UNING INSONIYaTNI QUTQARISh VA SAODATMAND QILIShDAGI O'RNI. ANBIYoLAR AMALINING TABIATI
Nubuvvatning vazifasini va anbiyolar amalining tabiatini bayon qilish uchun bir misol keltiraman. Undan falsafiy dalillarsiz ham nubuvvatning vazifasini va o'rnini tushunib olamiz.
Hikoya qilinishicha, bir guruh talabalar dengizda sayr qilish uchun kemaga minibdilar. Ularning o'zlari tetik, vaqtlari ko'p edi. Umrida dars o'qimagan ummiy kemachi hazil-mutoyiba, qochirim gap qilib kulish uchun yaxshi hadaf (nishon) edi.
Talabalardan biri unga: «Amaki, qaysi ilmlarni o'rgangansiz?» dedi.
«Hech narsa o'rgana olmadim, bolam», dedi kemachi.
«Tabiiy ilmlarni o'rganmaganmisiz?» dedi tolib.
«Yo'q. Ular haqida eshitmaganman ham», dedi kemachi.
Shunda boshqa bir tolib gapga aralashib: «Matematika, algebralarni o'qigandirsiz?» dedi.
«To'g'risi, bu g'alati nomlarni birinchi marta eshitib turibman», deb javob berdi kemachi.
Uchinchi bir sho'xroq tolib: «Ishonchim komilki, jo'g'rofiya bilan tarixni ham qotirib o'qib qo'ygansiz-a?» dedi.
Kemachi unga qarab: «Bu shaharning nomimi, odamning-mi?» dedi. Shu erga kelganda yoshlar o'zlarini tuta olmay, kulib yuborishdi. Ularning qahqahasi atrofga tarqaldi.
«Yoshingiz nechada?» deyishdi kulib bo'lib.
«Qirqqa kirib qoldim», dedi u.
«Umringizning teng yarmini zoye qilibsiz-da, amaki!» deyishdi yoshlar. Savodsiz kemachi ma'yus holda jim qoldi. U o'z navbatini kutardi.
Birdan dengiz to'lqinlanib, dovul boshlandi. Kuchli to'lqin kelib, kemaga urila boshladi. Kema qattiq chayqalib, to'lqinlar uni yutib yuborgudek bo'lib, og'izlarini ochib hamla qila boshladi. Yoshlar iztirobga tushdilar. Ular dengizga birinchi marta chiqqan edilar. Kema g'arq bo'lishi muqarrar bo'lib qoldi.
Endi savodsiz kemachining navbati kelgan edi. U xotirjamlik va viqor bilan: «Ha, bolalar! Qanday ilmlarni o'rgangan edingiz?» dedi.
Yoshlar o'zlari o'rgangan ilmlarning uzundan-uzoq ro'yxatini ayta ketishdi. Ammo ular kemachining maqsadini anglashmas edi. Ular ko'plab nomi ulug' ilmlarning ismlarini sanab bo'lishganidan keyin kemachi viqor bilan g'olibona gerdayib shunday dedi: «Bolalarim, bu ilmlarni-ku o'rganibsiz. Lekin suzishni ham o'rgandingizmi? Hudo ko'rsatmasin, agar kema ag'darilib ketadigan bo'lsa, sohilgacha qanday qilib suzib borishni bilasizmi?»
«Yo'q! Biz o'rganmagan yagona ilm shu ekan», deyishdi toliblar.
Bu gapni eshitib, kemachi maza qilib kuldi-da: «Agar men umrimning yarmini zoye ketkazgan bo'lsam, sizlar umringizning hammasini qo'ldan beribsizlar, chunki mana bu to'fonda o'sha ilmlaringiz sizga yordam bera olmaydi. Sizlarga foyda beradigan yagona ilm suzish ilmidir. Uni esa sizlar bilmaisizlar», dedi.
G'arq bo'lish holiga kelib qolgan insoniyatni qutqarishda nubuvvatning vazifasi va o'rni ana shundan iborat. Anbiyo va rasullar amalidagi tabiatning boshqa ta'lim-tarbiyalardan farq qiladigan joyi ham shunda. Ular bashariyatga «najot ilmi»ni berurlar. Ular bashariyatga suzishni va hayot kemasini boshqarishni o'rgaturlar.
Insoniyat tarixi ko'rsatadiki, odamlar axloqining buzilishi va yomon ishlari tufayli hayot kemasi g'arq bo'lganda, u bilan qo'shilib barcha bashariyat, tsivilizatsiya, fikriy, ilmiy, falsafiy mahsullar, shuningdek, barcha she'riy, adabiy va bayoniy durdonalar ham birgalikda g'arq bo'ladi. Ushbu kema hech qachon adabiy tushkunlik tufayli g'arq bo'lgan emas. Madrasa yoki dorilfununlarning ozligidan g'arq bo'lgan emas. Oliy ta'limning yo'qligidan g'arq bo'lgan emas. Yoki molu dunyoning ozligidan, turmush saviyasining pastligidan g'arq bo'lgan emas. Bu kema inson o'zini o'zi o'ldirishga tayyorlangani uchun, o'zi yashayotgan uyni buzuvchi cho'qmorga aylangani uchun g'arq bo'lgan. Tarix inson aqlining ko'pincha asabiy xurujlarga uchrab, yaratuvchilik o'rniga buzg'unchilik, barpo qilish o'rniga yo'q qilish yo'liga kirib ketganiga dalolat qiladi.
G'arbparastlarning hayrat va dahshatga tushganlarini ko'rdik. Biz holatning xunukligi va ishning yomonligidan ishongimiz kelmasa ham, odamlarning shavqu zavq bilan o'z asoslarini buzayotganlarini o'z ko'zimiz bilan ko'rdik. Holbuki, xuddi o'sha asosga ularning ulug' fikriy va madaniy qasrlari bino qilingan edi. O'sha nobakorlar bu ahmoqona ishlarini xuddi olamshumul yaxshilik qilayotgandek, ajoyib xizmat ado etayotgandek ixlos bilan bajarar edilar. Bu bilan ular o'zlarini o'zlari o'lim chohiga tortar edilar.
JOHILIYaT ASRI VA UNING AG'DARILIShGA HAMDA O'Z-O'ZINI O'LDIRIShGA TAYYoRLANIShI TASVIRI
Milodiy oltinchi asrda olamda ana shunday holat hukm surar edi. Biz unda o'zini o'zi o'ldirishga ommaviy tayyorgarlik ko'rilganini mulohaza qilamiz. O'sha davrda insoniyat o'zini o'zi o'ldirishga rozi bo'libgina qolmay, balki bu ishga oshiqar edi. Go'yoki u bu ishni qilish uchun nazr atagan yoki qasam ichgan-u, atagan nazriyu ichgan qasamini amalga oshirishga tirishayotganga o'xshar edi.
Qur'oni Karim ushbu manzarani hech bir rassom, adib, rivoyatchi yoki tarixchi tasvirlay olmaydigan darajada aniq tasvirlab bergan:
«...va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo'ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi»(Oli Imron surasi, 103-oyat).
Tarixchilarni Alloh rahmat aylasin. Ular bizga risolai Muhammadiya voqealarini tasvirlab berayotganlarida johiliyatni to'g'ri va daqiq tasvirlab bermaganlar. Ular ma'zurlar, ajru savob egasidirlar. Ularga tashakkur, chunki adabiyot va lug'at zaxirasi ularga yordam bera olmagan. Aslida bu narsa nihoyatda bahaybat, ulkan, ammo daqiq va mavhum bir narsadir. Uni qalam bilan, lug'aviy qudrat bilan va bayoniy salohiyat bilan vasf qilib bo'lmaydi.
Muhammad sollallohu alayxi vasallam payg'ambar etib yuborilgan asr ijtimoiy va axloqiy tushkunlik muammosi asri edimi? Yeki butparastlik muammosi asri edimi? Yoki u aroqxo'rlik, qimorbozlik, bema'nilik, zulmu istibdod muammosi asri edimi? Yoki zolimona iqtisodiy qonunlar va sitamkor hokimlar muammosi asri edimi? Yoki qizlarni tiriklay ko'mish muammosi asri edimi? Yo'q! U asr butun boshli insoniyatni tiriklay ko'mish muammosi asri edi!
Bu bosqich tugab bitdi. U avlod inqirozga uchradi. Mazkur xunuk ko'rinish kishilar tasavvuridan g'oyib bo'ldi. Endi uni qanday tasavvur qila olamiz? Qanday qilib uni ko'z bilan ko'rib, qo'l bilan ushlaydigan qilamiz? Bu hakda «O'sha johiliyat asrida bo'lib, uni to'la tushunish uchun unda yashash va uning o'tida kuyish kerak», deya olamiz, xolos.
Agar biror suratchi o'sha payt insonini tasvirlamoqchi bo'lsa, g'oyatda chiroyli, salomat, xushbichim va sarviqomat bir odam suratini chizar edi. Inson hamma narsani yaxshi lab yaratuvchi Allohning san'ati namunasidir. Unga farishtalar ham havas qilganlar. Alloh uni O'zining xalifasi qilgan. U butun mavjudotning ziynatidir. U haqiqat va irfonning mag'zidir. Uning sababidan ushbu er xarobadan obodga aylangandir. Haligi suratda ana o'sha inson o'zini ichida olov lovullab turgan katta xandaqqa tashlamoqchi bo'lib turgani tasvirlangan bo'lardi. U o'zining bor kuchini yig'ib, kiyimlarini yig'ishtirib, bir oyog'ini xandaq tomon ko'tarib turibdi. Bir necha lahzadan so'ng o'lim zulmatiga o'zini uradi. Ushbu tasvir Muhammad sollallohu alayhi vasallam payg'ambar etib yuborilgan paytdagi insoniyatning holini biroz tasvirlagan bo'ladi. Qur'on bu holatga ishora qilib: «Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi», deydi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu holatni tasvirlab, shunday deganlar: «Men va mening ummatim xuddi olov yoqib o'tirgan odam hamda unga kelib tushayotgan hasharot va kapalaklarga o'xshaymiz. Men sizning belbog'ingizdan tutib turibman, sizlar esa o'zingizni olovga urasiz».
Ushbu qissadagi katta muammo insoniyat kemasi Allohning hifzu himoyasida najot qirg'og'iga sog'-salomat chyqib olmog'i edi, chunki inson risoladagidek bo'lib, uning tabiati mo''tadil, hayoti muvozanatli bo'lganda uning barcha bunyodkorlik va taraqqiyotga oid rejalari, adabiy va ilmiy rejalari amalga oshadi.
Shundan kelib chiqib, «Butun insoniyat anbiyo alayhissalomlar oldida qarzdordir», deymiz, chunki ular insoniyatni bo'ynida qilichdek osilib turgan turli xatarlardan qutqarganlar. Barcha ilmiy rejalar, ijtimoiy loyihalar, fikriy yoki falsafiy maktablar ularning fazlidan xoli emas. Shuningdek, hozirgi olam ham ularning oldida o'zining boqiy qolgani, bardavom bo'lgani va hayot haqqiga erishgani uchun qarzdordir.
Chunki insoniyat tili bilan e'tirof qilmasa ham, holi bilan ko'p marta bu haqiqatni e'tirof qilgandir. U ko'p marta o'zida hayot haqqi qolmaganini, rahm-shafqat qolmaganini, fayzu baraka, yaxshilik qolmaganini tan olgan.
Insoniyat ilohiy mahkamada bir necha bor o'ziga qarshi o'zi da'vo ochgan va o'ziga qarshi guvohlik ham bergan. Uning ishi bo'yicha to'lgan daftarlar oxirgi va odil hukm chiqishi uchun tayyor ham bo'lgan edi. Inson o'zini tasavvur qilish mumkin bo'lgan eng katta uqubatga tutgan edi. Balki o'lim hukmiga sazovor bo'lgan edi. Buning ajablanadigan joyi ham yo'q. Madaniyat o'zining tabiiy chegarasidan, o'z qobig'idan chiqqanda, axloqiy qadriyatlarni butunlay unutganda yoki ularga ochiq-oydin kufr keltirganda va inson barcha go'zal g'oyalardan, sharafli maqsadlardan g'ofil bo'lganda, moddiy manfaatlardan boshqa hamma manfaatlarni yoddan chiqarganda, uning qalbi bo'rining, qoplonning yoki yo'lbarsning qalbiga aylanib qoladi. Ana o'shanda uning jismida bir xayoliy yoki sun'iy qorin paydo bo'ladi. Uni yomonlikka amr qiladigan nafs paydo bo'ladi. U beqaror bo'lib qoladi. Hech bir narsa uning yo'lini to'smay qo'yadi. Insoniyatni jununning shiddatli xuruji tutganda, Alloh unga bir guruh jarrohlarni yoki bir to'p qonxo'rlarni yuboradi. Pichoqlar ishga tushib, shish va yaralarni kesib tozalay boshlaydi.
Albatta, madaniyatning buzilishi, uning quturishi va jinni bo'lishi podshohlik va diktaturaning jinniligidan ko'ra ashaddiyroq, yomonligi undan ko'ra xunukroqdir, chunki bir kishining jinni bo'lishi bir mahallaning tinchini buzishi mumkin. Ammo insoniyatning barchasi jinni bo'lganda, madaniyat ifloslanganda, insoniy tabiat buzilganda nima bo'lishini tasavvur qilib ko'ring-a! Uning davosi bo'lishi mumkinmi?
Johiliyat davrida madaniyat buzilibgina qolmay, balki uning butun vujudi sasib ketgan edi. Inson o'z birodari insonni ovlar, uni o'ldirishdan, o'limi oldidagi qiynalishidan huzurlanar edi. Bu xuddi bizlardan birortamizning bog'u rog'larni, gulzorlarni ko'rib, huzurlachganimiz kabi edi. Usha davr insoni azoblanayotgan insonning ingrashidan, dod-voyidan va zorlanishidan yoqimli sharob, lazzatli taom yoki go'zal manzaradan huzurlangandek huzurlanar edi.
Ovrupo qahramonliklari, ulug'vorligi, qonunlari va madaniyatini qo'shiq qilib kuylaydigan Rim tarixiga nazar solib ko'ring. Unda inson bemehrligining jonli misolini ko'rasiz.
Likiy «Ovrupo axloqi tarixi» nomli kitobida insonning nodir vahshiyligidan bir ko'rinishni quyidagicha tasvirlaydi:
«Rim ahlini sehrlagan manzaralardan eng oliysi, ular uchun eng yaxshi va huzurbaxsh narsalarning biri o'z jinsidan birining gladiatorlar olishuvida qonga belanib, yiqilishi edi. Ana o'shanda odamlar o'zlarini tuta olmay qolar edilar. Mazkur vaxdshyona manzarani yaqinroqdan ko'rish uchun yoshu qari, erkagu ayol, hatto bolalar ham bir-birini turtib, oldinga tashlanishar edi. Ular o'z qavmidan, yurtidan bo'lgan bir kishining qiynalib o'lishini shunchalik shodlik bilan olqishlar edilar. Uning o'limi oldidagi ingrashi ular uchun har qanday musiqa, qo'shiq va qushlarning sayrashidan ko'ra yoqimliroq edi. Tartibni saqlashlari lozim bo'lgan mirshablar ham bunday to'polonning oldida ko'llaridan bir narsa kelmay, lol qolar edilar».
Usha paytda johiliyatning poydevori o'z o'rnidan ko'chgan edi. Balki u parchalanib ketgan va uni isloh qilishdan umid yo'q edi. Insoniyat ilohiy mahkama qarshisida turib, o'zining oxirgi hukmini kutar edi. Ana shunday bir paytda Muhammad sollallohu alayhi vasallam yuborildilar va osmondan u zotga: «Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik», deb nido qilindi.
RISOLAI MUHAMMADIYa HISOBIDA YaNGI OLAM
Biz yashab turgan avlod ham, bizdan keyin keladigan avlodlar ham – hamma-hammasi risolai Muhammadiyaning va uning shomil va boqiy da'vatining hamda samarali urinishlarining hisobida borligi inkor etib bo'lmaydigan haqiqatdir, chunki u, eng avvalo, insoniyatga taxdid solib turgan qilichni uning boshidan oldi va unga ko'plab yaxshiliklar, hadyalar va atolar armug'on etdi. U insoniyatga yangi ruh, yangi harakat, himmat, orzu, izzat va karomat, to'g'ri maqsad, oliymaqom g'oya berdi. Ushbu armug'onlar tufayli insoniyat yangicha ulug'vorlikka, madaniyatga, dunyoqarashga, ixlosga va boshqa ko'pgina o'zi uchun zarur bo'lgan narsalarga ega bo'ldi.
RISOLAI MUHAMMADIYaNING OLTI ARMUG'ONI VA ULARNING INSONIYaT TARIHIGA TA_''SIRI
Endi risolai Muhammadiyaning bashariyatni isloh qilish, to'g'ri yo'lga boshlash, uyg'otish va rivojlantirish uchun taqdim qilgan ko'plab armug'onlaridan oltitasini misol tariqasida zikr qilamiz. O'lar avvalgi qoloq olamga mutlaqo o'xshamaydigan yangi bir olam barpo qilgandir.
POK VA RAVShAN TAVHID AQIYDASI
U zot eodlallohu alayhi vasallamning birinchi katta xizmatlari – insoniyatga pok va ravshan tavhid aqiydasini armug'on qilganlaridir. Bu aqiyda inqilobiy va mo''jizaviy bir aqiydadir. U quvvat va hayotiylik ila otilib chiqadi. U vaziyatlarni o'zgartirib yuboradi. U botil olihalarni parchalaydi. Insoniyat unga o'xshash narsani ko'rmagan va qiyomatgacha ko'rmaydi ham.
Uzicha bo'lmag'ur da'volarni ko'tarib yurgan, she'r, falsafa, siyosat va jamiyatshunoslikdan iborat puch gaplarni opichlab yurgan inson, xalqlar va yurtlarni qayta-qayta mustamlaka qilgan, toshlardan gul yasagan, tog'lardan anhorlar chiqargan inson, gohida xudolikni da'vo qilgan inson, ha, o'sha inson turli bo'lmag'ur, zarar ham, foyda ham bermaydigan narsalarga sajda qilar edi.
«Agar bir pashsha ulardan biron narsani tortib olsa, undan o'shani xam qutqarib ololmaslar. Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham zaif bo'ldi»(Haj surasi, 73-oyat).
U o'zi yasagan narsalarga ta'zim qilar edi. Undan qo'rqar edi. Undan yaxshilikni umid qilar edi. U tog'lar, anhorlar, daraxtlar, hayvonlar, ruhlar, shaytonlar va boshqa tabiiy narsalarga sajda qilibgina qolmasdan, balki hasharot va qurt-qumursqalarga ham sajda qilar edi. U o'z hayotini bor bo'yicha turli vasvasalar, xayollar, vahmlar, xomxayollar va alg'ov-dalg'ov fikrlar bilan o'tkazar edi. Buning tabiiy natijasi o'laroq, u qo'rqoq, zaifhol, fikran tuturiqsiz, nafsan iztirobli, ishonchi va istiqrori yo'q shaxsga aylangan edi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam ana shunday ayanchli holga tushib qolgan insoniyatga pok, daqiq, sodda va osonu ravshan tavhid aqiydasini armug'on etdilar. Bu aqiyda himmatlarni qo'zg'atdi. U hayotning boisidir. U ila insoniyat barcha xavf va qo'rqinchlardan xalos bo'ldi. Alloxdan boshqa hech kimdan qo'rqmaydigan bo'ldi. Inson Allohning O'zigina foyda va zarar keltiruvchi, beruvchi va oluvchi ekaniga hamda U Zotning yagona O'zigina bashariyatning hojatlarini chiqaruvchi ekaniga aniq ishondi. Ushbu yangi ma'rifat tufayli uning nazarida butun olam o'zgacha bo'ldi. U barcha qullik va qaramlikdan ozod bo'ldi. U maxlukdardan umidvor bo'lish yoki qo'rqish hissidan ham ozod bo'ldi. Hayolni uchirib, fikrni chalg'itadigan barcha narsalardan ham qutildi. U o'zining Allohning eng sharafli xalqi, er yuzining ulug'i, Allohning xalifasi ekanini anglab etdi. U o'z Robbi va Holiqiga itoat qilib, Uning amrlarini bajarishga o'tdi. U shu bilan insoniylikning ulug' sharafini yuzaga chiqardi.
Ha, risolai Muhammadiya insoniyatga «tavhid aqiydasi» nomli ulkan tuhfani armug'on etdi. Bu aqiyda avvallari boshqa aqiydalar oldida majhul va mazlum edi. Endi uning sadosi butun olamga tarqaldi. Dunyodagi olamshumul falsafalar va da'vatlar undan ta'sirlandilar.
Ba'zi shirk va ko'pxudolik asosida paydo bo'lgan va bu narsalar qon-qoniga singib ketgan katta diyonatlar oxiri kelib, past ovoz bilan bo'lsa ham, quloqqa shivirlash ila bo'lsa ham, Allohning birligini, Uning sherigi yo'qligini tan olishga majbur bo'ldilar. Ular o'zlarining shiryusa oid e'tiqodlarini falsafiy ta'vil qilib, shirk va bid'atlardan o'zlarini olib qocha boshladilar. Ular o'zlarining e'tiqodlarini Islomdagi tavhid aqiydasiga o'xshata boshladilar. O'sha diyonatlarning boshliqlari shirkni zikr qilishdan xijolat bo'ladigan bo'lib qolishdi. Ushbu tuhfa risolai Muhammadiya insoniyatga hadya qilgan tuhfalarning eng qimmatlisi bo'ldi.
INSONIYaTNING BIRLIGI VA BAShARIYaTNING TYeNGLIGI ASOSI
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning olamga taqdim qilgan ulkan xizmatlaridan ikkinchisi insoniyat birligi va bashariyat tengligi tasavvuridir.
Avvallari iysonlar turli xalqlar, qabilalar, irqlar va tabaqalarga bo'linar edi. Ulardan ba'zilari oliy, yuqori tabaqa, boshqalari past, quyi tabaqa hisoblanardi. Mazkur tabaqalar orasidagi tafovut juda ham ulkan bo'lib, ba'zan inson bilan hayvon, hur bilan qul va obid bilan ma'bud orasidagi tafovutga teng kelar edi. Bu erda insoniyat birligi va bashariyat tengligi haqida hatto fikr ham yuritilmas edi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam uzoq davom etgan sukunatdan va zulmatdan so'ng mazkur inqilobiy, aqllarni dahshatga soluvchi va vaziyatlarni o'zgartiruvchi e'lonni qildilar:
«Ey odamlar! Sizlarning Robbingiz birdir. Otangiz birdir. Hammangiz Odam Atodansiz. Odam esa tuproqdandir. Allohning huzurida mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Arabning ajamdan taqvodan boshqa fazli yo'qdir», dedilar.
Ushbu e'lon o'zida ikki haqiqatni mujassam qilgan. Ikkisi ham eminlik va tinchlikning asosiy tayanchlaridir. Barcha zamonlar va makonlarda shu ikkisi asosida tinchlik bo'lgan. Ularning biri Robbning birligidir. Ikkinchisi bashariyatning birligidir. Inson insonga ikki tarafla-ma birodardir. Inson insonga ikki marta birodardir. Birinchi marta – Robbning birligi tufayli. Ikkinchi marta – otaning birligi tufayli.
«Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko'plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo'rqinglar! U bilan o'zaro so'rovda bo'ladiganingiz Alloxdan va qarindoshlik (aloqalarini uzish)dan qo'rqing. Albatta, Alloh ustingizdan kuzatib turuvchidir»(Niso surasi, 1-oyat).
«Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik, sizlarni o'zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo'ydik. Albatta, Allohning xuzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchidir, xabardor»(Hujurot surasi, 13-oyat).
Albatta, bu boqiy kalimalarni Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajida o'z tillari ila e'lon qildilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu kalimalarni e'lon qilgan paytda olam ulardagi jur'at va oshkoralikni hazm qila oladigan holatda emas edi. Bu e'lon o'sha paytdagi olam uchun katta va shiddatli zilziladan o'zga narsa emas edi.
Bugungi kunda insoniyat bosib o'tgan ilm, fahm va insoniy fikr yo'lidagi uzoq va mashaqqatli yo'l Islom da'vati, islomiy jamiyat paydo bo'lishi, da'vatchilar, islohchilar, murabbiylarning harakati ila ushbu ulkan va olamshumul e'lonni oddiy kundalik haqiqatga aylantirdi. Bugungi kunda mazkur e'lonni dunyodagi barcha siyosiy va ijtimoiy muassasalar o'zining shiori qilib olganlar. Jumladan, BMT bayrog'ini ko'targan «Inson huquqlari xartiyasi» ham. Har bir davlat, har bir tashkilot inson huquqlari va tengligi to'g'risida qiladigan bayonotlar ham Islom ta'limotlaridan ko'chirmadir. Ammo avvalgi vaqtlarda – ba'zi xalqlar va oilalar ichida ashroflik e'tiqodi davr surgan, o'zlarini basharlik saviyasidan yuqori tutgan, ba'zi oila va sulolalar o'z nasabini oy, quyosh yoki Alloxg'a «Alloh zolimlar aytadigan narsadan juda ham oliy bo'ldi» deb nisbat bergan paytda insoniyat qayerda edi?! Qur'oni Karim bizlarga yahudiy va nasorolarning gapini hikoya qilib bergan:
«Yahudiy va nasorolar: «Biz Allohning o'g'illarimiz va Uning mahbublarimiz», deyishdi»(Moida surasi, 18-oyat).
Misr fir'avnlari o'zlarini quyosh xudosi Raning bir ko'rinishi deb da'vo qilar edilar.
Hindistonda esa «Surj bansi» – quyosh o'g'illari va «Jundur bansi» – oy o'g'illari nomli ikki mashhur oila bor edi. Eronning kisrolari (podshohlari) o'z tomirlarida ilohning qoni oqishini da'vo qilar edilar. Aholi ularga muqaddas va ilohiy shaxslar sifatida qarar edi. Milodiy 590-628 yillarda hukmronlik qilgan kisro Abravezning vasfida «Olihalarda foniy bo'lmas insondir. Basharda ikkinchisi yo'q ilohdir. Kalimasi oliydir. Shon-sharafi, shavkati yuksakdir. Quyosh ila, o'z yog'dusi ila chiqadi. Qorong'i kechalarni o'z nuri ila munavvar qiladi», deyilardi.
Qaysarlarning (Rum imperatorlarining) ham olihalari bor edi. Kim yurtni boshqarishni o'z qo'liga olsa, uning o'z ilohi bo'lardi. Ularning laqabi «avgust», ya'ni «mahobatli va buyuk» edi.
Hitoyliklar imperatorni «osmonning o'g'li» deb e'tiqod qilishardi. Ularning aqiydasi bo'yicha, osmon erkak, er ayol bo'lib, ikkisining birlashishidan borliq tug'ilgan emish. Imperator esa ushbu er-xotinning birinchi o'g'illari ekan.
Arablar esa o'zlaridan boshqalarni ajam hisoblashar edi. Quraysh qabilasi o'zini arab qabilalarining eng sharaflisi deb bilardi. Haj mavsumida o'zini imtiyozli tutardi. U odamlardan boshqa joyda turib, boshqa alohida bir joyda yurardi. Hojilarga qo'shilib Arafotda turmas, balki Haramda qolib, Muzdalifada turar edi. Ular: «Biz Allohning yurtidagi ahlimiz, Uning Baytining ahlimiz», der edilar.
KYeYINGI MAVZULAR:
Insonning mukarramligi va ulug'ligi e'loni;
Umidsizlik va shumlanishga qarshi kurash. Insonda orzu-umidni va o'ziga ishonch ruhini tiriltirish;
Din va dunyoni jamlash hamda tarqoq saflarni va tijoriy jamoatlarni birlashtirish;
Maqsadu g'oya, amal va kurash maydonini tayin qilish;
Yangi olam va insonning tug'ilishi;
Hulosa.
Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat.
Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.
Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.
Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi.
Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.
Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;
– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;
– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.
Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.
Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.
Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...
Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir.
Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.
Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!
Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.
O‘zA