2021 yil "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash" yili
Har bir jamiyat o'zining poydevori-kelajagi bo'lmish yoshlari haqida qayg'uradi, ularning ilm-ma'rifatli bo'lishida bor imkoniyatlardan foydalanadi. Haqiqatdan ham, ilm va ta'limga, yoshlarga e'tibor bo'lmas ekan, mamlakat va millat tanazzulga yuz tutadi. Ilmsiz odamlar tubanlashadi, jamiyatlar xarob bo'ladi. Shunday ekan, har bir yurt fuqarosi bu muhim omilga beparvo bo'lmasligi zarur.
Farzandlar tarbiyasi va ularning axloq-odobiga ota-ona mas'ul va javobgar. Agar farzand tarbiyasini faqatgina o'quv dargohi va hukumatga tashlab qo'ysa, ota-ona har ikki dunyoda ham javobgar va gunohkor bo'ladi.
Farzandlarga tirgak, ularni qo'llab-quvvatlaguvchi ma'rifat yordamchisi bo'lmog'imiz zarur. Bugun ota-ona ertangi faravon hayot uchun ularning oldidagi o'z burchlarini bajarsin. Farzandlarning axloqi borasida bugun e'tiborni kuchaytirmoqlik juda muhim ekanligini hayot ko'rsatib turibdi. Ulug'lardan: "Oldin ilm olinadimi yoki odobmi?" deb so'raganlarida, ular: "Odob", deb javob berganlar.
Farzandlarning yurish turishi, g'animat umrini odob-axloqqa va ilm-ma'rifatga yo'naltirmog'imiz muhim. Bu yo'lda ustoz va muallimlar, ota-onalar va davlat miqyosida birlashib hamjihatlikda ishlar olib borilsa, inshaalloh ertangi kun egalari bizlar niyat qilgandek bo'lib kamol topajaklar.
Go'zal axloqli bo'lib ulg'aygan farzand ilmga va hunarga ham e'tiborli, vaqtini g'animat biladigan, umrini, yoshligini omonat ekanini anglab etadi.
"Adibus-soniy" kitobida tarbiya xaqida shunday so'z ketadi: "Tarbiyali bola ulug'larni hurmat va izzat qilur. O'zi barobarig'a yaxshi muomala qilur va o'zidan kichiklarga shafqat va marhamat qilur. O'zidan rozi qilmoqqa harakat qilur. Qo'lidan kelganicha boshqa insonlarga yordam qilur. Insonliqqa yarashgan ishlardan o'zini tortmas. Yarashmag'an ishlarning yaqinig'a bormas. O'zi bilmaydirg'on va qo'lidan kelmaydirg'on ishlarga aralashmas. Har so'zni vaqtig'a va joyiga qarab so'zlar. O'zlarig'a va boshqalarg'a foydasi tegmaydirg'on ishlarg'a qadam qo'ymas. Tarbiyasiz yomon bolalarga qo'shulmas. Ota va onasi, muallimining so'zlaridan chiqmas. Birovdan yaxshilik ko'rsa esidan chiqarmas. "Millat" degan so'zni jonidan ortiq suyar... "
Farzandlarimizni ulug' ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy xazinalar bilan kamol toptirsak, inshaalloh murodimizga etamiz. Yurtboshimizning bobolarimiz qoldirgan bebaho ilmiy meroslari haqida takror-takror gapirishi bejiz emas. U ilmiy meroslarda ham Qur'on, ham sunnat ta'limotlari, yana dunyoviy ilmlar taraqqiyoti musajjam.
Alloh taolo farzandlarimizni salohiyatli, vataniga, xalqiga muhabbatli avlodlar bo'lib kamol topmog'ini nasib aylasin.
Abdurahmon ARTIQOV,
Andijon shahar "Uyg'ur" jome masjidi imom-xatibi.
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati