Bugun, 13 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan “Imom Hasan” jome masjidining yangi binosi poydevoriga tamal toshi qo'yish marosimida ishtirok etdilar.
Tashrif davomida muftiy hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolar, imom-domlalar va nuroniy otaxonlar “Imom Hasan” jome masjidi binosining birinchi g'ishtini tabarrukona qo'yib berdilar. Ushbu ulug' insonlar masjid qurilishiga moddiy va ma'naviy yordam berayotgan barcha insonlarning haqiga duo xayrlar qildilar.
Muftiy hazratlari masjid loyihasi bilan tanishish asnosida Allohning uyi bo'lgan masjid qurishning savobi ulug' ekani haqida so'zlab berdilar. Darhaqiqat, Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjid qurish va uni obod qilish borasida ko'plab targ'iblar kelgan. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom shunday dedilar: “Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha uy bunyod qiladi” (Muttafaqun alayh).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar”.
Masjid qurish va uni obod etish mana shunday ulug' savobli amal ekanini chin qalbidan his etgan muxlis xalqimiz masjidlar binosini yangidan barpo etish ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Jome masjidlarga tashrif davomida muftiy hazratlari Toshkent shahri Mirzo Ulug'bek tumanidagi “Shayx Ziyovuddinxon” va Olmazor tumanida joylashgan "Iskandarxo'ja" jome masjidlarini qaytadan qurish rejalarini muhokama etdilar. Ushbu jome masjidlar ham tez kunlarda qaytadan bunyod etilib, xalqimizga tuhfa etilishini Haq taolodan so'rab duo qildilar.
Muftiy hazratlari ushbu jome masjidlarga tashriflari chog'ida mo'min-musulmonlar uchun qulay va shinam qilish, xonaqohlarni keng va yorug' bo'lishi, atroflarini obod va ko'rkam etish, qurilish ishlarini zamonaviylik va milliylikka uyg'un holda olib borish hamda katta yo'l bo'yidagi jomelarda ayollar namoz o'qishlari uchun shart-sharoitlar hozirlashga alohida urg'u qaratish borasidagi muhim tavsiyalarni berdilar.
Tamal toshi qo'yib berilgan "Imom Hasan" jome masjidi barpo etilishiga juda katta hissa qo'shayotgan insonlar, quruvchi-muhandislar, saxovatpesha kishilar va o'z erlaridan masjid qurish uchun joy ajratib bergan muruvvatli insonlarning haqqilariga va ularning o'tgan marhumlarining ruhi pokiga Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, muftiy hazratlari tomonlaridan ko'pdan-ko'p duolar qilindi.
Alloh taolo ushbu jome masjidlarni tez kunlarda bunyod etilib, xalqimizga muborak aylashini nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ramazon oyi davomida bir guruh ulamolar, imom-domlalar va mohir qorilar chet eldagi vatandoshlar bilan ma’rifiy suhbatlar qilish, Ramazoni sharif bilan qutlash, ularning diniy savollariga javob berish hamda taroveh namozida ishtirok etish maqsadida AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya singari mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lib turibdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo domla Abdullayev, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar “Islom” masjidi imom-xatibi Alisher domla Naimov, , Toshkent shahar Olmazor tumani “Imom at Termiziy” masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abduraxmonov, Toshkent shahar Yunusobod tumani “Yunus ota” masjidi imom noibi Jamoliddin domla Qodirov, Andijon shahar “Chinor” masjidi imom-xatibi Avazbek domla Mo‘minov, Andijon tumani “Usmoni Zinnurayn” masjidi imom-xatibi Fazliddin domla Abdullayev Janubiy Koreyaning Seul, Chengju, Mokpo, Dayegu kabi shaharlaridagi tadbirlarda qatnashib, manfaatli suhbatlar o‘tkazmoqdalar.
AQSHning Nyu-York, Filadelfiya, Orlando, Sinsinnati, Chikago, Nyu-jersi shaharlaridagi vatandoshlar Toshkent shahar “Siroj solih” masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov, Toshkent shahar “Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf” masjidi imom-xatibi Ismoil domla Muhammad Sodiq, Andijon viloyati “Eski Gumbaz” masjidi imom-xatibi Botir domla Tojiboyev, Toshkent shahar “Firdavs” masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorov, Namangan shahar “Mulla Bozor Oxund” masjidi imom-xatibi Zoxidjon domla Nomonov, Toshkent shahar “Hazrati Umar” masjidi imom-xatibi Fazliddin domla Mamadaliyev, Samarqand viloyati “Xo‘ja Abdu Darun” masjidi imom-xatibi Zafar domla Mahmudov, Farg‘ona viloyati “Xo‘ja Abdulloh” masjidi imom-xatibi Abduvohid domla Mansuraliyevning ma’ruzalari va xatmi Qur’onlariga some’ bo‘lmoqdalar.
Mana shunday tadbirlar Rossiya Federatsiyasining Magandan va Xabarskiy kabi hududlariga ishlash, ta’lim olish uchun borgan vatandoshlarimiz uchun ham tashkil etilmoqda. Ushbu mintaqalardagi uchrashuvlarda Namangan viloyati “Mulla Abduqodir” masjidi imom-xatibi Muzaffar domla Ibragimov, Toshkent shahar Chilonzor tumani “Choshtepa” masjidi imom-xatibi Hakimjon domla Xotamov ishtirok etmoqda.
Safar davomida diniy soha xodimlari vatandoshlar bilan muloqotlarda Islom dini qadriyatlari, Ramazon oyi fazilatlari, ona-Vatanga muhabbat va buzg‘unchi g‘oyalarga aldanmaslik kabi mavzularda ham suhbatlar qilmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati