On hazrat sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ham insoniyatning eng sharaflisi, sayyidi va ulug'i ekanliklarini ta'kidlaydilar.
انا سيد ولد آدم القيمة و لا فحر (داموز الاحاديث: 2/102)
Ana sayyidi valadi odama yavmal qiyamah vala faxra – Men bani Odam, bani basharning sayyidi, peshvosi, ulug'iman, lekin bu bilan iftixor qilmayman. Bu Allohning amri!..
Ilk Payg'ambar – Odam alayhissalomdan to mengacha kelgan sulolaning hammasi asl oilalardan, birorta ham zino farzand tug'ilmagan; (vala faxro) lekin bu Allohning inoyati, bundan faxrlanish yo'q!
Oxiratda menga shu-shu narsalar beriladi; Bundan ham faxrlanish yo'q... – deya marhamat qilganlar. Zero, insonda ba'zi narsalar uchun maqtanish, faxrlanish hissi bo'ladi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu narsadan yiroq, juda kamtarin inson bo'lganlar. Kamtarona hayotda yashaganlar. Bularga ham misollar keltiraman:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda oddiy kiyimlar, yung matodan liboslar kiyardilar... Oyoq kiyimlarini o'zlari yamar edilar. Tuya, ot turgan joyda eshakka ham minib ketaverardilar.
Orqalariga biror kishini mingashtirib ham olardilar. Abdulloh ibni Abbos kabi kishilarni mingashtirib yurganlarini rivoyatlardan bilamiz. Qo'y sog'ardilar. Hizmatkor qullar bilan birga o'tirib ovqatlanar, ularga yaxshi qarab, yaxshi munosabatda bo'lardilar. Qullar bilan birga ovqat eyish, ularni ozod qilish xususida ulug' tavsiyalari bor...
Boy, kambag'al hammaga bir xil muomalada bo'lar, hammasi bilan qo'l berib salomlashar edilar. Odamlarga birinchi bo'lib salom berardilar. Biror erga chaqirilsalar, albatta u erga borardilar. Hatto bu xususda o'zlari shunday deganlar:
«Bir tuya pochasiga chaqirilsam ham, boraman». Bilamizki, u paytda tuya pochasiga hammaning ham qurbi etgan va oddiy, tayyorlanishi oson, tez pishadigan ovqat bo'lgan. Shu ovqatga ham chaqirsalar rad etmasdan borar ekanlar.
Bir marotaba mehmonga chaqirilganlarida oldilariga sirka bilan non qo'yildi. Shunda nonni sirkaga botirib (qo'shib) eydilar va «sirka qanday ajoyib oziq»,– deb maqtaydilar. Hech qaysi ovqatni «yoqtirmayman» demasdilar va maqtab, yoqtirib erdilar.
Qahqaha urib, qattiq ovozda kulmaganlar, faqat tabassum bilan kulardilar. Bizning Bomdoddan keyin o'qiydigan avrod (duolar, zikrlar, virdlar) kitobimizda yozilgan:
Min ma'dina mantiqin va muktasabin. Ya'ni:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, go'zal (xush) suhbat va tabassum sohibi (ma'dani) edilar», – deyilgan. Chehralaridan tabassum balqib turadigan, ko'ngli ochiq va saxiy inson bo'lganlar. Saxiyliklari shu darajada ediki, ta'rifiga so'z ojiz... O'zlariga kelgan sovg'a, hadya va boshqa narsalarning hammasini kelishi bilan kechgacha tarqatib yuborardilar.
Agar kechqurun kelsa, ertalabgacha qoldirmay, tarqatib yuborardilar.
Vafotlari yaqinlashganda, uylarida uch dirham borligi eslariga tushib, darrov o'sha uch dirhamni sadaqa qilib yuborishni buyurdilar. «Payg'ambarlar meros qoldirmaydi», – der edilar. Ya'ni mol-dunyo to'plashni, boylik asrashni yoki ko'paytirishni xohlamaganlar, yoqtirmaganlar va o'zlari bu ishga qo'l urmaganlar.
Bir kuni xizmatkorlari bir kun oldingi ovqatni olib kelganida: «Nega bu ovqatni kecha faqirlarga ulashmasdan, bir kun asradinglar, olib o'tirdinglar? Alloh har kun yangi rizq beradi-ku?», – deganlar. Hatto ovqatni saqlab qo'yishni, jamg'arib qo'yishni ham xush ko'rmaganlar, ma'qul demaganlar.
Biror narsadan xafa bo'lgan vaqtlarida qovoq solmasdilar. Ko'p gapirmasdan fikr yuritardilar, o'yga tolardilar.
Bir marotaba bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning yonlarida o'tlab yurgan qo'ylarni ko'rib, havas bilan:
– Buncha chiroyli suruv ekan, yo, Rasululloh! – deydi.
– Juda yoqtirdingmi? – deya so'radilar.
– Judayam yoqtirdim, juda chiroyli qo'ylar ekan! – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Ol, unday bo'lsa, senga berdim! – deydilar.
– Hammasinimi, yo Rasululloh?!
– Ha, hammasi senga! – deb javob berdilar. Va u kishi suruvni haydab, qalbi sevinchga to'lib, qabilasiga qaytdi. Yo'lda ko'rganlar:
– Yo tavba, sen bu suruvni biron erdan o'g'irladingmi?.. Ertalab hech narsang yo'q holda chiqib ketgan eding, kechqurun shuncha qo'y bilan qaytayapsan. Nima gap o'zi? – deyishadi.
Shunda u odam:
– Buni menga Hazrat Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadya qildilar, tavakkulchi, faqirlikdan qo'rqmaydigan olijanob bir himmat bilan sovg'a qildilar, – deb javob berdi.
Ertangi kun uchun biror narsa saqlamasdilar. Ba'zan bir necha kunlar uylarida qozon qaynamasdi.
– Yo Rasululloh! Faqat xurmo eyaverib, ichimiz kuydi. Har doim meva eymiz, eganimiz quruq xurmo... – deyishadi faqirlar.
– Men ham sizdek, ikki oydir faqat meva eyman. Uyda eyishga boshqa narsa yo'q, – deb javob berdilar.
Bir kishi ochlikdan qorniga tosh bog'lab oladi. Issiq toshni qorniga bog'laganda, ozgina (oshqozonidan) ochlikning ta'siri yo'qoladi, shekilli... Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qornidagi toshni ko'rsatib, shikoyat qilganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham muborak qorinlarini ochib, bog'lab qo'ygan toshlarini ko'rsatdilar. Ya'ni yashash tarzlari jihatidan insonlarning hayotlaridan farq qilmas ekan... Bu narsa boy yoki kambag'al bo'lganliklaridan emas, balki dunyoga, boylikka ahamiyat bermaganliklaridan. Agar u kishi Allohu Taolodan mol-dunyo istaganlarida behisob berar edi.
Zero, Allohu Taolo Jabroil alayhissalom orqali rasuliga: “Agar rasulim boylikni xohlasa, Makka atrofidagi tog'larni oltinga aylantirib beraman”, – deb bildirganida, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa, bu taklifni qabul qilmaganlar. Foniy dunyodan ko'ra boqiy oxiratni, ummatlar g'amini afzal ko'rganlar.
Bir marta bir kishi Payg'ambarimizga yumshoq to'shak hadya qilganda, o'sha kecha qattiq uyquga ketib, tahajjud namoziga turolmaydilar. Boshqa bu to'shakka yotmayman, kecha meni tahajjud namozidan qoldirdi, – deb egasiga muloyimlik bilan tushuntirib, tashakkur aytib, qaytarib beradilar. Rohat-farog'at emas, kamtarona hayot kechirishni yoqtirardilar.
Tul, beva ayollarga, etimlarga nisbatan juda saxiy, marhamatli edilar. O'z nafslari uchun jahli chiqmas, kechirimli va o'ch olmas edilar, lekin Allohning buyrug'i bajarilmaganidan qattiq g'azablanardilar. Makka fath qilinganida, intiqom olish mumkin bo'lganda ham hammasini kechirgan edilar. Islom qo'shinidagi ba'zi sarkardalar: “Agar dushman ustidan g'olib kelib, qo'lga tushirsak, qiyma-qiyma qilib tashlaymiz!”, – deyishgandi. Faxri olam sollallohu alayhi vasallam bunday g'azabga minganlarni yomon harakatlar sodir qilishmasin, deb qo'mondonlikdan olib, qo'shin ortidagi xizmatlarga jo'natganlar.
Makka fath bo'lgach, qarshilarida dir-dir titragan kishilarni o'ldirmadilar, kechirdilar, avf etdilar. Ularga islomni ta'lim berib, to'g'ri yo'l ko'rsatdilar. Doimiy hayotiy faoliyatlari ana shunday shafqat, marhamat va ma'rifiy asosda edi...
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.