Taraqqiyotning yangi bosqichida ham “sog'lom ona va sog'lom bola”, “sog'lom onadan sog'lom bola” kabi ezgu g'oya asosida juda ko'plab dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu bejiz emas albatta. Chunki farzand – Alloh taoloning insoniyatga ato etgan behisob ne'matlari ichida eng qadribaland va azizi ekanini, shu bilan birga, cheksiz umidlar ila bir yostiqqa bosh qo'ygan ikki insonga “ota va ona” degan sharafli nomni yuklanishiga asos ekanini ham hech kim inkor etolmaydi. Farzandning qanchalar buyuk ne'mat ekani, uni Yaratguvchi Allohdan o'zga hech kim bera olmasligini teranroq anglash uchun “o'zgalarga ibrat” bo'lgan befarzandlarning hayotiga nigoh tashlash lozim bo'ladi. Shunda uning qanchalar cheksiz va buyuk ne'mat ekanini anglab etish imkoni yanada ziyoda bo'ladi.
Islom ta'limotiga muvofiq, kelajakda ota yoki ona bo'lmishlarning bo'lajak farzandlari oldidagi eng birinchi burchi unga munosib ona yoki ota tanlash majburiyatidir. Chunki hadislardan birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Urug'laringizga ixtiyorni yaxshi qiling. Nikohingizga tengni toping va ularga nikohlaning» dedilar. Mazkur hadisdan xar bir turmush quradigan o'g'il-qiz, kelajakda dunyoga keladigan dilbandiga dunyo va din masalasida munosib bo'lgan ona va ota tanlashi ulug' bir vazifa ekani anglashiladi. Shu bilan birga turmush qurishda musulmon inson nafaqat shaxsiy manfaatini balki, zurriyodining ham manfaatini o'ylamog'i lozim ekani ayon bo'ladi. Sababi farzandning barcha shaxsiy sifat va xususiyatlari nasl ya'ni irsiyat orqali o'z ota-onasidan o'tishi barchaga kundek ravshandir. Aynan mana shu sababdan bolaning ota va onasini tanlanayotganda ularning avvalo ma'naviy va jismoniy jihatdan sog'lom va barkamol ekaniga e'tibor qaratish lozim bo'ladi. Oqibatda esa mazkur farzand butun hayoti davomida o'zini dunyoga keltirganlardan ko'ngli surur va faxrga to'lib hayot kechiradi.
Shuni ham ta'kidlab o'tish lozimki, nikohdan oldin tibbiy ko'rikdan o'tish ham shariat izn bergan narsalardandir. Zero, bu jarayonni kuyov va kelin o'zlarining sababidan kelajakda dunyoga keladigan farzandlarining aqlan va jismonan salomatligi xaqida kuyinishi va qayg'urishi deyilsa ham aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Mazkur jihatlardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo'lsak, dunyoga keladigan bolaning ham ruhiy-ma'naviy, ham jismoniy salomat bo'lishining tashvishini buyuk ne'mat – farzand dunyoga kelmasdan avval emas, balki homila vujudga kelmasdan avval boshlamog'imiz, buning uchun esa eng avvalo: «kimga qiz uzatyapmiz?» va «kimni kelin qilyapmiz?» kabi savollar asosida chuqurroq mulohaza qilmog'imiz lozim bo'ladi.
O'MI mutaxassisi Akmalxon AHMYeDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.