O'MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom G‘azzoliy “Ihyo” kitobida asli tavakkul bo‘lgan tavhidning haqiqatini bunday bayon qiladilar: “Bilginki, albatta tavakkul qilish iymon bobidandir. Barcha iymon boblari ilm, hol va amaldan iboratdir. Shuningdek, tavakkul ham ilm, hol va amaldan iboratdir. Ilm bu, asosi va mohiyati, amal esa, mevasidir, hol esa tavakkul qilishdir.
Keling asos bo‘lgan hamda til jihatidan iymon deb nomlangan ilmni bayon qilish bilan boshlasak. Chunki iymon tasdiqlashdir. Qalb bilan tasdiq qilingan har bir narsa ilmdir. Agar tasdiq kuchli bo‘lsa chinakam ishonch deb nomlanadi. Ishonch eshiklari esa juda ham ko‘pdir. Biz esa, bu joyda o‘sha ishonch eshiklaridan tavakkulgagina ehtiyojimiz bor. U, sening “Sherigi bo‘lmagan yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q”, degan qavlingdagi ifoda tavhiddir, “Barcha mulk unikidir”, degan qavlingdagi ifoda Allohning qudratiga ishonchingdir hamda “Barcha hamd u uchun”, degan qavling Allohning saxiy va hikmatli zot ekaniga iymon keltirganingga dalolat qiladi.
Kimda kim, “Laa ilaaha illalloh vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku valahul hamdu vahuva a’la kulli shayin qodiyr”, desa undagi tavakkulning asosi bo‘lgan iymon mukammal bo‘ladi. Men nazarda tutgan narsa, bu qavlning ma’nosini insonning qalbi lozim tutishi, vasf qilishi hamda uning ustida g‘olib bo‘lishidir. Ammo, asos bo‘lgan tavhid haqida so‘z juda ham uzundir .
So‘ng G‘azzoliy ilm haqidagi so‘zda uzoq fikr yuritib tavakkulning ismi bo‘lgan “Hol” ni sharhlashga o‘tadilar. “Haqiqiy tavakkul qilish holdan iboratdir. Ilm uning asosi va amal esa uning mevasidir”, dedilar.
Tavakkulning chegarasini bayon qilishda chuqur ketuvchilar ko‘p shartlarni qo‘yganlaridan, ularning ta’birlari ham turlicha bo‘ldi. Ularning har biri o‘zidan kelib chiqqan holda gapirdi va uning chegarasi haqida xabar berdi. Uni naql qilishda va u haqida ko‘p gapirishda foyda yo‘q.
Biz esa, undan yopinchiqni ochamiz va aytamizki: Tavakkul: “Vakolat”dan hosil bo‘lgandir. Misol uchun, uning barcha ishi ungadir, deyilsa. Uni unga vakil qilibdi va u ishda unga suyanibdi degan ma’no chiqadi. Biror bir ishda amrni unga topshiriluvchini hamda suyaniluvchini “vakil”deb, nomlanadi. Vakolatni topshiruvchini unga tavakkul qiluvchi va unga ishonuvchi deb nomlanadi. Chunki u ishda vakolatni topshiruvchining nafsi xotirjam bo‘ldi, unga ishondi va u ishda xatoga yo‘l qo‘yishligiga shubha qilmadi hamda u ishda uni ojiz va qodir emas deb, e’tiqod qilmadi. Bas tavakkul qalbni yolg‘iz vakilga suyantirishdan iboratdir .
Shu bilan birga, albatta tavakkul – barcha iymon va ruhiy o‘sish maqomotlarining boblari kabi uch bo‘lakni o‘z ichiga oladi: ma’rifiy idrokiy, vijdoniy atifiy (hol haqida ta’bir qiladi) va irodiy sulukiy (amal haqida ta’bir qiladi).
Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitobidan Yahyo domla ABDURAHMONOV tarjimasi