Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Oktabr, 2025   |   27 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:21
Quyosh
06:39
Peshin
12:13
Asr
15:53
Shom
17:40
Xufton
18:52
Bismillah
19 Oktabr, 2025, 27 Rabi`us soni, 1447

2. BAQARA SURASI, 139–141 OYaTLAR

18.09.2020   5778   5 min.
2. BAQARA SURASI, 139–141 OYaTLAR

قُلۡ أَتُحَآجُّونَنَا فِي ٱللَّهِ وَهُوَ رَبُّنَا وَرَبُّكُمۡ وَلَنَآ أَعۡمَٰلُنَا وَلَكُمۡ أَعۡمَٰلُكُمۡ وَنَحۡنُ لَهُۥ مُخۡلِصُونَ١٣٩

139. (Ey Muhammad), ularga: "Biz bilan Alloh xususida tortishasizlarmi, holbuki U bizning ham, sizlarning ham Parvardigoringizdir. Bizning amalimiz o'zimizga, sizlarniki ham o'zingizga va biz Unga ixloslimiz", deng.

Ya'ni, ey Payg'ambarim, yahudiy va nasroniylarga aytingki, bizlar bilan Alloh xususida befoyda tortishuv-bahslashishlarga borib o'tirmanglar, axir Alloh azza va jalla yahudiylarning ham, nasroniylarning ham, musulmonlarning ham Parvardigoridir. Sizlar o'zlaringizga maqbul amallaringizni qilinglar, biz o'zimizga buyurilganini qilamiz. Faqat musulmonlar Allohga chin ixloslari bilan ajralib turishadi. Alloh taolo shunday marhamat etadi: “(Ey Muhammad), ayting: «Ey kofirlar, men sizlar ibodat qilayotgan narsalarga ibodat qilmayman; sizlar ham men ibodat qilayotganga ibodat qilmaysizlar. Men sizlar ibodat qilayotganga ibodat qiluvchi emasman; sizlar ham men ibodat qilayotganga ibodat qiluvchi emassizlar. Sizlarning diningiz – o'zingizga, mening dinim – o'zimga» (Kafirun, 1-6). Ya'ni, sizlarning kufr va shirkingiz o'zingizga bo'laversin, mening dinim o'zimgadir. Mening dinim tavhid, ixlos, va bo'ysunish dinidir, sizlarniki esa ko'pxudolikdir. Men aslo butparastlik yo'lini tanlamayman, sizlarga esa haq din tomonga o'tishga kibr, g'urur va johilliklaringiz yo'l bermayapti. Alloh taolo Kafirun surasini tushirganida ertalab Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Masjidul-Haromga bordilar. U erda bir guruh qurayshliklar turgan edi. Payg'ambar alayhissalom ularga bu surani oxirigacha o'qib berdilar. Buni eshitgach, ular Rasulullohdan butunlay umidlarini uzishdi.

أَمۡ تَقُولُونَ إِنَّ إِبۡرَٰهِ‍ۧمَ وَإِسۡمَٰعِيلَ وَإِسۡحَٰقَ وَيَعۡقُوبَ وَٱلۡأَسۡبَاطَ كَانُواْ هُودًا أَوۡ نَصَٰرَىٰۗ قُلۡ ءَأَنتُمۡ أَعۡلَمُ أَمِ ٱللَّهُۗ وَمَنۡ أَظۡلَمُ مِمَّن كَتَمَ شَهَٰدَةً عِندَهُۥ مِنَ ٱللَّهِۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَٰفِلٍ عَمَّا تَعۡمَلُونَ١٤٠

140. Yoki (ey Bani Isroil), "Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi yahudiy yo nasroniy edilar" deyapsizlarmi? (Ey Muhammad): ularga ayting: "Sizlarmi yaxshi biladigan yoki Allohmi? O'zidagi Allohdan kelgan shahodatni yashirgan kimsadan ham zolimroq kim bor? Alloh qilmishlaringizdan g'ofil emas".

Ibrohim alayhissalom va u zotning avlodlari haqida yahudiy va nasroniylarning da'volari mutlaqo yolg'ondir. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: "Ma kana Ibrohimu yahudiyyav va la nasroniyya", ya'ni Ibrohim alayhissalom na yahudiy, na nasroniy bo'lganlar, balki hanif musulmon edilar. O'zbekiston televideniyesi bir vaqtlar "Muhammadur-Rasululloh" ko'p seriyali fil'mini namoyish qilayotganida bir ziyoli shunday savol bergan edi: "Men bir narsani tushuna olmay qoldim. Islom dini Muhammad alayhissalomga tushirilgan din bo'lsa, unda nega u zotdan ancha oldin o'tgan Ibrohim alayhissalomni ham bu fil'mda musulmon deyishyapti?" Bu do'stimiz bilmas ediki, Islom ta'limotiga ko'ra, Odam alayhissalomdan tortib oxirgi payg'ambar Muhammad alayhissalomgacha bo'lgan barcha payg'ambarlar Islomga, tavhidga, ya'ni yolg'iz Allohga imon keltirishga da'vat qilishgan, qiyomat kuniga va unda har kim bu dunyodagi amaliga yarasha mukofot yoki jazo olishiga ishonishga chaqirishgan, insonlarni ikki dunyo saodatiga erishishiga sabab bo'ladigan shariat ahkomlarini bayon qilishgan. Chunki Islom kelajak, istiqbol risolati bo'lgani kabi olis moziyning risolati hamdir. U o'z javharida, e'tiqodiy va axloqiy mohiyatida o'tgan barcha payg'ambarlar va nozil qilingan kitoblar risolatidir.

تِلۡكَ أُمَّةٞ قَدۡ خَلَتۡۖ لَهَا مَا كَسَبَتۡ وَلَكُم مَّا كَسَبۡتُمۡۖ وَلَا تُسۡ‍َٔلُونَ عَمَّا كَانُواْ يَعۡمَلُونَ١٤١

141. Ular o'tib ketgan bir ummatdir. Ularning amallari o'zlariga, sizlarning amallaringiz o'zlaringizgadir. Sizdan ularning qilmishlari haqida so'ralmaydi.

Bu oyati karima takroran keldi, 134-oyatda ham Alloh taolo aynan shunday xitob qilgan edi. Ulamolar fikricha, birinchisida Ahli kitoblarga, ikkinchisida esa, Islom ummatiga qarata xitob qilingan yoki har ikkisi ham Ahli kitoblarga ta'kid uchun takroran tushgan.

Qur'oni karimning juda ko'p oyatlarida tavhid, ya'ni uluhiyat va ubudiyat (xudolik va bandalik) haqiqati o'tgan ummatlar taqdiri misolida bayon qilinadi. O'tgan ummatlar orasida Allohga shirk keltirishda g'oyat mashhur bo'lgan qavmlardan biri Ibrohim alayhissalomning ummatlaridan edi. Buning ustiga, Qur'oni karim nozil bo'layotgan paytdagi arab mushriklari – Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va musulmonlarga yuzma-yuz qarshi turgan mushriklar o'zlarini Ibrohim alayhissalomning millati va u zotning yo'lida yurganlar deb hisoblashar va bu bilan faxrlanishar edi. Aslida Ibrohim alayhissalom ular da'vo qilayotganidy mushriklardan bo'lmagan, balki asl tavhidga asoslangan hanif dinda bo'lgan. U kishi mushrik otalari va johil qavmlarining shirk botqog'iga botganini ko'rib, ularni bundan qaytarish, haq yo'lga burish yo'lida qanchalar harakat qilmasinlar, ular shirk changalidan qutila olishmadi. Otasi ham, qavmning boshqa ahli ham toshdan, yog'ochdan o'zlari yo'nib-o'yib ishlab olgan but va sanamlarga sig'inishda davom etaverdi. Allohning payg'ambari mushriklarga qanchalar xitob qilib, qilmishlarining botilligini eslatmasin, ular hidoyatga yurmadi.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U ‎Rohman va Rohiymdir

17.10.2025   5601   2 min.
Allohdan o‘zga iloh yo‘q. U ‎Rohman va Rohiymdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Asmo binti Yaziyd roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Allohning ismi a’zami ushbu ikki oyatdadir: «Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U Rohman va Rohiymdir» va Oli Imronning avvalidagi «Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir‎» oyatidadir», dedilar».

Imom Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Darhaqiqat, bu ikki oyatda zikr qilingan Alloh taoloning ismlari o‘zida katta ma’nolarni jamlagandir. Keling, ular bilan yaqindan tanishib chiqaylik:

«Va ilohingiz yagona Ilohdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U ‎Rohman va Rohiymdir» (Baqara surasi, 163-oyat‎).

Ushbu oyatda Islom aqiydasining bosh masalasi – Allohning yagonaligi asosiy qoida sifatida ilgari surilmoqda. Allohning borligiga hech qachon shubha bo‘lmagan. Uning zoti va sifatlari haqida tortishuvlar doimo bo‘lib turardi. Uning maxluqotlar bilan aloqasi haqida ham tortishuvlar kechgan. Faqat dahriylargina ilohning yo‘qligi haqida safsata sotdilar. Allohning borligini inkor etdilar.

«Alif. Laam, Miym. Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qoyyumdir‎» (Oli Imron surasi, 1-2-oyatlar).

Oyati Kursiyda kelganidek, ushbu oyati karima tavhidni, Allohning yagonaligini xolis bayon qiladi. Alloh taolodan o‘zga bandalarning ibodatiga sazovor hech bir ilohi ma’bud yo‘qdir. Alloh doim tirikdir, o‘lmaydi. U Qoyyum – bandalari ishlarining tadbirida doimo qoim turuvchidir. Boshqalarning turishi ham U Zot bilandir.

Bu ikki oyati karimada ham Alloh taoloning bir necha ismlari zikr qilingan. Ammo ulardan qaysi biri Ismi A’zam ekaniga aniq ishora yo‘q.

«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi