Qadimiy navqiron va hamisha go'zal Samarqandda yangi masjid ochildi!
Yaratganga cheksiz shukronalar bo'lsin, bugun O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlar soni yana bittaga ko'payib, jami 2075 taga etdi azizlar!
Yangi masjid nomi "Yangiobod" deb nomlangan bo'lib, samarqand shahrining So'g'diyona dahasida o'z faoliyatini olib boradi va ertaga fazilatli juma kuni ilk juma namozi o'qishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan Samarqand viloyatidagi masjidlar soni 286 taga etdi.
Ushbu masjidni barpo etilishidan tortib, bugungi ochilishigacha o'z hissasini qo'shgan barcha yurtdoshlarimizdan yaratganning o'zi rozi bo'lsin va yangi jome masjid muborak bo'lsin aziz yurtdoshlar!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo'limi
#xabar #tayinlov
23 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Navoiy viloyati imom-xatiblari navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirish yo‘lidagi ishlar va imom-xatiblar oldida turgan muhim vazifalar to‘g‘risida nutq qildilar.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Toir domla Ro‘ziyev boshqa vazifaga o‘tayotgani sababli lavozimidan ozod etilib, Navoiy viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Temurjon domla Atoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Navoiy viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Temurjon domla Atoyev Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh” madrasasi va Misr Arab Respublikasidagi al-Azhar universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” jome masjidi imom noibi, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari vazifalarida mehnat qilgan.
Alloh taolodan yangi tayinlangan bosh imom-xatibning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati