Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2025   |   10 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2025, 10 Shavvol, 1446

Ikki xil xotima – xohlaganingizni tanlang

11.10.2020   2067   5 min.
Ikki xil xotima – xohlaganingizni tanlang

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

 

Yo'q! Soatni yolg'onga chiqardilar. Va Soatni yolg'onga chiqarganlarga lovullagan do'zaxni tayyorlab qo'ydik.

Kofir-mushriklar zalolatlarida shu darajaga etdilarki, hatto

«Soatni yolg'onga chiqardilar».

«Qiyomat bo'lmaydi. «Qiyomat bo'ladi», deyayotganlarning gapi yolg'on», – dedilar. Holbuki,

«…Soatni yolg'onga chiqarganlarga lovullagan do'zaxni tayyorlab qo'ydik».

Do'zax ularni kutib turibdi. Ushbu mushriklar to'ppa-to'g'ri o'sha tayyor do'zaxga ravona bo'ladilar.

«Furqon» Vaqtiki, ularni uzoq joydan ko'rganida, uning g'azabnok qaynashini va bo'kirishini eshiturlar.

Qiyomat soatini yolg'onga chiqarganlarga Alloh taolo tomonidan tayyorlab qo'yilgan do'zax shu darajada dahshatliki, u kofirlarni uzoqdan ko'rishi bilan g'azabi to'lib-toshib, qaynab, bo'kira boshlaydi. Mazkur kofirlar esa o'sha uzoq masofadan turib, uning g'azabnok qaynashini va bo'kirishini eshitadilar. Ana o'shanda ularning holiga voy bo'ladi. Jahannamdan uzoqdagi hollari shu.

Endi jahannamga tashlanganlaridan keyin qanday holda bo'lishlari vasf qilinadi:

«Furqon» Uning tor joyiga kishanlangan hollarida tashlanganlarida esa o'sha joyda (o'zlariga) halokat tilarlar.

Jahannamning nomini eshitishning o'zi azob, unga tushish haqidagi xabarni eshitish undan ham azob, unga tomon ketayotib, uning g'azabnok qaynashini va bo'kirishini eshitish battar azob, unga tashlanish eng katta azob. Ammo uning tor joyiga tashlanish jahannam ichidagi azoblarning eng dahshatlisi hisoblanadi. U chog'dagi azob shu darajaga etadiki, kofirlar:

«...o'sha joyda (o'zlariga) halokat tilarlar».

Ya'ni dod-voy qilib, «Ey halokat! Ey yo'q bo'lish! Kel, meni ol, meni bu holdan qutqar!» – deb baqiradilar. Lekin bu nolalari ularga foyda berarmikan? Yo'q, albatta. Ana shunday holatda dod-voy qilib turganlarida, ularga qarata quyidagi xitob qilinadi:

«Furqon» «Bugungi kunda bir halokatni emas, ko'p halokatni tilanglar!»

Bir marta halok bo'lib, qutulib keta olmaysizlar. Hali ko'p halok bo'lasizlar. O'zingizcha, halok bo'lsak, bu azoblardan qutularmiz, deb o'ylamanglar.

Kelgusi oyatda ushbu dahshatli holatni mo'min-musulmon, taqvodor bandalarga tayyorlab qo'yilgan narsalarga solishtirib ko'rish taklif qilinadi:

«Furqon» «Bu yaxshimi yoki taqvodorlarga tayyorlab qo'yilgan mangulik jannati yaxshimi?» U ular uchun mukofot va qaytish joyidir.

Qani, solishtirib ko'rilsin-chi?! Yuqoridagi oyatlarda vasf qilingan do'zax va undagi dahshatli azoblar yaxshimi yoki mangulik jannati yaxshimi? Nozu ne'matlarga to'la jannatlarda abadiy qolish yaxshimi?

Mushrik va kofiru osiylarga dahshatli azoblarga to'la do'zaxni tayyorlab qo'ygan Alloh mo'min-musulmon va taqvodor bandalariga mangulik jannatini ham tayyorlab qo'ygan.

«U ular uchun mukofot va qaytish joyidir».

Jannat ularning iymonlari, yaxshi amallari va taqvolari uchun mukofotdir, jannat ularning oxir-oqibat qaror topadigan qaytish joyidir.

Taqvodor mo'min bandalar jannatda rohat-farog'at ila abadiy hayot kechiradilar.

«Furqon» Ularga u erda, mangu qoluvchi hollarida, xohlagan narsalari bor. Bu Robbing zimmasidagi mas'uliyatli va'dadir.

Jannatda taqvodor mo'minlarga istagan narsalari bor. Jannatda nimalar borligini sanab, adog'iga etib bo'lmaydi. Shuning uchun osongina «…xohlagan narsalari bor», – deb qo'yildi. Zotan, inson uchun baxt-saodatga etishishning to'lig'i istagan narsasiga erishishdir. Inson o'shanday baxtga faqat jannatda erishadi. Erishganda ham, ma'lum muddatga emas, mangulikka erishadi. Chunki vaqtinchalik baxt-saodat to'liq sanalmaydi. Bu gaplar shunchaki emas.

«Bu Robbing zimmasidagi mas'uliyatli va'dadir».

Robbing esa va'dasiga hech xilof etuvchi zot emas. Mas'uliyatli va'daga xilof qilmasligi esa turgan gap. Shunday ekan, jannatga olib boruvchi iymon va taqvo yo'lida hech ikkilanmay yuraverish kerak.

“Tafsiri Hilol” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning so‘nggi kunlari

07.04.2025   1730   2 min.
Rasululloh ﷺning so‘nggi kunlari

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: Qachonki, Allohning yordami va g‘alabasi kelsa oyati nozil bo‘lganidan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam betob bo‘ldilar.

Payshanba kuni u zot alayhissalom boshlarini bog‘ich bilan bog‘lab, odamlarning oldiga chiqdilar. So‘ngra minbarga chiqib, o‘tirdilar. Ranglari sarg‘aygan, ko‘zlari yoshlanib turgan edi. Keyin Bilolni chaqirib, Madinada: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlariga to‘planinglar. Zero, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sizlarga oxirgi vasiyatlari» deb nido qilishga buyurdilar.

Bilol roziyallohu anhu odamlarni chaqirdi, kattayu kichik – hamma to‘plandi. Uylarning eshiklari ochiqligicha qoldi, bozorlar ham o‘z holiga tashlab kelindi. Hatto bokira qizlar ham parda ortidan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlarini eshitish uchun chiqib keldilar. Masjid yig‘ilganlar uchun torlik qilib qoldi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Orqadagilarni ham sig‘diringlar”, dedilar. So‘ng u zot sollallohu alayhi vasallam yig‘lab: “Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’un”, dedilar. Allohga hamdu sano aytdilar, payg‘ambarlarga, jumladan o‘zlariga ham salovot yo‘lladilar. Keyin uzun xutba o‘qidilar, jumladan bunday dedilar:

«Ey odamlar! Alloh taolo sizlarni qiyomatda katta bir tepalikka to‘playdi. U kun og‘ir kundir. U kunda molu-davlat va bola-chaqa foyda bermas. Yetkazdimmi? Ey odamlar! Tillaringizni saqlanglar, ko‘zlaringizni yig‘latinglar, qalblaringizni bo‘ysundiringlar, badanlaringizni charchatinglar, dushmanlaringizga qarshi kurashinglar, masjidlaringizni obod qilinglar, iymoningizda ixlosli bo‘linglar. Birodarlaringizga xayrixoh bo‘linglar, o‘zingiz uchun oxiratga yaxshi amal qilib jo‘natinglar, farjlaringizni saqlanglar, mollaringizdan sadaqa beringlar. Bir-biringizga hasad qilmanglar, yaxshiliklaringiz ketib qoladi. Bir-biringizni g‘iybat qilmanglar, halok bo‘lasizlar. Yetkazdimmi?»

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Kimki bir mo‘minning aybini yashirsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning aybini yashiradi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim odamlarning (bir rivoyatda: musulmonlarning) obro‘sidan tilini tiysa, qiyomat kuni Alloh uning toyilishini (xatosini) kechiradi”.

Bir musulmonning obro‘sini to‘kmay, yaxshilik qilgani sababidan Alloh taolo ham uni kechirim deb atalmish ulkan yaxshilik bilan mukofotlaydi.

Yorqinjon qori FOZILOV