Mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan birgalikda O'zbekiston va Eron sayyohlik kompaniyalari vakillari o'rtasida onlayn videokonferentsiya tashkil etdi, xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tadbir davomida ikki mamlakat sayyohlik industriyasi vakillari o'rtasida O'zbekistonning qadimiy shaharlariga sayyohlik oqimini ko'paytirish borasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.
Videokonferentsiyada Eron sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi (ESOA) raisi Ibrohim Purfaraj va uning maslahatchisi Mahmud Bonakdarnia, Eronning "Zagros Airlines" aviakompaniyasi vakillari va Eronning 20 dan ortiq etakchi ixtisoslashgan kompaniyalari hamda 15 nafar O'zbekiston sayyohlik agentligi rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar "Uzbekistan – Safe Travel Guaranteed" shiori ostida sayyohlar uchun xavfsiz sayohat maskani sifatida mamlakat imijini faol targ'ib etib, pandemiya sharoitida O'zbekiston sayyohlik sohasini tiklash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Bundan tashqari, O'zbekistonning pandemiya paytida xorijiy aviatashuvchilar va sayyohlik agentliklarini rag'batlantirish niyati alohida ta'kidlandi. Jumladan, O'zbekistonga charter reyslarini tashkil etish uchun xorijiy aviatashuvchilarni tovon puli bilan ta'minlash, aeroportlar xizmat ko'rsatish servisi (Ground handling)ni kamaytirish, shuningdek, SWIFT xalqaro to'lov tizimining bu mamlakatda yo'qligi tufayli Eron fuqarolarining elektron vizaga to'lash bilan bog'liq masalalarni hal qilish rejalari ta'kidlandi. Oxirgi masala 2021 yildan boshlab O'zbekistondagi xalqaro aeroportlarga to'g'ridan-to'g'ri kelishda kirish vizalari uchun to'lovning yangi tizimini joriy etish orqali amalga oshiriladi.
Eron tomoni, o'z navbatida, ikki xalqning mushtarak tarixi, urf-odatlari va madaniyatini hisobga olgan holda, O'zbekiston va Eron turizm sohasidagi aloqalarini oshirishi lozimligini ta'kidladi. Samarqand, Buxoro va Hiva kabi qadimiy o'zbek shaharlari eronliklar orasida juda mashhur bo'lib, mamlakatlarimiz me'morchiligi va madaniyati hamisha ruhi bo'yicha juda yaqin bo'lgan.
ESOA raisi Ibrohim Pourfaraj 2019 yilda elektron vizani joriy etish orqali Eron fuqarolari uchun viza tizimining soddalashtirishini qo'llab-quvvatladi, bu ikki mamlakat o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim qadam bo'ldi. ESOA rahbari O'zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan yuqorida qayd etilgan qarorlar O'zbekiston tomonining Eron bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qat'iy niyatini namoyish etayotganini alohida ta'kidladi. Ibrohim Purfaraj O'zbekiston tarixiy shaharlarining chiroyi, betakror me'morchiligi, bularning barchasi o'zbek xalqining boy tarixi, madaniyati va mehmondo'stligi bilan birgalikda turizm industriyasining rivojlanishi uchun ulkan salohiyat yaratayotganini ham qayd etdi.
ESOA raisi maslahatchisi Mahmud Bonakdarniya o'z navbatida ikki do'st mamlakat xalqlarining madaniy yaqinligi O'zbekiston va Eron o'rtasida sayyohlik hamkorligini rivojlantirishda asosiy omillardan biri ekanini ta'kidladi. Uning fikricha, "Navro'z" xalqaro bayrami doirasida O'zbekistonda har yili o'tkaziladigan ommaviy va turli madaniy-ko'ngilochar tadbirlar eronlik sayyohlar orasida yangilik bo'lib, juda katta qiziqish uyg'otishi mumkin. Shu munosabat bilan Mahmud Bonakdarniya turoperatorlar va Eron ommaviy axborot vositalari uchun O'zbekistonning noyob sayyohlik yo'nalishlari bo'yicha maxsus info-turlar tashkil etishni taklif etdi.
Tadbir davomida ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o'rtasida aloqalar almashildi va tomonlar turli sayyohlik yo'nalishlari uchun qo'shma sayohat paketlarini ishlab chiqishga ham kelishib oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Boy odam derazadan qarab, faqirga ko‘zi tushdi. U chiqindi titib yurardi. Shunda boy odam “Allohga shukrki, meni nochor hayotda yashatmadi”, dedi.
Nochor odam chiqindilardan ul-bul narsa topib, endi ketayotganida oldidan bir nogiron o‘tib qoldi. “Faqir bo‘lsam-da, sog‘lomman, alhamdulillah!” dedi uni ko‘rganida.
Nogiron odamning oldidan esa bir-birini yetaklagan ko‘zi ojizlar chiqdi. “Vujudimda nogironlik bo‘lsa-da, bu olamni ko‘rib yashayapman, O‘zingga shukrlar bo‘lsin!” dedi u ham.
Ko‘zi ojizlar shifoxonaga borishdi. Navbat kutib turganlarida bir kishining vafot etganini eshitishdi. “Allohga shukr, bizni shu holimizda bo‘lsa ham yashatmoqda, fursat bermoqda”, deyishdi o‘zaro.
Faqat o‘lgan odam Allohga bir og‘iz hamd aytish imkonini ham boy berib bo‘lgandi...
Shunday ekan, nima uchun bugun ko‘pchiligimiz Allohga shukr aytishni unutib, shikoyatimiz ko‘payib ketmoqda. Axir, Alloh bizga hayot, rizq, inson uchun nima kerak bo‘lsa, hamma ne’matlarini berib qo‘ygan-ku! Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, bizning tashvishimiz, erishishni istab, tunu kun g‘am chekkan narsalarimiz asl zaruratdan tashqari bo‘lib chiqadi.
Qarang, bugun yana bir yangi tongni ko‘rdik. Dasturxonda osh-nonimiz, boshimizda boshpanamiz bor, tanda jonimiz salomat. Holbuki, bu kunga, bu yilgi Ramazonga yetmaganlar qancha?..
Shunday ekan, Ramazon oyida, avvalo, ota-onamiz, o‘zimiz, oilamiz, qolaversa, barcha ummat uchun duolar qilaylik. Zero, Alloh bizga berayotgan ne’matlari uchun shukr qilsak, ziyoda qilishini aytgan: «“Va Robbingizning «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb e’lon qilganini ham eslang» (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Demak, berilgan ne’matlarga shukr aytish insonning to‘g‘ri yo‘lda ekanini bildiradi. Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema, joning omon, davlatingni kam, dema.
Berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiraylik, azizlar!
Akbarshoh Rasulov