Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da'vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasiylata val faziylata vab'ashu maqomam mahmudan allaziy va'adtah” desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo'ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
“Allohim! Ey ushbu etuk chaqiriqnig, hozir bo'lib turgan namozning Robbi! Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vasiyla va fazilatni ato et. U zotni O'zing va'da qilgan maqomi mahmudga etkaz”.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Asmo binti Yaziyd roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Allohning ismi a’zami ushbu ikki oyatdadir: «Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U Rohman va Rohiymdir» va Oli Imronning avvalidagi «Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir» oyatidadir», dedilar».
Imom Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Darhaqiqat, bu ikki oyatda zikr qilingan Alloh taoloning ismlari o‘zida katta ma’nolarni jamlagandir. Keling, ular bilan yaqindan tanishib chiqaylik:
«Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U Rohman va Rohiymdir» (Baqara surasi, 163-oyat).
Ushbu oyatda Islom aqiydasining bosh masalasi – Allohning yagonaligi asosiy qoida sifatida ilgari surilmoqda. Allohning borligiga hech qachon shubha bo‘lmagan. Uning zoti va sifatlari haqida tortishuvlar doimo bo‘lib turardi. Uning maxluqotlar bilan aloqasi haqida ham tortishuvlar kechgan. Faqat dahriylargina ilohning yo‘qligi haqida safsata sotdilar. Allohning borligini inkor etdilar.
«Alif. Laam, Miym. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir» (Oli Imron surasi, 1-2-oyatlar).
Oyati Kursiyda kelganidek, ushbu oyati karima tavhidni, Allohning yagonaligini xolis bayon qiladi. Alloh taolodan o‘zga bandalarning ibodatiga sazovor hech bir ilohi ma’bud yo‘qdir. Alloh doim tirikdir, o‘lmaydi. U Qoyyum – bandalari ishlarining tadbirida doimo qoim turuvchidir. Boshqalarning turishi ham U Zot bilandir.
Bu ikki oyati karimada ham Alloh taoloning bir necha ismlari zikr qilingan. Ammo ulardan qaysi biri Ismi A’zam ekaniga aniq ishora yo‘q.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi