Kuvaytning kundalik «Al'-Anba'» gazetasining navbatdagi sonida «O'zbekiston: geografiya va tarixning ulug'vorligi» sarlavhasi ostida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.
Maqolada O'zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyati, qadimiy tarixga ega yodgorliklari, go'zal tabiati va rang-barang madaniy xilma-xilligi targ'ib qilinadi, unining dunyo sayohatchilari uchun unutilmas va jozibali manzil ekani ta'kidlanadi.
«Asrlar davomida Buyuk ipak yo'li orqali savdo-sotiq aloqalari hozirgi O'zbekiston hududi orqali amalga oshirildi. O'zbekistonning o'ziga xos geografik joylashuvi esa uning madaniyatlar chorrahasi, savdo munosabatlari bilan birga, ilm-ma'rifat, urf-odatlar, moddiy va nomoddiy qadriyatlar beshigiga aylanishiga imkon berdi», deb yozadi maqola muallifi.
Maqolada O'zbekistonga sayohat qilgan inson taniqli olimlar va mutafakkirlar —Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Al-Horazmiy kabi buyuk allomalar yashagan Samarqand, Toshkent, Buxoro va Horazm singari mashhur shaharlar bilan yaqindan tanishishi, tarixiy muhit bilan hamohang bo'lib ularni o'rganishi mumkinligi ta'kidlangan.
Nashrda O'zbekiston o'zining qadimiy yodgorliklari va boy madaniy xilma-xilligi sabab «tarix xazina»ga qiyoslanadi. Mamlakatdagi ko'plab me'moriy yodgorliklar YuNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgani qayd etiladi.
«Tarixiy binolar bugungi kunda yaxshi saqlangan va insoniyat madaniy merosida katta ahamiyatga ega» deydi muallif.
Maqolada, nashr mushtariylariga, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Horazm, Shahrisabz va Toshkent shaharlaridagi me'moriy yodgorliklar, tarixiy ziyoratgohlar haqida ma'lumotlar beriladi.
Maqola so'ngida «Mamlakatda tashkil etiladigan turli tadbirlar, mahalliy aholining mehmondo'stligi va sayyohlarga munosabati O'zbekistonga sayohatning unutilmas taassurotlarga boy bo'lishini ta'minlaydi» deya xulosa qilinadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘tgan 2024 yil davomida ko‘hna shaharga 1 million 745 ming 200 nafardan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali turizm eksporti 436,3 million AQSH dollariga yetkazilgan. Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoroga 4 milliondan ziyod mahalliy aholi sayohat maqsadida tashrif buyurgan.
Shaharning sayyohlik salohiyatini yaxshilash maqsadida o‘tgan yili 74 ta joylashtirish vositasi, jumladan, 17 ta mehmonxona, 15 ta xostel, 42 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hududda 43 nafar yangi turoperator-turagent ish boshlashi natijasida ularning soni 2023 yildagi 143 dan 186 nafarga yetgan.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA