O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan “Murch bobo” jome masjidi imom-xatibi Nizomiddin domla Choriyevning volidai muhtaramasi vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Tabarruk yoshda oxirat safariga kuzatilayotgan onaxon uzoq yillar mobaynida Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi vazifasidan mehnat qilgan marhum Toshbolta domlaning rafiqalari bo'lib, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan solih farzandlarni tarbiyaladilar. Ulardan biri Nizomiddin domla Choriyev ko'p yillardan buyon Islom dini va mo'min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo'lmoqda.
Alloh taolo marhuma onaxonni O'z mag'firatiga olsin! G'ariqi rahmat, shoistai jannat, oxiratlarini obod qilsin! Barcha yaqinlariga sabru jamil ato aylab, ajru mukofotlarini ko'paytirib bersin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan Nizomiddin domla Choriyevga va marhumaning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:
Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.
U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir”, dedilar.
“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.
U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.
Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.
Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.