Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon ovqatni yomonlamaganlar, yoqtirsalar eganlar, yoqtirmasalar emaganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Halol taom banda uchun Alloh taoloning ne'mati hisoblanadi. Har bir ne'mat uchun banda Alloh taologa shukr qilishi lozim. Faqat nonko'r insongina shukr o'rniga taomni ayblashga o'tadi.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Xorijdagi elchixona va konsullik idoralari tomonidan chet eldagi vatandoshlar ishtirokida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan ko‘plab saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mehr-shafqat, bag‘rikenglik va saxovat oyi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va iftorliklar xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga milliy-diniy qadriyatlarni yetkazish maqsadida tashkil etilyapti.
“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan xayrli tadbirlar xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarni bir davraga birlashtirish imkonini bermoqda.
Uchrashuvlarda vatandoshlarimizga Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, islom dini arkonlari, muhtoj va ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash kabi masalalarda keng tushuncha berilmoqda.
Madaniy-ma’rifiy tadbirlarda davlatimiz tomonidan yuborilgan diniy ulamolar ham qatnashib, hamyurtlarimizga islom dinining haqiqat, ezgulik, adolat, xayrixohlik, bag‘rikenglik borasidagi ahamiyati, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz, diniy ma’lumotlardan foydalanish manbalari, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik kabi masalalarda fikr yuritmoqda.
Bugungi kungacha, Tokio, London, Doha, Jidda, Chongju, Vashington, Nyu-York, Nyu-Jersi, Filadelfiya, Anqara, Istanbul, Chanqay, Karabyuk, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Kemerovo, Yekaterinburg, Vladivostok, Xabarovsk, Kaliningrad, Rostov-Don, Irkutsk, Qohira, Praga, Kuala-Lumpur, Boku kabi yirik shaharlarda iftorlik tadbirlari yuqori darajada tashkil etildi.
Chet eldagi elchixona va konsullik idoralari Ramazon hayiti bayramigacha yana ko‘plab shaharlarda milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda vatandoshlar ishtirokida ana shunday uchrashuv va iftorliklar o‘tkazishni reja qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati