Samarqandda turizmning asosiy yo'nalishlaridan biri – ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettiriladi.
Bu haqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish bo'yicha departament boshlig'i Dilshod Narziqulov O'zA bilan suhbatda aytib o'tdi.
Unga ko'ra, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi atrofida "halol" standartiga to'liq javob beradigan umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va savdo markazi tashkil etish rejalashtirilgan.
"Bugungi kunga kelib xalqaro standartlarga to'la javob beradigan ettita uch-to'rt yulduzli mehmonxona qurilmoqda. Ushbu ob'ektlarning ishga tushirilishi bilan viloyatning ziyorat turizmidagi salohiyati sezilarli darajada oshadi va mehmonlarning uzoqroq yashashi uchun sharoit yaratiladi. Nurobod tumani Oqsoy qishlog'idagi "Hazrati Dovud" majmuasiga tutash hududda "Oqsoy HD" MChJ dor yo'li tortish uchun 5 million AQSh dollari qiymatidagi loyihani amalga oshirmoqda. Viloyatning tog'li hududlarida sanatoriy-sog'lomlashtirish maydonlarini qurish bo'yicha ham amaliy ishlar boshlandi. Hozirgi kunda 30 dan ortiq dam olish joylari mavjud bo'lib, ular kuniga 4 700 nafar mehmonni qabul qilishi mumkin", - deydi Narziqulov.
U, shuningdek, 2019 yilning oxirida, taxminan 150 million sayyohlar ziyorat turizmi doirasida butun dunyo bo'ylab sayohat qilishganini ma'lum qildi.
"Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan turoperatorlar tomonidan viloyatning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyatini keng targ'ib etish, ushbu yo'nalishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Samarqandning kelasi besh yilda ziyorat turizmi uchun dunyodagi eng yaxshi o'n yo'nalishdan biriga aylanishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Samarqandda piyodalar yo'llarini ta'mirlash, shahar atrofi va ichkarisida velosiped yo'llarini yaratish, 30 ta yangi madaniy meros ob'ektini sayyohlik yo'nalishlariga kiritish kabi vazifalar belgilab olindi", - deb xulosa qildi Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boshlig'i.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamlarda turli xil qiziqish bo‘ladi. Bir odam zamonasida qancha ulug‘ zot bo‘lsa, hammasining huzuriga borib, «agar ertaga oxirgi kuningiz ekani ma’lum bo‘lsa, o‘sha kunda qanday amal qilasiz?» deb so‘rardi. Bu odamning maqsadi Allohning valiylari nazdidagi savobi eng ko‘p va najotga sabab bo‘ladigan amalni bilish edi. Shunday qilib, turli xil odamlarning oldiga borib, shu savolni berib yurdi. O‘sha paytdagi mashhur muhaddis Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh huzurlariga ham bordi va u kishidan ham shu savolni so‘radi: «Agar sizga ertaga vafot etishingiz ma’lum bo‘lsa, bugun qanday amal qilgan bo‘lar edingiz?».
Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh shunday deb javob berdilar: «Mening har kuni qiladigan amalim bor, o‘shani qilaman. Unga birorta amal qo‘sha olmayman. Chunki vaqtlarimni shunday tartiblab olganmanki, go‘yo har bir kun mening eng oxirgi kunimdir. Ertalabdan kechgacha hayotimni shunday tartibga solganmanki, go‘yo bugun hayotimning oxirgi kuni va men qaysi amalni qilishim kerak bo‘lsa, o‘sha amalni qilyapman».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan