Transport universiteti tashabbusi bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov ishtirokida diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik g'oyalarini keng targ'ib qilishga bag'ishlangan onlayn ma'rifiy ma'ruza tashkil etildi.
Masofaviy tarzda o'tkazilgan tadbirda Homidjon Ishmatbekov O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasining beshinchi bandida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash kabi masalalar belgilangani yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, barcha fuqarolarga o'z e'tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoit qilib berilayotganini ta'kidladi.
Yig'ilish ishtirokchilari dinning xalqimiz ma'naviyati va ruhiyatiga ta'siri xususida fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ma'rifiy ma'ruza mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat'iy hayotiy e'tiqod va qarashlarga ega bo'lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta'sirlarga qarshi turadigan yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan.
Onlayn tadbir davomida Homidjon domla ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Bu kabi ma'rifiy suhbatlar talabalar xatti-harakatiga mas'uliyat hissini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 21-22 oktyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar diniy soha xodimlari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha «Muftiy sovrini – 2025» musobaqasi bo‘lib o‘tgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar bergan edik.
Bugun, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi markaziy «Imom Eshon Muhammad» jome masjidida ushbu musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Ye.Qutiboyev, Vazirlar Kengashi kotibiyat mudiri J.Yusupov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, «Muhammad ibn Ahmad al Beruniy» madrasasi direktori J.Abdirazzaqov, qoziyat, madrasa xodimlari va imom-xatiblar ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Ye.Qutibayev, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov musobaqa ishtirokchilarini g‘alaba bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tomonidan g‘oliblarga esdalik sovg‘alar berildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti.