Salim ibn Jobir (Jobir ibn Salim ham deyiladi) Hajimiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib dedi:
- Ey Allohning Rasuli! Menga nasihat qiling!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Allohdan qo'rq! Garchi idishingdagi suvni birodaringga bo'shatib berish yoki unga gapirganingda ochiq yuzli bo'lish bo'lsada yaxshi ishlarni hech qachon kichik dema! Izoringni osiltirib yurishdan saqlan! U kibrdandir. Alloh uni sevmaydi. Agar bir kishi seni senda biladigan aybi bilan ayblasa sen uni undagi ayb bilan ayblama. Uni tek qo'y. Gunohi o'ziga, ajri senga bo'ladi. Hech kimni so'kma!"
Ibn Jobir roziyallohu anhu aytadi:
«Shundan so'ng insonni ham, boshqa narsani ham so'kmadim».
Yaxshilikni hech qachon kichik dema. Qaysi ish bizni jannatga olib kirishini bilmaymiz.
Mushuk o'tib ketishi uchun mashinangni to'xtatishing ham yaxshilik.
Bir qariyani yo'ldan o'tkazib qo'yishing ham yaxshilik.
Nogiron kishining aravachasini sudrashing ham yaxshilik.
Ishlab turgan kishiga bir piyola suv berishing ham yaxshilik.
Yoshi katta insonning yukini engillatishing ham yaxshilik.
Er-xotin orasini isloh qilishing yaxshilik.
Ayolingni erkalatishing ham yaxshilik.
Farzandlaringni kechirishing ham yaxshilik.
Qo'shningga biror narsa hadya qilishing ham yaxshilik.
Bemorning dori-darmoniga yordam berib yuborishing ham yaxshilik.
Yaxshilikning intihosi yo'q. Allohga olib boradigan yo'llar insoniyatning nafasi miqdorida ko'pdir. Oldida shuncha yo'l bo'la turib to'xtab qolgan kishi qanchalar baxtsiz!
O'zingizga «yaxshilik qilganga yaxshilik qil, yomonlik qilganga yomonlik qil» degan tarozu yasab olmang. Agar biz yomonlikka yomonlik qilaversak yomonlik qachon tugaydi?!
Dunyoda bir xulq bor uning nomi «o'zni baland tutmoq (bu kibr emas)». Hech kimga seni o'zining axloqi darajasiga tushirishiga yo'l qo'yma. Har bir janjalga qo'shilma. Oldingda sodir bo'lgan har qanday urushga aralashaverma. Bugungi urush-janjallarning ko'pchiligi arzimasdir. Unda garchi g'olib bo'lsangda g'alaba nashidasini his qila olmaysan. Ammo mag'lub bo'lsang mag'lubiyat alamini tortasan. Axloqidan voz kechgan kishiga teng kelish uchun axloqimizdan voz kechsak undan nima farqimiz qoladi?!
Oqil inson faqatgina jannatni o'z bahosi deb biladi. Yo'li jannatga olib bormaydigan masalani u nima bo'lsa ham tark qil. Natija qanaqa bo'lmasin sen sen g'olib bo'lasan. Avf qilish bilan Alloh insonning faqat izzatini ziyoda qiladi.
Kunlar aylanib haq sohibi albatta g'olib bo'ladi. Botil egasi esa mag'lub bo'ladi. Bu Allohning insonlar ichidagi joriy qonunidir. Yusuf alayhissalomni arzimas pulga sotib yuborgan qo'llar vaqt o'tib u zotdan sadaqa so'rab u zot alayhiscalomga uzatildi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamni «sehrgar», «shoir», «yolg'onchi», «majnun» deb haqorat qilganlar oxirida Makka fathi kuni u zotga: «Sen oliyjanob insonsan, oliyjanob insonning o'g'lisan!», deyishgan edi.
Abdulqodir Polvonov
Bugun, 24 oktyabr kuni Respublika ma’naviyat markazida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, mutasaddi vakillar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatini Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov olib bordi.
Ma’rifiy tadbirda Muftiy hazratlari o‘z nutqlari davomida mavzu bugun dolzarb ekanini ta’kidlab, masjidlarda imom domlalar to‘ylar, oilaviy tantanalar va marosimlarni o‘tkazishda tejamkorlik tamoyillariga amal qilish, isrofgarchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha doimiy ilmiy suhbat va tushuntirish olib borayotgani, shuningdek, hojilar bilan birga “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida amaliy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotganini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilish so‘ngida umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish bo‘yicha 2025 yil oktyabr-dekabr oylarida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi qo‘shma chora-tadbirlar dasturi imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati