Vatan mehri avvalo insonning o'z oilasi, uyi, mahallasi hamda tug'ilib o'sgan yurtiga mehr muhabbatdir. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilatlardan ekani ko'p zikr etiladi. Bu haqda “Vatanni sevmoq imondandir”, deyilgan hikmatni esga olish kifoyadir. Vatanni sevish insonga xos tabiiy tuyg'udir.
Vatan (arab. – “ona yurt”) kishilarning o'zi yashab turgan, avlod
va ajdodlari tug'ilib o'sgan, millati shakllangan joy, ijtimoiy muhit, mamlakat. Vatan bir-birini taqozo etuvchi (uy, mahalla, shahar, qishloq, mamlakat kabi) bir qator hududlarni o'zida ifodalaydigan, ijtimoiy muhit va inson, uning hayoti kabi ko'plab ma'naviy tushunchalarni o'z ichiga oladi, avlodlar tug'ilib o'sgan va kamol topgan joy, zamin, o'lkani anglatadi. Shu boisdan Vatan bu – bir zamin, o'lkada yashayotgan kishilarni millati yoki dinidan qat'i nazar, birlashtiruvchi ijtimoiy tushunchadir.
Musulmon mutaffakiri, tarixchi olim, o'z davrida Qohira shahrida shariat oliy qozisi lavozimida ishlagan Ibn Haldun “Vatan – bu insonning tug'ilib o'sgan eri, uning go'daklik chog'idanoq mehr qo'ygan o'chog'idir” deb ta'rif bergan.
Qur'oni karimda bir insonni o'z Vatanidan judo qilish og'ir gunoh sifatida qayd etilishi Islom dinida unga yuksak maqom berilishidan dalolat qiladi: “Eslang, (ey, Isroil avlodi,) sizlardan “Bir-birlaringizning qoningizni to'kmaysiz, o'zlaringizni (bir-birlaringizni) yurtingizdan badarg'a qilmaysiz”, degan ahdingizni olgan edik. So'ngra o'zlaringiz guvohlik berib, uni e'tirof ham etgan edingiz” (“Baqara” surasi, 84-oyat)”.
Mo'min-musulmonlarga Vatanni sevish Muhammad alayhissalomdan meros hisoblanadi. Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida to'xtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, - deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur bo'lganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy, 3926-hadis).
Imom Buxoriy “al-Jomi' as-Sahih” to'plamida Abu Bakir Siddiq va Bilol ibn Raboh Madina shahrida isitmalab qolib, yurtlarini sog'inchlarini armon bilan bayon qilganliklari, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Madinani Makka kabi mahbub etishni so'rab duo qilganlari haqida hadis rivoyat qilingan.
Ushbu hadis ikki buyuk sahoba Muhammad sallallohu alayhi vasallam yonlarida yurish, vahiylardan bahramand bo'lishga musharraf bo'lishlari barobarida Vatanini sog'inib yashaganlaridan dalolat beradi.
Atoqli olim va adib, ulkan davlat arbobi va sarkardasi, islom mutafakkiri Alixonto'ra Sog'uniy “Vatan va ilm yoki etti yulduz” nomli she'rida quyidagilarni yozgan:
Vatan asli seningdur O'zbekiston,
O'g'izdan qolmish erdi bu guliston.
....
Vatanni do'st tutish iymonidin ermish,
Oningchun Haq rasulidin naql bo'lmish.
Vatanni sevmaganlar bizdan ermas,
Buni kim bilmasa iymonga kirmas.
Vatan inson uchun muqaddas tuyg'u bo'lib, o'z-o'zidan uni sevish va ardoqlashga, jonni fido qilib himoya qilishga loyiq hisoblanadi.
Vatanparvarlik – Vatanga nisbatan sadoqat, unga xizmat qilish, yurt tinchligini asrash, ravnaqi uchun faol bo'lishga undaydigan ijtimoiy, ma'naviy-axloqiy fazilatdir. Uning mazmuni – Vatanga mehr-muhabbatli va sodiq bo'lishdan, yurtning o'tmishi va hoziri uchun faxrlanishdan, mamlakat manfaatlarini himoya qilishga intilishdan iborat. Vatanparvarlik ota-bobolardan meros kolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o'z ona-Vatanini dushmanlardan, yot va begona g'oyalardan himoya kilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasiga ko'ra: “O'zbekiston Respublikasini himoya qilish – O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir”. Shuningdek, Bosh Qomusning 49-moddasiga “Fuqarolar O'zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga majburdirlar”, deb qayd etilgan.
Vatanni ardoqlash azaldan o'zbek xalqiga xos xususiyat bo'lib kelgan. Qadimda yurt uchun dong'i ketgan Fors qo'shinini mahv etish maqsadida jonini fido qilgan oddiy massaget cho'pon yigiti Shiroq, Malika To'maris va boshqa yuzlab fidoiylar vatanparvarikning yuksak namunasi hisoblanadilar.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabriklarida ta'kidlaganlaridek: “Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to'qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O'zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart”.
Vatanni sergak qo'riqlaydigan va himoya qiladigan yurt himoyachilari haqida gap ketganda Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas. Biri bu, Allohdan qo'rqib yig'lagan, ikkinchisi Alloh yo'lida poyloqchilik qilib (uxlamagan) kishini”, - deb marhamat qilganlarini (Sunani Termiziy, 1639-hadis) qayd etish joiz.
Buyuk ajdodlardan biri, tasavvufning kubroviya ta'limotiga asos solgan Najmiddin Kubro mo'g'ullar istilosi davrida dushman tomondan yashab turgan shahrini tashlab chiqishga ruxsat berilganiga qaramay, lashkarni yovga qarshi jangga boshlab kirish oqibatida qahramonlarcha halok bo'lgan.
