Saudiya Arabistoni fuqarolari va u erda yashovchi xorijlik musulmonlar endilikda Masjidul haromda ibodat qilishi mumkin. Pandemiya tufayli etti oy avval yopilgan Masjidul harom 18 oktyabrda Saudiya Arabistoni hukumati qaroriga binoan ochildi.
Masjidul harom va Masjidi nabaviy ishlari idorasi boshlig'i AbdurRahmon Sudays musulmonlar “jannatning bir bo'lagi” deb nom olgan Ravzai muborakka tashrif buyurishi va namoz o'qishi uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam masjidlari eshigi ochilganini e'lon qildi.
“Al-Jazira” xabarida aytishicha, ayni shu kundan e'tiboran umraning ikkinchi bosqichi ham boshlandi, bunda Masjidul harom va Masjidi nabaviyning 75 foizgacha to'lishiga ruxsat etiladi.
Eslatib o'tamiz, Saudiya Arabistoni hukumati 4 oktyabrdan mahalliy ziyoratchilarning, 1 noyabrdan esa xorijlik ziyoratchilariga ham umra amallarini ado etishga ruxsat bergan edi. Bu barcha mamlakatlarga emas, balki Saudiya Arabistoni epidemiologik vaziyati xavfsiz, deb topilgan davlatlar fuqarolar umra ibodati uchun kelishi mumkin.
Shu yil mart oyida Saudiya rasmiylari pandemiya sabab Ravzai sharifni yopgan edi. May oyi oxirida Saudiya Arabistoni hukumati Payg'ambarimiz masjidlarini nomozxonlar uchun qayta ochgan edi. Biroq Ravzaga kirish hamon ta'qiqlanganicha davom etayotgan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV