Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo'yicha yilning ikkinchi oyidir. Islomdan avvalgi johiliyat davrida “Bu oyda falon ishni qilib bo'lmaydi, falon ish mumkin emas” kabi shumlanishlar urf bo'lgan. Hatto biron ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko'rishardi. Qush o'ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo'yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo'q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to'g'riga uchsa, boshqatdan uchirib ko'rishar edi.
Afsuski, hozir ham “safar oyida ish boshlash, to'y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar bot-bot quloqqa chalinib turadi. Bu gaplarning hech qanday asosi yo'q. U oyda o'qiladigan namoz, duo va boshqa ezgu amallar boshqa oylardagidek qabul bo'ladi. Safar oyida ham to'y va marosimlar qilish, safar qilish mumkin.
Taqdirga imon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilishi kerak. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Insonga) biror musibat etgan bo'lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (etur). Kimki Allohga imon keltirsa, (U) uning qalbini to'g'ri yo'lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag'obun surasi, 11-oyat).
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi masjidlarini safar oyida qurganlar. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar. Aynan shu oyda safarga chiqib, Haybar qal'asini fath qilganlar. Bu oyga “yaxshilik oyi” deb nom berganlar.
Demak, inson har bir narsani Alloh taolodan deb bilishi kerak. Haq taolo aqidamizni mustahkam qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
“Yalla, ya hajji” – Makkadagi Masjidul Haram xodimlari tomonidan ko‘p ishlatiladigan ibora bo‘lib, “ey hoji, yuring” degan ma’noni bildiradi. Bu so‘z ikki qismdan iborat:
Shuning uchun, xodimlar “yalla, ya hajji” desa, “ey hoji, yuring!” yoki “hojilar, harakatlaninglar!” deyayotgan bo‘ladi.
Bu iborani asosan Masjidul Haramdagi xavfsizlik xodimlari odamlar oqimini boshqarish, tig‘izlikning oldini olish va ziyoratchilarning harakat ravonligini ta’minlash uchun qo‘llaydilar. Har kuni millionlab ziyoratchilar yig‘iladigan ushbu muqaddas maskanda harakatni muvofiqlashtirish juda muhim hisoblanadi.
Xavfsizlik xodimlari ba’zan “Yalla, hajji, tariyq!” deb ham murojaat qiladi. Bunisi “hoji, yuring, yo‘l bering!” degan ma’noni anglatadi. “Tariyq” (طريق) so‘zi “yo‘l” yoki “yo‘l bering” ma’nosida qo‘llanadi.
Haj va umra safarlariga borayotgan ziyoratchilar uchun arabchadagi ayrim iboralarni bilib olish juda foydali. Bu nafaqat xavfsizlik xodimlarining ko‘rsatmalariga to‘g‘ri amal qilishga yordam beradi, balki harakat jarayonidagi tartibni ham ta’minlaydi.
“Yalla hajji” – bu oddiy so‘z emas, balki Makkadagi tartib va hamjihatlik ramzidir. U hojilarni bir yo‘nalishda harakatlantirish, ularning xavfsizligini ta’minlash va ibodat muhitini osoyishta saqlash uchun qo‘llaniladigan iboradir.
T.Azimov