Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz uyqudan tursa, burnini uch marta qoqib tashlasin, zero shayton uning dimog'ida tunagan bo'ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Doktor Mustafo Shahota aytadi: “Burun bo'shlig'ida mikroblarning bir necha turlari paydo bo'ladi va rivojlanadi. Har kuni tahoratda burun bo'shlig'ining yuvilishi, uning yallig'lanishi va mikroblarning ko'payishini ketkizadi”.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala aali Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كَلِمَتَانِ خَفِيفَتَانِ عَلَى اللِّسَانِ، ثَقِيلَتَانِ فِي الْمِيزَانِ، حَبِيبَتَانِ إِلَى الرَّحْمَنِ: سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ سُبْحَانَ اللهِ الْعَظِيمِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki so‘z tilga yengil, tarozida og‘ir, Rohmanga suyuklidir: «Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil aziym», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
«Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil aziym»ni aytish tilga juda ham yengildir, osondir. Ammo tilga juda yengil bo‘lgan bu so‘zlarning qiyomat kuni bandaning amallarini tortadigan tarozidagi vaznlari juda ham og‘irdir.
Bu dunyoda ushbu so‘zlarni savob umidida, niyat va ixlos ila aytib yurgan banda u dunyoda katta baxtga sazovor bo‘lishi turgan gapdir, chunki u Alloh taologa suyukli bo‘lgan so‘zlarni aytib yurgan.
Bas, shunday ekan, «Subhanallohi va bihamdihi», «Subhanallohil azim»ni ko‘proq aytishga odatlanaylik.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi