Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2025   |   16 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:35
Bismillah
11 Iyul, 2025, 16 Muharram, 1447

20.11.2020 y. Har kim ham Qur'on va hadisdan hukm olishga haqli emas!

17.11.2020   6566   15 min.
20.11.2020 y. Har kim ham Qur'on va hadisdan hukm olishga haqli emas!

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "إيَّاكُمْ وَالفُرْقَةَ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ

HAR KIM HAM QUR_''ON VA HADISDAN HUKM OLIShGA HAQLI EMAS!

Muhtaram jamoat! Ushbu mavzuni yoritishimizdan maqsad, hozirgi kunda ba'zilar o'zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto'g'ri fatvolar berib, o'zini va o'zgalarni adashtirmoqda. Aslida,  Qur'on karim va hadisi sharifdan hukm olish yoki bir masala chiqarish har kimning ham qo'lidan kelmaydi. Bu mas'uliyatli ishni ijtihod (oyat va hadislardan hukm chiqarish) darajasiga etgan mujtahid zotlargina amalga oshirishlari mumkin.

“Nurul-anvor” kitobida Qur'on va hadisdan hukm chiqarish uchun quyidagi shartlar topilishi bayon qilingan:  

وَشَرْطُ الْاِجْتِهَادِ أَنْ یَحْوِیَ عِلْمَ الْکِتَابِ بِمَعَانِيْهِ اللُّغَوِیَّةِ وَالْشَرْعِیَّةِ وَعِلْمَ السُّنَّةِ بِطُرُقِهَا

 وَأَنْ یَعْرِفَ وُجُوهَ الْقِیَاسِ بِطُرُقٍ

ya'ni: “Ijtihod qilishning sharti – Qur'oni karimni lug'aviy va shar'iy ma'nolarini puxta bilish, hadis va uning etib kelish yo'llarini hamda qiyosning turlarini chuqur anglab etishdir”.

Qur'oni karimni bilishdegani – Qur'onning ma'nolarini qisqacha tushunish emas, balki, Qur'oni karimga doir barcha ilmlarni chuqur bilish va bu sohada mohir bo'lish kerak. Ya'ni, nosix (o'zidan oldingi oyatning hukmini bekor qiluvchi) va mansux (hukmi to'xtatilgan) oyatlar haqidagi ilm, mutlaq (umumiy ma'noda kelgan) va muqayyad (maxsus bir ma'noda kelgan) oyatlar haqidagi ilm, sababi nuzul – oyatlarning tushish sabablariga doir ilm, arab tili, usulul fiqh, balog'at va fasohat fanlarida mohir bo'lishi va bunga doir zaruriy ilmlarni o'zida hosil qilgan bo'lishi kerak.

Hadis ilmini bilish degani – “sahih”, “hasan” va “zaif” hadislarni bilish, hadis roviylarining tarixini bilish, nosix (o'zidan oldingi hadisning hukmini bekor qiluvchi) va mansux (hukmi to'xtatilgan )  hadislarni bilish va  bunga doir zaruriy ilmlarni o'zida hosil qilgan bo'lishi zarur.

Qiyos yo'llarini yaxshi bilish degani – oyat yoki hadis yoxud ijmoda dalili kelgan masalaning illati (sababi) shar'iy hukmi bo'yicha dalil kelmagan masalada topilib, unga tenglashtirishdir. Qiyos qilishning bir qancha shartlari va qonun-qoidalari bor. Qiyos qiluvchi kishi mana shu ilmlarni barchasini bilishi lozim.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida oyatlardan hukm chiqarganlar va asosiy barcha masalarning echimini bayon qilganlar. Bu haqda Alloh taolo Rusululloh alayhissalomga xitob qilib, shunday marhamat qilgan:

وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ

ya'ni: “Odamlarga nozil qilingan narsani ularga bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun sizga zikr (Qur'on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 44-oyat).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin sahobai kiromlar, tobe'inlar va taba'a tobe'inlar ba'zi masalalarda ijmo qilganlar (yakdil fikrga kelishganlar) va masalalarni bir-biriga qiyos qilganlar.  Natijada, to'rt mo''tabar mazhab shakllandi va bu to'rt mazhabni to'g'ri ekanligiga barcha ulamolar ittifoq qildilar. O'sha paytdan beri yangi zamonaviy masala paydo bo'lsa, etuk ulamolar Qur'on, hadis, ijmo va qiyoslarga suyanib masalaga echim topganlar. To'rt mazhabni tashkil topishi hijriy 2-3 asrlarga to'g'ri kelsa-da, bular hozirgi hijriy 15 asrgacha  bir-birlari bilan ahl-inoq, o'zaro hurmat-ehtirom va tinch-totuv yashab kelmoqdalar. To'rt mazhab imomlari qilgan ishni quyidagi rivoyat qo'llab-quvvatlaydi:

وَقَدْ وَرَدَ اَنَّهُ سَأَلَ عَلِيٌ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ رَسُولَ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا رَسُولَ اللهِ! مَا اَفْعَلُ اِنْ اِعْتَرَضَنِي اَمْرٌ وَلَمْ اَجِدْ فِيْهِ  فِي كِتَابِ اللهِ وَلاَ فِي سُنَّةِ رَسُولِهِ شَيْأً؟ فَقَالَ: "شَاوِرُوا الْفُقَهَاءَ وَالْعَابِدِيْنَ وَلاَ تَمْضُوا فِيْهِ رَاْيَ خَاصَّةٍ"

(رواه الإمامُ الطبرني)

ya'ni: Hazrati Ali raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan so'radilar: “Ey Allohning Rasuli, agar menga bir masala ro'baro' bo'lsa-yu men uning echimini Allohning kitobdan ham Rasulining sunnatidan ham topolmasam unda qanday yo'l tutay? Payg'ambarimiz alayhissalom: “Faqih va obidlar bilan maslahatlashinglar, bu ishda xos bir fikrni joriy qilmang” dedilar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Ammo oxirgi ikki asrda toifalar chiqib, odamlarni mazhabsizlikka chaqirib, o'zlarini go'yo Qur'on va hadisga amal qiluvchilardek ko'rsatmoqdalar.  Ularning iddaolaricha har bir musulmon Qur'on va hadisdan to'g'ridan to'g'ri hukm olishga haqli va mazhablar islom ummatini tafriqaga solgan emish. Biz faqat Qur'on va hadisga amal qilib, hamma ummatni bir qilamiz, deydilar. Vaholanki, ushbu mazhabsizlar o'tgan ikki asr mobaynida o'zlarini oralarida bir qancha firqalarga bo'linib ketdilar. Ularda muayyan maslak va mustahkam umumiy qoidalar yo'qligi bois o'zaro, kelisha olmasdan turli ixtiloflarga bordilar.

Mazhabsizlikka targ'ib qiluvchilar: “Kelinglar, mazhablarni qo'yaylik, Qur'on va sunnatga birlashaylik”, deydilar. “Qur'on va hadisga qanday birlashamiz”, deyilsa, “Ijtihod qilamiz”, deyishadi. Paydo bo'lganiga endigina ikki asrdan ortiqroq vaqt o'tgan salafiylik oqimi hozirning o'zida bir necha toifaga bo'lingan. Jumladan, As-salafiyatul-ilmiya, As-salafiyatul-jihodiya, As-salafiyatus-sururiya, As-salafiyatul-jomiya.

Ahli sunna val jamoa mujtahidlarining mazhablarini 14 asrdan beri butun islom ummati bir ovozdan haq, deb qabul qilganlar. Bemazhablarning yo'llari esa, boshlangandan hozirgacha aksar olimlarning e'tiroziga sabab bo'lib kelmoqda. Ularning mazhabini o'zlari va hissiyotga berilgan yuzaki ilm bilan mashg'ul bo'lganlar qabul qilishdi xolos.

Afsuslar bo'lsinki, barcha etuk olimlar e'tirof qilib turgan mazhabdan ba'zi yurtdoshlarimiz yuz o'girib, “men Qur'on va hadisdan o'zim hukm olaman” deb, katta xato qilmoqdalar. Sababi, kishi Qur'oni karim tarjimasini o'zini bilishi yoki bir nechta hadislardan xabardor bo'lishini o'zi hukm chiqarishga kifoya qilmaydi.  Yuqorida sanaganimizdek, hukm chiqarish uchun ko'plab ilmlardan xabardor bo'lib, ularni puxta o'zlashtirish lozim. Sababi, ilmsiz fatvo berish shariatimiz ko'rsatmalariga ko'ra, harom hisoblanadi. Chunki ilmsiz fatvo berish Alloh va Uning Rasuli nomidan yolg'on gapirishdir. Ilmsiz fatvo berish boshqalarni adashtirishdir. Insonlarni adashtirish, zalolatga boshlash esa katta gunohdir. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:

 "مَنْ أَفْتَى بِغَيْرِ عِلْمٍ كَانَ إِثْمُهُ عَلَى مَنْ أَفْتَاهُ وَمَنْ أَشَارَ إِلَى أَخِيْهِ بِأَمْرٍ يَعْلَمُ أَنَّ الرُّشْدَ فِي غَيْرِهِ فَقَدْ خَانَهُ"

(رواه الإمامُ أبو داود)

ya'ni: “Kim ilmsiz fatvo bersa, uning gunohi fatvo bergan kishiga bo'ladi. Kim o'z birodariga to'g'ri yo'l boshqa tomonda ekanini bilib turib, ikkinchi bir yo'lga ishora qilsa, unga xiyonat qilibdi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Hadislardan hukm chiqargan mujtahid ulamolarimiz bir mavzuda nechta hadis bo'lsa, shularni jamlab va saralab keyin fatvo berganlar. Chunki bir mavzudagi hadislarni to'liq o'rganmasdan turib berilgan fatvo xato bo'lishini ehtimoli kattadir. Zero, ba'zi sahih hadislar mansux (hukmi bekor) bo'lgan bo'lishi mumkin.

 Buyuk muhadis olim Yahyo ibn Ma'indan so'rashdi: “Mingta hadis bilgan odam fatvo berishi mumkinmi?”. U zot: “Yo'q”, – dedi. “Ikki ming hadis bilgan odamchi?”, – deb yana so'rashdi. U zot: “Yo'q”, – dedi. “Besh ming hadis yodlaganchi?”, – deyishganida: “Bu ham fatvo berishga kamlik qiladi”, – degan ekanlar.

Abu Aliy az­Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis etarli, yuz ming hadis etadimi?” – dedim. U: “Yo'q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo'q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo'q”, – dedi. Men: “To'rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo'q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo'lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.

Shuni ham unutmaslik kerakki, dindan bexabar bo'la turib diniy savollarga javob berishga jur'at qilish juda katta xatar hisoblanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرَؤُكُمْ عَلَى النَّارِ

(رواه الامام الدارمي عن عبد الله بن أبي جعفر رضي الله عنه)

ya'ni: “Fatvoga jur'atli bo'lganlaringiz do'zaxga jur'atli bo'lganingizdir”, – deganlar (Imom Doramiy rivoyatlari).

Shunday ekan, diniy savolga javob berishni o'z mutaxassislariga topshirgan maqsadga muvofiqdir.

Hatib Bag'dodiy o'zining “Nasihatu ahlil hadis” kitobida quyidagi rivoyatni keltirgan:

وكَانَ الْأَعْمَشُ يَسْأَلُ أَبَا حَنِيْفَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنِ الْمَسَائِل فَيُجِيْبُهُ فَيَقُولُ: مِنْ أَيْنَ لَكَ هَذَا فَيَقُولُ: أَنْتَ حَدَّثْتَنَا عَنِ النَّخَعِي بِكَذَا أَوْ عَنِ الشَّعْبِي بِكَذَا فَيَقُولُ: الْأَعْمَشُ عِنْدَ ذَلِكَ يَا مَعْشَرَ الْفُقَهَاء أَنْتُمُ الْأَطِبَّاءُ وَنَحْنُ الصَّيَادِلَةُ

ya'ni: Imom A'mash (Bu zotdan Imomi A'zam rahmatullohi alayh ko'p hadislarni o'rganganlar) Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan ayrim masalalar borasida so'rar va Abu Hanifa u kishiga javoblarini aytardilar. Imom A'mash hayratlanib: “Bu narsalarni qayerdan bilding?”, desalar, Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “o'zingiz bizlarga Ibrohim Naxaiydan falon hadisni, Sha'biydan falon hadisni aytib bergansizku?! (ana o'shalardan chiqarganman)” der edilar. Shunda A'mash: “Ey faqihlar jamoasi! Sizlar tabiblarsiz, biz esa dori tayyorlovchilarmiz”, degandilar.

Shundan ham bilamizki, qadimda faqihlar albatta hadisdan ilmi bo'lgan yoki aksincha, muhaddislarning fiqhdan nasibasi bo'lgan va ular faqih olimlar so'zini e'tiborli sanaganlar. Ulardan keyingilarda ham shu holat kuzatilgan. Ibn Hajar Asqaloniy faqihlardan bo'lishlari bilan bir qatorda hadis ilmida peshqadam bo'lganliklari hech kimga sir emas. Badruddin Ayniy ham katta alloma, faqih va muhaddis bo'lganlar. U kishi hanafiy fiqhida mashhur bo'lgan “Al-Hidoya” kitobini sharhlash bilan bir qatorda imom Buxoriyning “Al-Jome as-sahih”lariga ham nihoyatda mukammal sharh yozganlar. Shu ikki Imom va boshqa ko'plab zabardast ulamolar ham mazhabni tark qilib, “men oyat hadisdan o'zim hukm olaman” deganlari yo'q, balki, so'zsiz mazhabni mahkam ushlab, shunga amal qildilar.

Ma'lumki, vatandoshimiz Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya” asarlarini butun islom olami o'qiydi. Ayniqsa, “Al Hidoya” ni bugungi kunda ham dunyodagi ko'zga ko'ringan al-Azhar kabi universitetlarda darslik sifatida o'qitilmoqda. Ushbu mo''tabar kitob ingliz, rus tillariga va boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Eng e'tiborlisi, Burhoniddin Marg'inoniy xazratlari biron masalada o'zlaricha Qur'on va hadisdan hukm olmaganlar. Faqatgina mazhab sohiblari, mujtahidlarning olgan hukmlarini keltirganlar. Shunday ulug' zotlar ham to'g'ridan to'g'ri hukm olishga jur'at etmadilar. Ular dinimizni sof holatda bizgacha etib kelishiga xolis xizmat qilgan zotlardan edilar.

Hijriy 10 asrda yashab o'tgan olim Jaloliddin Suyutiy 600 ga yaqin ustozdan ta'lim olgan, 750 ta kitob yozgan, 200 mingta hadisni sanadlari ila yod olgan edilar. Shu zot ham shofe'iy mazhabiga  amal qilganlar.

Hulosa qilib aytganda, mujtahidlar kabi sifatlarga ega bo'lmasdan turib hozirgi kunda Qur'ondan yoki hadisdan o'zim hukm olaman degan kishilar Qur'on va hadisning zohiriy ma'nolaridan hukm olib, o'zlari ham adashadilar va o'zgalarni ham adashtiradilar.

Alloh taolo barchamizni ota-bobolarimizning mazhablari bo'lmish Imomi A'zam rahmatullohi alayhning yo'llarini ushlab, bir yoqadan bosh chiqarib, ixtilof va tafriqachilikka berilmasdan, o'zaro hamjihatlikda hayot kechirib borishimizni nasib aylasin! Omin!

 

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Qabriston ziyorati odoblari va unda bid'at va xurofotlardan tiyilishhaqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi

11.07.2025   356   3 min.
O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi

Londonda muhim madaniy voqea bo‘lib o‘tdi: Buyuk Britaniyada ilk bor O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq, Islom sivilizatsiyasining oltin davrlariga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalari va tarixiy artefaktlardan iborat kolleksiya namoyish etildi. Ushbu muqaddas yodgorliklar yillar davomida xususiy kolleksiyalar va muzeylarda saqlangan, endilikda ular o‘z diyori – O‘zbekistonga qaytmoqda.

 

Dunyoning mashhur Sotheby’s va Christie’s auksion uylari mezbonligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmalar 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning bir qismidir. So‘nggi yillarda milliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan yo‘qolgan madaniy merosni izlash va aniqlash bo‘yicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

 

Londondagi ikki ko‘rgazmada ilk bor xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan eksponatlar orasida dunyoning yetakchi olimlari, ekspertlari, mas’ul mutaxassislar, mashhur muzey va kutubxonalar vakillari  va kolleksionerlari ishtirok etdi.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu madaniy-ma’rifiy mega platforma – Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusini ilgari surish barobarida shaxsan uning amalga oshirilishiga boshchilik qilmoqda. Tarixiy va ma’naviy durdonalarni  Vatanga qaytarish bo‘yicha davlatimiz  rahbarining to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirig‘i asosida  ushbu keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu faqat tarixiy artefaktlarning  qaytishi emas – bu xotiraning, milliy o‘zlikning va O‘zbekistonning islom merosini asrashdagi betakror rolini tan olishning timsolidir, – deya ta’kidladi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ko‘rgazma ochilish marosimida.

 

Namoyish qilingan nodir artefaktlar orasida IX-XIII asrlarga oid  Qur’on qo‘lyozmalari sahifalari, miniatyuralar, nafis zargarlik buyumlari, maishiy buyumlar, matolar va san’at asarlari bor. Ular O‘zbekistonni jahondagi muhim intellektual markazlardan biri sifatida ko‘rsatadi.

 

– Ushbu ko‘rgazmalar – O‘zbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa bo‘lib, yosh  avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. O‘z merosini qaytarishga yo‘naltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uyg‘onish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Buyuk Britaniyadagi "Al-Furqon" fondi direktori Sali Shahsivari.

Ko‘rgazmalarda taqdim etilgan eksponatlarning ko‘pchiligi 2025 yilda Sotheby’s va Christie’s auksionlarida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati doirasida xarid qilingan.

 

Sotheby’s savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili  Benedikt Karter shunday dedi:

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharafdirMarkaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.

 

Toshkentning markazida 10 gektardan ortiq hududda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqadagi eng yirik madaniyat va ma’rifat institutlaridan biriga aylanmoqda. Uning ekspozitsiya maydoni 8000 kvadrat metrdan oshadi. Markaz tarkibiga quyidagi besh mavzuli galereya kiradi:

"Qur’on zali"

"Islomgacha bo‘lgan meros"

"Renessansning birinchi va ikkinchi davrlari"

“Yangi O‘zbekiston”.

 

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov quyidagilarni ta’kidladi:

– Bugun O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini tiklash va asrab-avaylash borasida ulkan sa’y-harakatlar qilmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi tashabbuslar bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lib, tez orada u bilim va dinlararo muloqot mayog‘i sifatida o‘z eshiklarini ochadi. Bu bizning tarixiy o‘zligimizni anglash va uni ochiq tarannum etishga intilishimizning ifodasidir.

 

Londondagi ushbu ko‘rgazmalar nafaqat muhim madaniy voqea, balki tarixiy adolatning tiklanishi ifodasi bo‘ldi. Namoyish etilgan eksponatlar O‘zbekistonning islom olami intellektual markazi sifatidagi o‘rni va bugungi Yangi O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lidagi navbatdagi yutuqlarini amalda isbot etdi.

Sisc.uz

O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi
O'zbekiston yangiliklari