O'TA MUHIM IZOH
(Rabbimiz Alloh taoloni qaysi sifatlari ila taniymiz?..)
بسم الله الرحمن الرحيم
Alloh taologa cheksiz hamdu sano, janob Rasulullohga so'ngsiz salotu salom bo'lsin.
Assalomu alaykum, sevikli do'stlarimiz.
Mana, bir necha kundan beri Bobur Mirzoning “Mubayyan” asaridan bahramand bo'lmoqdamiz. Muqaddimada aytganimizdek, bu asar besh kitobdan iborat: 1) Iymon-e'tiqod kitobi; 2) Namoz kitobi; 3) Zakot kitobi; 4) Ro'za kitobi; 5) Haj kitobi.
Shoh va shoir, alloma va sarkarda Boburning shunday go'zal kitob yozgani – millatimizning sharafidir.
Birinchi kitob – E'tiqodiyya bo'lmining xulosasi shuki, Alloh taoloni sakkiz sifati bilan taniymiz. Bular Allohning O'z Zoti bilan sobit bo'lgan – subutiy sifatlaridir.
Bobur Mirzo bu sifatlarni ettita deganlar va Takvin – Yaratish sifatini qudrat sifatiga doxil qilganlar. Sharhda aytganimizdek, biz Takvin sifatini alohida o'rganamiz. Buyuk Yaratganning bu sakkiz sifatini bilishimiz shart ekan.
Aziz do'stlarimiz bilan birga, “Bu qiyin ilmlar ekan” demasdan, Yaratgan Egamizning mana shu sakkiz sifatini o'rganib, bir umr yodda tutishimiz zarur. Bu bilim – ma'rifat eshigi, saodat kalitidir. Yana Asmoi Husnada – Allohning eng go'zal ismlarida barcha sifatlari ifoda etilgan. Nasib etsa, bu haqda alohida suhbatlashamiz.
“Mubayyan va nasriy bayoni” asarining davomini diqqat-e'tibor bilan o'qib-kuzatib borishlarini aziz do'stlarimizdan umid qilamiz.
Faqir Mirzo KYeNJABYeK.
1441. 25-zulhijja. Shanba.
2020. 15 avgust.
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.