Afrika qit'asining aksariyat hududlarida odamlar og'ir sharoitlarda kun kechiradi. Oziq-ovqat tanqisligi, toza ichimlik suvi ular uchun asosiy muammodir. Ammo, Alloh taolo har bir bandani o'z rizqi bilan yaratgan. Halqimizda shunday bir ajoyib naql bor: “sahroda tug'ilgan bir bo'taloq uchun, bir yantoq ham bor”. Afrikaliklar uchun baobab behisob xazinadir.
Baobab yoki “adansonia digitata”, yana bir nomi “maymunlar noni”, tropik Afrikaning quruq savannalariga xos bo'lgan Malvaceaye oilasining Adansonia turiga mansub daraxt turi. Eng qalin daraxtlardan biri – tanasining diametri 8 metr, barglari va shoh-shabbalari bilan birgalikda 45-50 metr, balandligi 18-25 metrga etadi.

Oktyabrdan dekabrgacha gullaydi. Gulining hajmi 20 sm bo'lib, tushdan keyin ochiladi va faqat bir kecha yashaydi. Shunda ajib bir holat ro'y beradi: boshqa daraxtlarni kunduzi qushlar va hashoratlar changlantirsa, baobab daraxtini tunda ko'rshapalaklar changlantiradi. Sababi baobab gullaridan taraluvchi o'tkir hid ko'rshapalaklarni o'ziga jalb etadi.
Erta tongda gullar qurib qisqa fursatda to'kiladi. Bu daraxtning suvga to'yingan yumshoq tanasi turli zamburuqlar uchun qulay maskandir. Shu sabab baobablarning ichi kovak bo'ladi. Biroq, baobablar juda bardoshlidir. Ular, tozalangan qobig'ini tezda qayta tiklaydi.
Baobab daraxtining aniq yoshini aytish qiyin. Chunki, ularda yoshga oid, yillik aylanalar, yosh halqalari bo'lmaydi. Eng yuqori texnologik uskunalar tahminiga ko'ra baobab daraxti ming yilgacha yashashi mumkin. Shu bilan birga, 4,5 metr diametrli daraxtning radiokarbonat analizlari bilan aniqlangan (C14 ma'lumotlariga ko'ra) yoshi 4500 yildan oshganligi haqida dalillar mavjud.

Baobabning deyarli har bir qismidan unumli foydalanish mumkin.
Baobab daraxtining qobig'idan qattiq, kuchli tolalar olinadi, undan baliq ovlash tarmoqlari, arqonlar, matlar va matolar ishlab chiqariladi. Baobab po'stlog'idan juda samarali damlamalar: shamollash, isitma, dizenteriya, yurak-qon tomir kasalliklari, astma, tish og'rig'i, hasharotlar chaqishi uchun dorilar olinadi.
Yangi barglari salatlarga qo'shiladi, quruqlari ziravor sifatida ishlatiladi. Nigeriyada ular sho'rva tayyorlashda ham asosiy masalliqlardan hisoblanadi.
Gulining shirasi elim tayyorlash uchun ishlatiladi.
Meva tarkibidagi shirasi zanjabilga o'xshaydi va C va B vitaminlariga boy bo'lib, ozuqaviy qiymati jihatidan buzoq go'shtiga tengdir. U tez so'riladi va charchoqni ketkazadi. Meva xamiri ham quritilib, maydalangan holda kukunga aylantirilib suvda suyultirilsa, u limonadga ozgina o'xshash yumshoq ichimlik bo'ladi. Shuning uchun baobabning yana bir nomi – limonad daraxti.
Mevasining urug'i xom ashyo hisoblanadi va kofe o'rnini bosuvchi ichimlik uchun qovurilgan va maydalangan holda tayyorlanadi.
Mevasining quritilgan qattiq qobig'i stakan o'rnida ishlatiladi. Mevasining quruq ichki qismini yoqsa, tutunidan chivinlarni va boshqa bezovta qiluvchi hasharotlarni haydab chiqaradi.

Bundan tashqari baobab mevasidan sovun, yog' va Sharqiy Afrika ayollari uchun shampun olinadi, yuzlarini esa uning ildizlarini o'z ichiga olgan qizil sharbat bilan bo'yashadi.
Ko'pgina Afrika xalqlarining mifologiyasida baobab hayotni, unumdorlikni anglatadi va xaloskor sifatida namoyon bo'ladi.
Baobab Madagaskar xalqining milliy daraxti hisoblanadi. Ushbu daraxt Afrika qit'asidagi Senegal, Markaziy Afrika va boshqa bir nechta davlatlarning gerblarida ham tasvirlanganligi bejiz emas.
Baobab tom ma'noda Afrika qita'si xalqlari uchun Alloh taolo tomonidan ulug' ne'mat qilib berilgandir. Zero, birgina shu daraxtning xom ashyosidan yuz minglab insonlar, oziq-ovqat, kiyim kechak, qurilish xom ashyosidan tortib dori-darmongacha, sovundan tortib ayollar pardoz vositalarigacha foydalanadi. Eng muhimi yuz foiz tabiiy toza maxsulotlar.
Alloh taolo O'z Kalomi Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Va osmondan baraka suvini tushirdik, hamda u bilan bog'-rog'larni va don hosilini o'stirdik. Va zich mevali shingillari bor xurmolarni ham. Bandalarga rizq qilib. Va u (yomg'ir) bilan o'lgan shaharni tiriltirdik” (Qof surasi, 9-11 oyat).
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Joriy yilning 15 dekabr kuni Malayziyaning «Nasyrul Quran» markazi bosh ijrochi direktori Muhammad Ashharim bin Abdullatif boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondida bo‘ldi. Mehmonlarni fond rahbari Jahongir Salamov kutib oldi.
«Nasyrul Quran» markazi – dunyodagi Qur’on chop etish bo‘yicha yirik markaz bo‘lib, Malayziyada faoliyat ko‘rsatadi. Majmua Madinadagi Qirol Fahd majmuasidan keyin ikkinchi eng yirik Qur’oni Karim bosib chiqaruvchi markaz hisoblanadi.
«Nasyrul Quran» majmuasining faoliyati ichki va dunyo miqyosida Qur’on nusxalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini beradi.
Majmua har yili bir million nusxa Qur’on chop etishni maqsad qilgan bo‘lib, uning 70 foizi ichki foydalanish uchun, qolgan qismi esa ehtiyojmand boshqa mamlakatlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, «Nasyrul Quran» markazi vaqf tashkiloti hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar bir necha masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va vaqf tashkiloti hisoblanmish «Nasyrul Quran» markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Qur’oni karim va qadimgi qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish, vaqf ishlarini raqamlashtirish, islomiy fintek sistemasi qo‘llash bo‘yicha birgalikda ishlash, vaqf mulklarini ko‘paytirish, ta’lim sohasi va vaqf sohasida tajriba almashish shular jumlasidandir.
Mazmunli va manfaatli bo‘lgan uchrashuv so‘nggida Muhammad Ashharim bin Abdullatif fond rahbariga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari almashishdi.
Vaqf.uz