Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Mart, 2025   |   18 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:12
Quyosh
06:30
Peshin
12:36
Asr
16:45
Shom
18:36
Xufton
19:49
Bismillah
18 Mart, 2025, 18 Ramazon, 1446

O'zbekiston va Eron sayyohlik biznesi vakillari qo'shma tur paketlarini ishlab chiqishga kelishib oldi

12.01.2021   1462   3 min.
O'zbekiston va Eron sayyohlik biznesi vakillari qo'shma tur paketlarini ishlab chiqishga kelishib oldi

Mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan birgalikda O'zbekiston va Eron sayyohlik kompaniyalari vakillari o'rtasida onlayn videokonferentsiya tashkil etdi, xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tadbir davomida ikki mamlakat sayyohlik industriyasi vakillari o'rtasida O'zbekistonning qadimiy shaharlariga sayyohlik oqimini ko'paytirish borasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.
Videokonferentsiyada Eron sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi (ESOA) raisi Ibrohim Purfaraj va uning maslahatchisi Mahmud Bonakdarnia, Eronning "Zagros Airlines" aviakompaniyasi vakillari va Eronning 20 dan ortiq etakchi ixtisoslashgan kompaniyalari hamda 15 nafar O'zbekiston sayyohlik agentligi rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar "Uzbekistan – Safe Travel Guaranteed" shiori ostida sayyohlar uchun xavfsiz sayohat maskani sifatida mamlakat imijini faol targ'ib etib, pandemiya sharoitida O'zbekiston sayyohlik sohasini tiklash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Bundan tashqari, O'zbekistonning pandemiya paytida xorijiy aviatashuvchilar va sayyohlik agentliklarini rag'batlantirish niyati alohida ta'kidlandi. Jumladan, O'zbekistonga charter reyslarini tashkil etish uchun xorijiy aviatashuvchilarni tovon puli bilan ta'minlash, aeroportlar xizmat ko'rsatish servisi (Ground handling)ni kamaytirish, shuningdek, SWIFT xalqaro to'lov tizimining bu mamlakatda yo'qligi tufayli Eron fuqarolarining elektron vizaga to'lash bilan bog'liq masalalarni hal qilish rejalari ta'kidlandi. Oxirgi masala 2021 yildan boshlab O'zbekistondagi xalqaro aeroportlarga to'g'ridan-to'g'ri kelishda kirish vizalari uchun to'lovning yangi tizimini joriy etish orqali amalga oshiriladi.
Eron tomoni, o'z navbatida, ikki xalqning mushtarak tarixi, urf-odatlari va madaniyatini hisobga olgan holda, O'zbekiston va Eron turizm sohasidagi aloqalarini oshirishi lozimligini ta'kidladi. Samarqand, Buxoro va Hiva kabi qadimiy o'zbek shaharlari eronliklar orasida juda mashhur bo'lib, mamlakatlarimiz me'morchiligi va madaniyati hamisha ruhi bo'yicha juda yaqin bo'lgan.
ESOA raisi Ibrohim Pourfaraj 2019 yilda elektron vizani joriy etish orqali Eron fuqarolari uchun viza tizimining soddalashtirishini qo'llab-quvvatladi, bu ikki mamlakat o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim qadam bo'ldi. ESOA rahbari O'zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan yuqorida qayd etilgan qarorlar O'zbekiston tomonining Eron bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qat'iy niyatini namoyish etayotganini alohida ta'kidladi. Ibrohim Purfaraj O'zbekiston tarixiy shaharlarining chiroyi, betakror me'morchiligi, bularning barchasi o'zbek xalqining boy tarixi, madaniyati va mehmondo'stligi bilan birgalikda turizm industriyasining rivojlanishi uchun ulkan salohiyat yaratayotganini ham qayd etdi.
ESOA raisi maslahatchisi Mahmud Bonakdarniya o'z navbatida ikki do'st mamlakat xalqlarining madaniy yaqinligi O'zbekiston va Eron o'rtasida sayyohlik hamkorligini rivojlantirishda asosiy omillardan biri ekanini ta'kidladi. Uning fikricha, "Navro'z" xalqaro bayrami doirasida O'zbekistonda har yili o'tkaziladigan ommaviy va turli madaniy-ko'ngilochar tadbirlar eronlik sayyohlar orasida yangilik bo'lib, juda katta qiziqish uyg'otishi mumkin. Shu munosabat bilan Mahmud Bonakdarniya turoperatorlar va Eron ommaviy axborot vositalari uchun O'zbekistonning noyob sayyohlik yo'nalishlari bo'yicha maxsus info-turlar tashkil etishni taklif etdi.
Tadbir davomida ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o'rtasida aloqalar almashildi va tomonlar turli sayyohlik yo'nalishlari uchun qo'shma sayohat paketlarini ishlab chiqishga ham kelishib oldilar.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalb-til-amal zikri

17.03.2025   2453   3 min.
Qalb-til-amal zikri

Zikr arab tilida "eslash", "yodga olish" degan ma’noni anglatadi. Shariatimiz istilohida esa Allohni eslash, Uning buyukligini e’tirof qilish va bandaning Yaratganga bo‘lgan muhabbatini izhor etish demakdir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

"Meni zikr qiling, Men ham sizni yodga olaman. Menga shukr qiling va noshukurlik qilmang!" (Baqara surasi, 152-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham zikrning fazilatlari haqida ko‘plab hadislar aytganlar. Masalan: "Kim Allohni ko‘p zikr qilsa, Alloh ham uni eslaydi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Islom ulamolari zikrni turli toifalarga ajratganlar. Quyida ularning ba’zilari keltiriladi:


Qalbiy zikr (botiniy zikr).
Bu zikr til bilan aytilmaydi, balki inson qalbida Allohni doimo eslab yurishi bilan amalga oshiriladi. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:

"Ular tik turganlarida ham, o‘tirganlarida ham va yonboshlagan hollarida ham Allohni zikr qiladilar…" (Oli Imron surasi, 191-oyat).


Lisoniy zikr (til bilan aytiladigan zikr).
Bu zikr til orqali Allohning ismlarini yoki Uning buyukligini madh etish orqali amalga oshiriladi. Masalan:

Tasbih (سبحان الله) – "Alloh pokdir";

Tahlil (لا اله الا الله) – "Allohdan boshqa iloh yo‘q";

Takbir (الله أكبر) – "Alloh buyukdir";

Tahmid (الحمد لله) – "Hamd (maqtov) Allohgadir".


Bu zikrlar haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"Subhanalloh, Alhamdulillah, Laa ilaha illalloh va Allohu akbar – bu so‘zlar osmon va yer oralig‘ini to‘ldiradi" (Imom Muslim rivoyati).

Qur’on tilovati ham zikr sanaladi. Alloh taolo Qur’onni zikr sifatida ta’riflagan:
"Bu (Qur’on) eslatmadir (zikrdir). Kim xohlasa, Parvardigoriga yo‘l tutar" (Muzzammil surasi, 19-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Duolar ham zikr hisoblanadi. Har qanday duo – Allohni zikr qilishning bir shaklidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko‘p duolar qilganlar va ummatlarini ham bunga targ‘ib qilganlar.

Jamoat bilan qilinadigan zikr.
Zikr jamoat bilan qilinsa, uning ajri yanada ko‘p bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Bir guruh odamlar Allohning uylaridan biriga to‘planib, unda Allohning kitobini o‘qib va uni o‘zaro o‘rganib chiqishsa, ularning ustiga xotirjamlik nozil bo‘ladi, rahmat ularni qoplaydi va farishtalar ularni o‘rab oladi", deb marhamat qilganlar. (Imom Muslim rivoyati)


Amaliy zikr (ibodat bilan amalga oshiriladigan zikr).
Namoz, ro‘za, sadaqa, haj va boshqa ibodatlar ham zikrning bir shaklidir. Chunki bu ibodatlarni bajarish orqali inson Allohni eslaydi va Unga yaqinlashadi. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

"Namozni ado et. Albatta, namoz (insonni) fahsh va yomon ishlardan qaytaradi. Allohning zikri esa, eng ulug‘idir" (Ankabut surasi, 45-oyat).

Zikr har bir musulmonning qalbini tiriltiradigan va uni Allohga yaqinlashtiradigan buyuk ibodatdir. Uni qalb bilan, til bilan, amaliy jihatdan va jamoat bilan ado etish mumkin. Zikr qilishga ko‘nikkan insonning qalbi munavvar bo‘ladi, hayoti tinch va huzurli bo‘ladi.

Alloh taolo bizni ham O‘zini doimo eslaydigan bandalaridan qilsin!

Abdulmalik ALIMOV,
4-kurs talabasi.