Jumhur ulamolar vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg'u emas, balki quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda o'z ifodasini topishi lozim ekanini ta'kidlaydilar:
- Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;
- jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo'lida harakat qilish (silai rahm, qo'shnilarga yaxshilik, o'zaro yordam, bir-birlarga yaxshilikni sog'inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);
- Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o'zini bag'ishlash, bu yo'lda tama' yaqinlashtirmaslik va h.k.);
- Vatan erki, hududi yoki obro'siga qarshi fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.
Ikkinchi jahon urushi davrida 538 mingdan ziyod o'zbekistonliklar Vatan himoyasida mardlarcha halok bo'lgan. 158 mingdan ko'proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgan. 200 mingdan ziyod o'zbekistonliklar jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Ulardan 301 nafari Qahramon unvoniga, 70 nafari uchta darajadagi “Slava (Shuhrat)” ordeniga sazovor bo'lgan.
Yuqorida qayd etilganlar vatanparvarlik, yurt himoyasi muhim va muqaddas burch, ulkan savob ekani, shuningdek, bunday fazilatga ega bo'lish musulmonlarning asosiy xususiyatlaridan biri ekanidan dalolat qiladi.
Aksincha, qadimdan o'zbek xalqi vatanfurushlikni qattiq qoralaydi. Bunday harakatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: mamlakat manfaatlariga xiyonat kilish, o'z shaxsiy manfaatlarini ko'zlab iqtisodiy, siyosiy va boshqa josuslik faoliyati bilan shug'ullanish, dushman tomoniga o'tib o'z xalqi, mamlakatiga qarshi kurash olib borish, qo'poruvchilik ishlari bilan shug'ullanish, turli diniy mutaassib va ekstremistik g'oyalar ta'siri ostida oilasi, Vatanidan voz kechish, kindik qoni to'kilgan zaminga nisbatan bo'hton va ig'vo tarqatish va hokazolar.
Vatanfurushlik zaminida moddiy, siyosiy yoki boshqa ko'rinishdagi shaxsiy manfaatlar yotadi. Tarix dalolat beradiki, vatanfurushlar hamma vaqt o'z yurti va xalqining nafratiga duchor bo'lgan.
Islom ta'limotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda aytiladi: “Ibn Umarraziyallohu anhurivoyat qiladilar: “Men Rasulullohsallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o'rnatib qo'yiladi”, deb aytganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy, 3188-hadis).
Islom tarixida “Handaq jangi” nomi bilan mashhur bo'lgan jang vaqtida Madina shahriga bostirib kelgan makkaliklar etakchiligidagi ittifoqchi qo'shinga Madina shahrida yashab, yashirincha xayrixohlik ko'rsatgan va zimdan yordam bergan qabilalarga nisbatan Muhammad sallallohu alayhi vasallam qattiq jazo berganlar. Ularning rahbarlari qatl etilgan, ergashganlari Madina shahridan badarg'a etilgan. Demak, Vatanga xoinlikni hech qanday diniy va dunyoviy qonun yoki ta'limot oqlamaydi. Ona Vatan hech qachon sotilmaydi va unga xiyonat qilinmaydi.
Hech shubhasiz, barchamiz birgalikda Ona Vatanimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, uni asrab-avaylash, himoya qilish kabi fuqarolik burchimizni astoydil, chin yurakdan bajarish, mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik, mustahkam irodamiz, dinu diyonatimiz bilan oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda barqarorlik va sog'lom muhitni mustahkamlab, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini ta'minlaymiz.
Shunday ekan, ona-Vatanimiz bo'lmish O'zbekistonni gullab yashnashiga, yurtimiz tinch-osuda bo'lishiga barcha shu yurtda, shu zaminda yashayotgan har bir inson o'z hissasini qo'shishi kerak.
O'tkir HASANBAYeV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Manbalar:
Vanihoyat kutilgan final o‘yini bo‘lib o‘tdi. “Muftiy sovrini – 2025” mini-futbol musobaqasi yakuniy uchrashuvida Namangan vakilligi va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoalari o‘zaro bellashdi. Ikkala jamoa ham ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelishgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Boisi ularning saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tib, yuqori bosqichgacha yetib kelgani ham bejis emas.
Final o‘yinini taniqli futbol sharhlovchilari Mirzahakim To‘xtamirzayev va Orif Tolipov sharhlab bordi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra:
1-o‘rin: Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi;
2-o‘rin: Namangan vakilligi jamoasi;
3-o‘rin: Samarqand vakilligi jamoasiga nasib etdi.
Murosasiz kechgan o‘yinni futbol shaydolari olqishlar ila kuzatib borishdi. Asosiy vaqtda jamoalar 4:4 hisobida durang qayd etishdi. G‘olib jamoa penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti jamoasi 4:2 hisobda mutlaq chempion bo‘lishdi.
Musobaqadan so‘ng taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi Temur Kapadze, futbol afsonasi Mirjalol Qosimov va bir guruh mutasaddilar bosh kubokni final o‘yini g‘olibi Qoraqalpog‘iston jamoasiga tantanali tarzda topshirdi.
Shuningdek, g‘olib jamoa a’zolarining har biriga birinchi o‘rin medali va noutbuk taqdim etildi.
Namangan jamoasiga esa ikkinchi o‘rin medali va zamonaviy televizor, Samarqand jamoasiga uchinchi o‘rin medali va planshet topshirildi.
Hakamlar, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng ko‘p to‘purar”, “Eng yaxshi o‘yinchi” nominatsiyalariga sazovor bo‘lgan o‘yinchilarga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, barcha o‘rin sohiblariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati