— Namozdagi duolarning bitta so'zini yoki biror harfini noto'g'ri o'qisa yoki talaffuz qilsa ham ma'nosi o'zgarib ketadi, deyishadi. Agar shunday xatolar bilan namoz o'qisak, namoz buzilgan bo'ladi-mi? Qabul bo'lmaydi-mi? Ko'nglimizda shunday shubha bo'lsa, nima qilish kerak? Birovlar sahv sajdasini o'qish kerak deydi. Shu haqda ma'lumot bersangiz.
— Musulmon shaxs hayotining barcha sohalarida doimiy ravishda barkamollikka erishish harakatida bo'ladi. Shuningdek, namoz kabi amallarda ham kechasidan buguni yaxshi bo'lishiga urinadi. Siz aytgan holatlarda ham namozning qiroati, duolari va amallarini to'liq qilishga intiladi.
Demak, imkon boricha to'g'ri o'qishga harakat qilishi lozim bo'ladi. Ammo bir harfini qoldirsa, namozi durust bo'lmaydi, deyilgani qiroat haqidadir, duolar borasida bunchalik emas. Nima bo'lganda ham, xatolarni to'g'rilashga va xatosiz o'qishga intilish darkor. Ibodatni albatta, meniki qabul bo'ladi, degan ishonch bilan qilish kerak. Sahv sajdasi shart bo'lmaydi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va moliyaviy xizmatlarni ommalashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon diniy muassasalar faoliyatida ham o‘z aksini topib, masjidlarga xayriya qilish va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish tizimi raqamlashtirilmoqda.
Bugungi kunda Payme va Click to‘lov ilovalari orqali “Xayriya” bo‘limida masjidlar va jamoat tashkilotlariga onlayn mablag‘ o‘tkazish imkoniyati mavjud. Foydalanuvchi ilovada tegishli tashkilotni tanlab, ixtiyoriy miqdordagi mablag‘ni Uzcard yoki Humo kartalari orqali amalga oshiradi. Barcha operatsiyalar elektron chek va to‘lov tarixi orqali tasdiqlanadi.
Shuningdek, Domo ilovasi orqali ayrim hududlarda masjidlarning elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarini onlayn tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Bu esa qarzdorlikni nazorat qilish, hisob-kitoblarni tizimli yuritish va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Raqamli yechimlar masjidlar faoliyatida moliyaviy shaffoflik, tezkorlik va samaradorlikni ta’minlab, fuqarolar uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Kelgusida mazkur xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati