Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishni tugatib, majlisdan tursalar: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu anlaa ilaha illa anta astag'firuka va atubu ilayka”, deb aytardilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Allohim! Seni Senga hamd aytgan holimda poklab yod etaman. Guvohlik beramanki, Sendan o'zga iloh yo'q. Sendan kechirishingni so'rayman va Senga tavba qilaman”.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq masjlisdan turganimizda duo qilishni unutmaylik.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
#xabar #fatvo
Bishkek shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi doirasida mazkur tuzilma qoshidagi Fatvo hay’atining II majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan fatvo mutaxassislari tomonidan bir qator fiqhiy masalalarning yakuniy muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Xususan, oila, nikoh, ajrim, inson organlarini ko‘chirish, haj va umra, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli borasida yuzaga kelgan shar’iy masalalar haqida zamonaviy fatvolar loyihalari puxta ko‘rib chiqildi.
Hamjihatlik ruhida o‘tgan yig‘ilishda ulamolar diniy masalalarni birgalikda muhokama qilib, umumiy yechimga kelish an’anasini boshlab berdilar. Bu esa musulmon ummatining birdamligini mustahkamlaydi, ixtiloflarning oldini oladi va turkiy xalqlar orasidagi birdamlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan yig‘ilishda qo‘shma qarorlar yuzasidan chiqarilgan fatvolar loyihalarini ko‘rib chiqish va imzolanish uchun Turkiy davlatlar muftiylari kengashiga taqdim qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar muftiylar kengashi huzuridagi Fatvo hay’ati 2023 yil 25 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar muftiylari kengashining IV yig‘ilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining taklifi bilan tuzilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati