28 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov va Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilovning Qashqadaryo viloyatiga xizmat safarlari davom etdi. Mutasaddilarga O'zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatulloh domla Usmonov hamrohlik qilmoqda.
Bugun dastlab imom-xatiblar bilan muloqot o'tkazildi. Unda muftiy hazratlari hozirgi murakkab davr va sinovli kunlarda diniy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalarni bayon etdilar. Jumladan, xalqimizning diniy-ma'rifiy ehtiyojlarini ta'minlash va og'ir kunlarda aholiga ko'makchi bo'lish, ish faoliyatni zamon talablari darajasida olib borish zarurligi va o'z ustilarida tinimsiz ishlash kerakligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, muloqotda so'zga chiqqanlar tomonidan tizimda olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud muammolar va kamchiliklar tinglandi, echimi bo'yicha aniq takliflar berildi. Shuningdek, ish faoliyatni yanada takomillashtirish va jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashda ularning o'rni kabi masalalarga ham alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda mamlakatimiz bo'ylab olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga etish hamda shukronalik hissi bilan yashash to'g'risida keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarini olib borish kabi yo'nalishlarga alohida to'xtalib o'tildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondining yangi rahbari Yahyo Abdurahmonov imom-xatiblarga tanishtirildi va kelgusida hamkorlikda ishlash yuzasidan yo'nalishlar berildi.
Qashqadaryo viloyati safari davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov 25 sentyabr kuni Mokpo shahridagi "Imom al-Buxoriy" masjidiga tashrif buyurdi.
Ma’rifiy suhbat davomida Imom Buxoriy hayot va ijodi, u zotning hadislaridan namunalar, ibratli voqealardan misollar keltirildi. Shuningdek, yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, soxta salafiylik kabi oqimlaridan uzoqda bo‘lish, mazhabga amal qilish, har qanday diniy savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan javob olish tavsiya etildi. Buning uchun xorijdagi hamyurtlarimizning savollariga javob beruvchi @fatvo_call_1 (Telegram orqali), @fatvo_call_2 (Telegram orqali) hamda +998917806633 (WhatsApp orqali) havolalari tashkil etilgani aytib o‘tildi.
Suhbat davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Namozdan so‘ng ona vatandan, yaqinlaridan uzoqda yurgan hamyurtlarimizning o‘qish va ishlarida Yaratgan madadkor bo‘lishini tilab duolar qilindi. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etilgan 5 turdagi diniy-ma’rifiy bukletlar tarqatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati