na g'ussa egay.

Qabrini keng Hudoy qilg'ay anga,

Ravzan uchmoq sari ochilg'ay anga.

Kecha-kunduz anga ayon bo'lg'ay –

Kim, eri ravzada qayon bo'lg'ay.

 

Gar javobini yaxshi aytmasa,

Tengri aning sarig'a qaytmasa,

Boshig'a ohanin chumoq egay,

Rohatu ayshi al-firoq, degay.

Unini topqonida gurz asari,

Eshitur g'ayri odamiy-pariy.

Gar pariyu bashar eshitkaylar,

G'ussadin  jonlarin  eritkaylar.

Qabr ul nav' zo'r ila siqqay,

Bir-biriga so'ngaklarin tiqqay.

Ravzan o'lg'ay anga saqar sarig'a,

Yuz tuman ranju sharar sarig'a.

Yerini do'zax ichra ko'rgay ul,

Gah o'tu gah yax ichra ko'rgay ul.

 

 

NASRIY BAYoN

 

Iymon keltirish shart bo'lgan beshinchi narsaning sharhi

(Iymonning beshinchi sharti)

 

Yana oxirat kuniga ishonmoq shartdir, men aytayin, siz buni eshit(ib eslab qol)ing.

Oxiratning  birinchi  manzili  qabrdir.  Qabr  ahlini Alloh ta'olo (ikki farishta orqali) so'roq qildiradi. So'raydigan u zotlar esa ikki farishtadirki, oldinroq nomlari (Munkar va Nakir deb) zikr qilindi.

 

Ular: “Rabbing kim? Payg'ambaring kim? Dining qaysi?  Yo'ling qaysi va rahbaring kim? (Qiblang qayer?)” deb so'raydilar.  Agar  kishi  javobini  to'g'ri  ayta  olsa,  u  na  alam-azob ko'radi, na g'am-g'ussa chekadi.

 

Alloh qabrini unga (ko'zi etadigan joygacha) keng qilib qo'yadi va jannat sari (jannatdagi manzilini ko'rib turishi uchun) unga qabrdan bir darcha ochib qo'yiladi. Har kecha-kunduz  unga  jannatdagi  joyi  qayerda  ekanligi  ayon  bo'lib turadi.

 

Agar  (qabrdagi odam ikki farishta so'rog'iga) javobini  yaxshi  ayta  olmasa,  Alloh  u  tomonga  qaytmasa, ya'ni  undan  yuz  o'girsa,  u  boshiga  temir  gurzidan  zarbalar  eydi. Rahmati va yaxshi hayoti unga al-firoq (al-vido) deydi.  (Chumoq  – olti qirrali temir gurzi. – “G'iyos ul-lug'ot”)

 

Gurzi asari etib, u dodu faryod qilganida, uning fig'onu nolasini odamzod va jin qavmidan boshqa barcha mavjudotu maxluqot eshitadi. Agar uni jin qavmi va odamzod qavmi eshitsa edi, g'ussadan (qayg'udan) jonlari erib ketar edi.

 

Qabr uni kuch bilan shu qadar qattiq qisadiki, har qisganida suyaklarini bir-biriga kiritib yuboradi. Unga do'zaxdagi joyi tomon, yuz ming azob va olov-alanga tomon bir darcha ochib qo'yiladi. U  do'zax  ichidagi  o'z  joyini  goh  olov,  goh  muz  ichida  ko'rib turadi.

 

Nasriy bayon va sharh muallifi:

Mirzo KYeNJABYeK

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kimki tavakkul qilishni yomonlasa, iymonni yomonlabdi

13.02.2026   1025   6 min.
Kimki tavakkul qilishni yomonlasa, iymonni yomonlabdi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

TAVAKKULNING HAQIQATI

Bu fazilatlar hamda Alloh va Rasulining hamdu sanolari tavakkul qiluvchilarga bo‘ladigan bo‘lsa, "Tavakkulning haqiqati nimada, uning chegarasi qanday va ma’nosi nima?" degan tabiiy savol tug‘iladi.

Bu xulq bilan xulqlanishni va bu sifat bilan sifatlanishni hoxlagan kishi, tavakkul tushinchasini va uning chegarasini puxta bilib olishlari zarur. Chunki ko‘p kishilar o‘zlarini tavakkulchi deb biladilar, vaholanki ularda tavakkuldan hech narsa yo‘q. Yoki Alloh buyurmagan narsada tavakkul qilishda sobit turishni o‘z nafslariga lozim tutadilar.

 

TAVAKKULNING HAQIQATINI BAYON QILISHDA IBRATLI MISOLLAR

Agar solihlarning hayotiga nazar tashlasak, ularda tavakkulning haqiqatini bayon qilishda turli go‘zal ibratli misollarni topamiz. Ularning ta’riflari turlicha chunki, har birlari o‘z hollaricha ta’bir qiladilar.

Qashiriy “Risola”larida tavakkul haqida kishilar zikr qilgan bir necha ta’riflarni keltirgan. “Madorij” asarida tavakkul haqida juda chiroyli izohlar yozilgan. Ulardan ayrimlarini keltiramiz:

Imom Ahmad: “Tavakkul qilish qalbning ishidir. Ya’ni qalbiy ishdir. U tilda aytish, a’zolar bilan amal qilish hamda idrok va his etish bobidan emas”, dedilar.

Tavakkul qilishni, bilish bobidan deganlar esa, “U qalb ilmi bo‘lib, banda Robbisi bilan kifoyalanishidir”, deganlar.

Tavakkul qilishni sukunat, tinchlik va qalb harakatining osoyishtaligi deganlar esa: “Tavakkul qilish qalbni Robbisining oldiga qo‘yishdir. Go‘yo mayyitni g‘assolning oldiga qo‘yilganidek. U mayyitni xohlaganidek buradi. Tavakkul qilish xohishni tark qilish va taqdir yo‘llari bilan bog‘lanishdir”, dedilar.

Sahl Tustariy: “Tavakkul qilish, xohlagan narsasida Alloh bilan bog‘lanish”, deganlar.

Yana tavakkul qilishni rozilik deb izoh berganlar: “ U taqdirga rozi bo‘lishdir”, deganlar.

Bishrul Xofiy bunday dedilar: “Kimda kim Allohga tavakkul qildim desa, Allohga tuhmat qilibdi. Agar Allohga tavakkul qilganida Allohning taqdiriga rozi bo‘lgan bo‘lar edi”.

Yahyo bin Muozdan so‘rashdi: "Qachon kishi tavakkulchi bo‘ladi?" Yahyo bin Muoz: “Agar o‘sha kishi Alloh taoloni vakil bo‘lishiga rozi bo‘lsa”, dedilar.

Ba’zilar tavakkulni: “Alloh taologa ishonish, U bilan xotirjam va U sababli osoyishta, tinch bo‘lish”, deydilar.

Ba’zilar: “Tavakkul ishonchsizlikni inkor qilish va podshohlarning podshosiga o‘zini topshirish”, deganlar.

Abu Sa’iyd Xiroz dedilar: “Tavakkul osoyishtaliksiz iztirob va iztirobsiz osoyishtalikdir”. Ya’ni, inson zohiri va botini bilan sabablarga harakat qiladi va u bilan tinch bo‘ladi hamda unga ishonadi. Alloh bilan uning qalbi birga bo‘lgach, u iztirob chekmaydi. Shu bilan birga Allohning roziligiga vasila bo‘lgan sabablarga harakat qilishdan to‘xtamaydi.

Abu Turob Naxshabiy dedilar: “Tavakkul qilish jismni bandalikka qo‘yish, qalbni rububiyatga bog‘lash va kifoya qilishlikka ishonish, berilsa shukur va berilmasa sabr qilishdir”.

Barcha ulamolar: "Tavakkul sabablarni inkor qilmaydi, chunki sabablarni qoim qilmasdan turib, u durust bo‘lmaydi. Agar sabablar bo‘lmasa tavakkul qilish bekor bo‘ladi", deydilar.

Sahl bin Abdulloh dedilar: “Kimki harakat qilishni yomonlasa, mazax qilsa bas, sunnatni yomonlabdi, mazax qilibdi. Kimki tavakkul qilishni yomonlasa, mazax qilsa bas, iymonni yomonlabdi, mazax qilibdi ”.

Tavakkul qilish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hollari, kasb esa, sunnatlari edi. Kimki Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hollariga amal qilsa hech qachon sunnatlarini tark qilmaydi.

Bir qovlda: “Tavakkul bu – Allohdan o‘zga bilan qalb aloqalarini uzishdir”, deyilgan.

Sahldan tavakkul haqida so‘ralganda, u: “Alloh bilan birga biror bir aloqasiz yashashdir”, dedi.

Bir qiylda: “Tavakkul aloqalarni to‘xtatish va xaqiqatlarga bog‘lanishdir”, deyiladi.

Bir qiylda: “Tavakkul sendagi ozlik va ziyodalikka bir xil bo‘lmoqliging”, deyiladi.

Bir qiylda: “Tavakkul musabbabga bog‘lovchi barcha sabablarni tark qilishdir. Sababi Alloh taolo unga yordamchi bo‘lsin”. Bu bir tamondan to‘g‘ri, boshqa bir tomondan noto‘g‘ridir. Buyurilgan sabablarni tark qilish tavakkulda chaqmoq tosh bilan o‘t chiqarishdir. Alloh bandasini sabablarga bog‘ladi. Ammo, muboh bo‘lgan amrlarni tark qilish esa, agar u sababni, maslahat yuzasidan undan ko‘ra yaxshisi bo‘lganligi sababli tark qilsa, bu ish maqtalgandir. Magar u mazammatlangandir.

Bir qiylda: “Tavakkul nafsni ubudiyatga tashlash va rububiyatdan chiqarishdir”, deyilgan.

Ba’zilar: “Tavakkul Robbisining buyrug‘i va qazosiga taslim bo‘lish”, deganlar.

Ba’zilar: “Tavakkul har bir holatda inson Alloh taologa ishonishidir”, deydilar.

Ba’zilar: “Tavakkulni boshlovchi, taslim bo‘lishni vosita va ishonishni nihoyasi”, dedilar.

Abu Ali Daqqaq: “Tavakkul uch darajadan iborat. Tavakkul so‘ngra taslim va ishonch. Tavakkul qiluvchi va’dasida turadi, taslim egasi ilmi bilan kifoyalanadi va ishonch egasi Allohning hukmidan rozi bo‘ladi. Tavakkul boshlovchi, taslim bo‘lish vosita va ishonch nihoyadir. Tavakkul qilish mo‘minlarning sifati, taslim bo‘lish valiylarning sifati va ishonish esa, tavhidchilarning sifatidir. Tavakkul barchaning sifati, taslim bo‘lish xoslarning sifati va ishonish xoslar xosining sifatidir. Tavakkul nabiylarning sifati, taslim bo‘lish Ibrohim alayhissalomning sifati va ishonish esa Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sifatlari”, dedilar[1]


Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitobidan Yahyo domla ABDURAHMONOV tarjimasi


[1] Madorijus Solikiyn, 114-117-betlar.

Maqolalar