Zohid bo'lmoq – dunyodan kechib, oxiratni ixtiyor qilmoq, oxirat tadorikini ko'rmoqdir. Zohidda oxiratni o'ylaydigan muhim va maqbul bir tuyg'u bo'ladi. Ishning to'g'risi ham shu. Chunki har bir mo''min oxiratda juda katta mukofotlarga sazovor bo'ladi, kofir, osiy, mujrim, aybdor oxiratda qattiq azoblarga duchor bo'ladi. Bu dunyoda Allohu taoloning aytganlarini bajarib, oxiratda va'da bergan mukofotlariga erishmoq kerak. Chunki oxirat bu dunyoning natijasi... Dunyo oxiratning ziroat maydonidir... Allohu taolo oxiratda insonning bu dunyodagi niyatiga, fe'lu odati, harakat va amallariga qarab, muomala qiladi... Jazo yo mukofot beradi.
فَمَا يُكَذِّبُكَ بَعْدُ بِالدِّينِ 7 أَلَيْسَ اللَّهُ بِأَحْكَمِ الْحَاكِمِينَ 8 (سورة التين: 7-8)
Famo yukazzibuka ba'du biddin. Alaysallohu biahkamil hokimin.(Tiyn surasi, 67-oyat). Ya'ni Allohu taoloning adlu adolatini zinhor inkor etib bo'lmaydi. Qiyomat kunida har bir kishi qilmishiga yarasha jazosini tortadi. Zolim va mazlumning qilmishiga yarasha muomala qilinadi!...
Oxirat muhim... Mo'min uchun uni nazardan qochirish, inkor etish aslo mumkin emas. Zohidlik tuyg'usi ham ahamiyatlidir... Ho'jamizning chiroyli ismlari Zohid edi. Ya'ni Muhammad Zohid Qo'tqu rahmatullohi alayh edilar. Farzandlarimizga ham bu ismni sevib qo'yamiz.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bu dunyo oxiratga hozirlik ko'rish, ibodat qilish uchundir, rohat farog'at joyi emas.
Dunyoga ahamiyat bermaslik tuyg'usi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobai kirom rizvonullohi taolo alayhim ajmaiyn hazratlarini, komil musulmon va komil qullarni oxirat hayotiga tayyorlagan... Ular hayotlarining yarq etib ko'zga tashlanadigan ibratli jihatlaridan biri shuki, birovning haqiga, moliga xiyonat qilmaganlar, zarracha bo'lsa ham birovning haqini eyishdan hazar qilganlar va ehtiyot bo'lganlar. Adolatli bo'lishga harakat qilganlar, joiz bo'lmagan foydani rad etganlar, bahridan kechganlar. Bunday foydani taklif etganlarga qattiq tanbeh berganlar.
Ularning eng ko'zga ko'ringan xususiyatlari shu: harom emaslik, ochko'zlik qilmaslik, boshqaning haqqiga, moliga qo'l cho'zmaslik.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fotiha surasi yetti oyatdan, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir.
Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.
Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya’ni Kitob (Qur’on) onasi deyishgan.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdulillahi Robbil a’lamiyn Ummul Qur’on, Ummul Kitob, Sab’ul masoniy (yetti takrorlanuvchi) va Al-Qur’anul a’ziym (ulug‘ Qur’on)dir”, dedilar. Yana “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa’id roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” tafsirida keltirgan.
Davron NURMUHAMMAD