Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2025   |   17 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2025, 17 Zulhijja, 1446

Afrikani “qutqargan” daraxt...

08.01.2021   5632   5 min.
Afrikani “qutqargan” daraxt...

Afrika qit'asining aksariyat hududlarida odamlar og'ir sharoitlarda kun kechiradi. Oziq-ovqat tanqisligi, toza ichimlik suvi ular uchun asosiy muammodir. Ammo, Alloh taolo har bir bandani o'z rizqi bilan yaratgan. Halqimizda shunday bir ajoyib naql bor: “sahroda tug'ilgan bir bo'taloq uchun, bir yantoq ham bor”.  Afrikaliklar uchun baobab behisob xazinadir.

Baobab yoki “adansonia digitata”, yana bir nomi “maymunlar noni”, tropik Afrikaning quruq savannalariga xos bo'lgan Malvaceaye oilasining Adansonia turiga mansub daraxt turi. Eng qalin daraxtlardan biri – tanasining diametri 8 metr, barglari va shoh-shabbalari bilan birgalikda 45-50 metr, balandligi 18-25 metrga etadi.

Oktyabrdan dekabrgacha gullaydi. Gulining hajmi 20 sm bo'lib, tushdan keyin ochiladi va faqat bir kecha yashaydi. Shunda ajib bir holat ro'y beradi: boshqa daraxtlarni kunduzi qushlar va hashoratlar changlantirsa,  baobab daraxtini tunda ko'rshapalaklar changlantiradi. Sababi baobab gullaridan taraluvchi o'tkir hid ko'rshapalaklarni o'ziga jalb etadi.

Erta tongda gullar qurib qisqa fursatda to'kiladi. Bu daraxtning suvga to'yingan yumshoq tanasi turli zamburuqlar uchun qulay maskandir. Shu sabab baobablarning ichi kovak bo'ladi. Biroq, baobablar juda bardoshlidir. Ular, tozalangan qobig'ini tezda qayta tiklaydi. 

Baobab daraxtining aniq yoshini aytish qiyin. Chunki, ularda yoshga oid, yillik aylanalar, yosh halqalari bo'lmaydi. Eng yuqori texnologik uskunalar tahminiga ko'ra baobab daraxti ming yilgacha yashashi mumkin. Shu bilan birga, 4,5 metr diametrli daraxtning radiokarbonat analizlari bilan aniqlangan (C14 ma'lumotlariga ko'ra) yoshi 4500 yildan oshganligi haqida dalillar mavjud.

Baobabning deyarli har bir qismidan unumli foydalanish mumkin.

Baobab daraxtining qobig'idan qattiq, kuchli tolalar olinadi, undan baliq ovlash tarmoqlari, arqonlar, matlar va matolar ishlab chiqariladi. Baobab po'stlog'idan juda samarali damlamalar: shamollash, isitma, dizenteriya, yurak-qon tomir kasalliklari, astma, tish og'rig'i, hasharotlar chaqishi uchun dorilar olinadi.

Yangi barglari salatlarga qo'shiladi, quruqlari ziravor sifatida ishlatiladi. Nigeriyada ular sho'rva tayyorlashda ham asosiy masalliqlardan hisoblanadi.

Gulining shirasi elim tayyorlash uchun ishlatiladi.

Meva tarkibidagi shirasi zanjabilga o'xshaydi va C va B vitaminlariga boy bo'lib, ozuqaviy qiymati jihatidan buzoq go'shtiga tengdir. U tez so'riladi va charchoqni ketkazadi. Meva xamiri ham quritilib, maydalangan holda kukunga aylantirilib suvda suyultirilsa, u limonadga ozgina o'xshash yumshoq ichimlik bo'ladi. Shuning uchun baobabning yana bir nomi – limonad daraxti.

Mevasining urug'i xom ashyo hisoblanadi va kofe o'rnini bosuvchi ichimlik uchun qovurilgan va maydalangan holda tayyorlanadi.

Mevasining quritilgan qattiq qobig'i stakan o'rnida ishlatiladi. Mevasining quruq ichki qismini yoqsa, tutunidan chivinlarni va boshqa bezovta qiluvchi hasharotlarni haydab chiqaradi.

Bundan tashqari baobab mevasidan sovun, yog' va Sharqiy Afrika ayollari uchun shampun olinadi, yuzlarini esa uning ildizlarini o'z ichiga olgan qizil sharbat bilan bo'yashadi.

Ko'pgina Afrika xalqlarining mifologiyasida baobab hayotni, unumdorlikni anglatadi va xaloskor sifatida namoyon bo'ladi.

Baobab Madagaskar xalqining milliy daraxti hisoblanadi. Ushbu daraxt Afrika qit'asidagi Senegal, Markaziy Afrika va boshqa bir nechta davlatlarning gerblarida ham tasvirlanganligi bejiz emas.

Baobab tom ma'noda Afrika qita'si xalqlari uchun Alloh taolo tomonidan ulug' ne'mat qilib berilgandir. Zero, birgina shu daraxtning xom ashyosidan yuz minglab insonlar, oziq-ovqat, kiyim kechak, qurilish xom ashyosidan tortib dori-darmongacha, sovundan tortib ayollar pardoz vositalarigacha foydalanadi. Eng muhimi yuz foiz tabiiy toza maxsulotlar.

Alloh taolo O'z Kalomi Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Va osmondan baraka suvini tushirdik, hamda u bilan bog'-rog'larni va don hosilini o'stirdik. Va zich mevali shingillari bor xurmolarni ham. Bandalarga rizq qilib. Va u (yomg'ir) bilan o'lgan shaharni tiriltirdik” (Qof surasi, 9-11 oyat).

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

04.06.2025   13092   2 min.
INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

Munosabat

Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.

Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.

Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.

Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.

Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.

Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.

Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.

Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib,  Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.

Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi

o‘rinbosari.

Maqolalar