Bu haqda Misr parlamenti Vakillar majlisi (quyi palata) Ijtimoiy birdamlik, oila va nogironlar qo'mitasi raisi professor Abdulhadi al-Qasabiy O'zbekiston Respublikasining Misrdagi turizm elchisi etib tayinlangani munosabati bilan O'zbekistonning Misrdagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonovdan tegishli sertifikatni olish chog'ida xabar qildi.
“Ayni paytda davlatlarimiz o'rtasida ko'ptomonlama hamkorlikni, xususan iqtisodiyot, sarmoya, savdo, turizm, madaniyat, sport va boshqa sohalarda rivojlantirish uchun muntazam aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish maqsadga muvofiqdir. Misr Prezidentining Toshkentga amalga oshirgan davlat tashrifidan so'ng Misr bosh imomi Al-Azhar shayxi professor Ahmad at-Tayib O'zbekistonda bo'lib, mamlakat rahbariyati bilan samarali uchrashuvlar o'tkazdi. Shu kunlarda O'zbekiston talabalari uchun Al-Azhar ta'lim muassasalarida grantlar miqdorini oshirish masalasi muhokama qilinmoqda va u yaqinda ijobiy hal bo'lishiga ishonchim komil”, - misrlik olim so'zlariga iqtibos keltirmoqda “Dunyo” AA.
Ta'kidlash joizki, ma'muriy fanlar doktori Abdulhadi al-Qasabiy parlamentda ko'pchilik o'ringa ega “Misrni qo'llab-quvvatlash” koalitsiyasi rahbari hamda Misr Sufiy tariqatlar Oliy kengashi raisi sifatida faoliyat yuritadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Xorijdagi elchixona va konsullik idoralari tomonidan chet eldagi vatandoshlar ishtirokida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan ko‘plab saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mehr-shafqat, bag‘rikenglik va saxovat oyi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va iftorliklar xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga milliy-diniy qadriyatlarni yetkazish maqsadida tashkil etilyapti.
“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan xayrli tadbirlar xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarni bir davraga birlashtirish imkonini bermoqda.
Uchrashuvlarda vatandoshlarimizga Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, islom dini arkonlari, muhtoj va ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash kabi masalalarda keng tushuncha berilmoqda.
Madaniy-ma’rifiy tadbirlarda davlatimiz tomonidan yuborilgan diniy ulamolar ham qatnashib, hamyurtlarimizga islom dinining haqiqat, ezgulik, adolat, xayrixohlik, bag‘rikenglik borasidagi ahamiyati, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz, diniy ma’lumotlardan foydalanish manbalari, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik kabi masalalarda fikr yuritmoqda.
Bugungi kungacha, Tokio, London, Doha, Jidda, Chongju, Vashington, Nyu-York, Nyu-Jersi, Filadelfiya, Anqara, Istanbul, Chanqay, Karabyuk, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Kemerovo, Yekaterinburg, Vladivostok, Xabarovsk, Kaliningrad, Rostov-Don, Irkutsk, Qohira, Praga, Kuala-Lumpur, Boku kabi yirik shaharlarda iftorlik tadbirlari yuqori darajada tashkil etildi.
Chet eldagi elchixona va konsullik idoralari Ramazon hayiti bayramigacha yana ko‘plab shaharlarda milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda vatandoshlar ishtirokida ana shunday uchrashuv va iftorliklar o‘tkazishni reja qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati