Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Sentabr, 2025   |   2 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:12
Peshin
12:20
Asr
16:30
Shom
18:21
Xufton
19:33
Bismillah
24 Sentabr, 2025, 2 Rabi`us soni, 1447

18.09.2020 y. Islomda ayollarga munosabat

15.09.2020   6376   11 min.
18.09.2020 y. Islomda ayollarga munosabat

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي جَعَلَ النِّسَاءَ شَقَائِقَ الرِّجَالِ، وَأَكْرَمَهُنَّ أَفْضَلَ الْإِكْرَامِ فِي الْحَالِ وَالْمَآلِ، وَصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَيَ  مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ ذَوِي الْفَضْلِ وَالْإِجْلَالِ، أَمَّا بَعْدُ.

ISLOMDA AYoLLARGA MUNOSABAT

Muhtaram azizlar! Halqimiz, millatimizga oid qaysi manbaa, qaysi qo'lyozmaga murojaat etmang ona – ayol shu oilaning muqaddasligini ta'minlovchi, oilaning ahloqiy va ruhiy muhitini yaratuvchi mo''tabar inson sifatida ta'riflanadi. Qur'oni karimda, hadisi sharifda ayollarni, xususan, onani ulug'lash kerakligi haqida ko'plab ibratli ko'rsatmalar bor. Alloh marhamati bilan homilani yuragi ostida ko'tarish, tug'ish, dunyoga kelgan insonga birinchi rizqni berish – emizish, uni tarbiyalash, voyaga etkazish va elga qo'shishda onalarning mehnat va zaxmati benihoyadir. Ona – oilaning ustuni. Onaning farzandini o'stirib, voyaga etkazish yo'lida chekkan riyozati haqqini ado etishi uchun har qanday ranju mehnat kamlik qiladi. Hazrat Navoiy onalar madhini ushbu baytga jamlab bunday deganlar:

Onalarning oyog'i ostidadir,

Ravzai jannatu bog'i.

 Ma'lumki, Islom kelishidan oldin johiliyat davrida ayollarning deyarli huquqlari bo'lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o'zlari bir buyum sifatida merosxo'rlar o'rtasida taqsimlangan. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga olib chiqqan Islom dinimiz, bu masalaga barham berib, ayollarga ham erkaklar singari huquqlar berdi va ayollarga chiroyli muomala qilishga buyurdi. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya'ni: Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi, 19-oyat).

Darhaqiqat, Islom dini o'z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo'shadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

أَكْمَلُ المُؤْمِنِينَ إِيْمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا، وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ"

(رواه الإمام الترمذي عن  أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Mo'minlarni imon jihatidan komilrog'i xulqi yaxshirog'idir.   Sizlarning eng yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshilik qiladiganingizdir” (Imom Termiziy rivoyati).

Shuni ta'kidlash kerakki, ayol kishi taom, ichimlik, libos va shu kabi boshqa moddiy narsalarga ehtiyojmand bo'lgani singari, shirin so'zga, chiroyli tabassumga, go'zal muomalaga va mehrga muhtojdir. U qalbini zavqlantiradigan, g'amni ketkazib, hayotni saodatli qiladigan yoqimli hazil-mutoyibaga ham ba'zi moddiy ta'minotlardan ko'ra ko'proq ehtiyoj sezadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollariga go'zal munosabat va samimiy muomalada bo'lganlar. Demak, har bir er ayoli bilan bo'ladigan munosabatlarda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni o'ziga namuna qilib olmog'i zarurdir.

Ammo afsuski, buguni kunda ijtimoiy tarmoqlarda ayolini xo'rlagan, unga zulm qilib qo'l ko'targan yoki ahli oilasini qiynab, nafaqasini ado etmayotgan erkaklar haqida xabar topib turibmiz.

Dinimiz ta'limotlarida ayolni kaltaklash, yuziga urish, ularga jarohat etkazishga erning aslo haqqi yo'q. Bu bilan  kishi qattiq gunohkor bo'ladi. Chunki Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarni urishdan qaytarib bunday deganlar:

"لَا تَضْرِبُوا إِمَاءَ اللَّهِ"

(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ عن عبدِاللَّه بنِ أَبي ذُباب رضي الله عنه)

ya'ni: “Allohning cho'rilarini (ya'ni, ayollarni) urmanglar!” (Imom Abu dovud rivoyatlari).

Holbuki, payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. Demak, ummatlikni da'vo qilgan har bir oila rahbari o'z ayoli bilan muomala va munosabatda Payg'ambarimiz alayhissalomni o'ziga namuna va o'rnak qilishi lozim bo'ladi.

Ayol ila go'zal muomala qilish, unga nisbatan husni xulqda bo'lish, undan etgan ozorni ko'tarish erkakning zimmasidagi majburiyatlardandir. Bu haqda Imom G'azzoliy rahmatullohi alayh shunday deganlar:

وَاعْلَمْ أَنَّهُ لَيْسَ حُسْنُ الْخُلْقِ مَعَهَا كَفُّ الْأَذَى عَنْهَا، بَلْ اِحْتِمَالُ الْأَذَى مِنْهَا

ya'ni: “Bilginki, ayolinga ozor berishdan tiyilishing husni xulq emas. Balki, undan etadigan ozorni ko'tarishing husni xulqdir”.

Hakim ibn Muoviya raziyallohu anhu Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallamga “Ey Allohning Rasuli, bizda xotinlarimizning nima haqi bor?” deb so'raganlarida, U zot shunday dedilar:

"أَنْ تُطْعِمَهَا إِذَا طَعِمْتَ وَتَكْسُوَهَا إِذَا اكْتَسَيْتَ أَوِ اكْتَسَبْتَ، وَلَا تَضْرِبِ الْوَجْهَ وَلَا تُقَبِّحْ

وَلَا تَهْجُرْ إِلَّا فِي الْبَيْتِ"

(رَوَاهُ  الإمام أَبُو دَاوُدَ)

ya'ni: “Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan, haqoratlamaysan va bir xonadan boshqa joyda yotog'ingni alohida qilmaysan” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Demak, xotinning erdagi haqlaridan biri – er o'zining iqtisodiy imkoniyatiga qarab, xotinini oziq-ovqat bilan ta'minlab borishidir. Afsuski, ba'zi erlar ulfatlari bilan ko'cha-ko'yda yaxshi va sara taomlarni eb yuradida, uydagi ayoli va bola-chaqasi esa zo'rg'a tirikchiligini o'tkazadi.  Bunday qilish oilaga zulm hisoblanib, farzandlar haqqiga xiyonat bo'ladi.

Ming afsuski, ba'zi musulmon erkaklar uyda o'tirib, ayolini pul topishga majburlayotgani, yana ayrim erkaklar xotinini nafaqa bilan ta'minlamayotgani etmagandek, “Sen ham pul topsang nima bo'ladi?”, deb malomat qilayotganini eshitib qolamiz. Ba'zi erlar esa o'zga yurtlarga ketib, uzoq vaqt qaramog'idagilarning nafaqasi va ta'minotidan xabar ham olmay qo'ymoqda. Bu ham bo'lsa, katta zulm va gunohkorlikdir.

Hozirgi kunda shariatdan bexabar ba'zi erlar ayollari bilan munosabatlari buzilsa, “Men endi ayolim bilan yashamayman, uni nafaqa bilan ham ta'minlamayman, talog'ini ham bermayman”, deydi. Bunda ayol na oilali bo'lmay, na eridan ajrala olmay, yillab arosatda qolib ketmoqda. Bu haqda Alloh taolo “Baqara” surasida shunday degan:

...وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا...

ya'ni: “...Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi, 231-oyat).

Ayollarga bunday zulm qilish shariatimizning barcha ko'rsatmalariga ziddir.

Hulosa qilib aytamizki, dinimizda ayollarni qadrlash, ularni asrab-avaylash qattiq targ'ib qilingan amaldir. Chunki ular – onalarimiz, juftlarimiz va singillarimizdir. Qadimdan Islom diniga amal qilib kelgan xalqimizning milliy qadriyatlarida ayol zoti e'zozlanadi.

Davlatimiz tomonidan ham ayollarga alohida hurmat-e'tibor ko'rsatilib, ularni har jihatdan himoya qilib kelinmoqda. Yurtimizda ayollarning o'zlariga yarasha, jismoniy salohiyatiga mos ravishda mehnat va kasb hunarlar bilan shug'ullanishlari uchun barcha sharoitlar mavjud.

Muhtaram jamoa! Ma'ruzamizning davomida ayollarning namoz o'qishidagi erkaklardan ba'zi farqlari haqida suhbatlashamiz.

Hanafiy mazhabimizning mo''tabar kitoblarida erkak va ayollarning namozlari o'rtasida farq borligi bayon qilingan. Quyida ayollarga xos bo'lgan namozdagi holatlarni sanab o'tamiz:

  • “Allohu akbar” deb namozga kirish paytida ayollar qo'llarini elka barobari miqdoricha ko'taradi;
  • Qo'l bog'lashda ayollar ikki qo'llarini ko'kraklari ustiga qo'yadilar;
  • Ruku' paytida qo'l barmoqlari yoyilmaydi balki, jips holda bo'ladi;
  • Ikki tirsaklari bilan qimtinib, ularni biqinlariga tekkizib turadi, tizzalari biroz bukiladi, erkaklarga o'xshab bellari bilan boshlari to'g'ri bo'lmaydi, balki ruku' desa bo'ladigan darajada egiladilar;
  • Sajdaga borganlarida ham qimtingan hollarida qorinlarini ikki sonlariga tegadigan qilib sajda qiladilar;
  • O'tirish paytida ya'ni qa'dada ayollar ikki oyoqlarini o'ng tomonga chiqarib, chap tarafga moyil bo'lib o'tiradilar;
  • Sajdada ayollar bilaklarini erga tekkizib, qimtinib turadilar;
  • Biror namozni ovoz chiqarib o'qimaydilar (Manba: “Muxtasarul viqoya” va “Fatovoi Hindiyya” kitoblari).

Alloh taolo barchamizga shariatimiz ko'rsatganidek, ayollarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatish va chiroyli muomala qilish baxtini nasib  qilsin! Omin!

(Muhtaram imom-xatib! Ma'ruza so'ngida jamoaviy ibodatlarni ado etishda karantin qoidalariga amal qilish, xususan ijtimoiy masofalani saqlash, tibbiyot niqoblarini taqish masalasini jamoatga eslatib qo'ying!)

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Atrof-muhitni asrash – jamiyatni asrashdir

24.09.2025   1104   5 min.
Atrof-muhitni asrash – jamiyatni asrashdir

Atrof-muhitni muhofaza qilish – bu inson salomatligi va tabiatning barqarorligini ta’minlash maqsadida atrof-muhitni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Bu sohadagi faoliyat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv sifatini nazorat qilish, bioxilma-xillikni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. 

Alloh bizlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, Qur’oni karimda: «...yer yuzida buzg‘unchilik qilish hamda ekin va naslni halok etish uchun harakat qiladi. Alloh esa buzg‘unchilikni suymas», – degan (Baqara surasi, 205-oyat).

Shariatimizda tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari hukmlar keltiriladiki, bu bizlarga ibrat namunasi bo‘lishi lozim. Xususan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», – deganlar (Abu Dovud rivoyati). Aytish joizki, hech bir oriyatli, iymon-e’tiqodli inson ushbu muborak hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi. Aksincha, shunday ishni qilayotgan kishini ko‘rgan vaqtda darhol unga tanbeh berib, bunday qilish nomaqbul ekanligini tushuntiradi.

Dinimizda buyurilgan ishlarga qonunlarimiz ham mos keladi. Konstitutsiyamizga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Atrof-muhitdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilaydigan va umumiy tartibga soluvchi normalar tizimida Konstitutsiya normalari alohida o‘ringa ega. Unda mamlakatning ekologik strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, ekologik talablarni ta’minlash kafolatlari va aholining ekologik xavfsizligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ekologik normalar tizimi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga fuqarolarning ekologik huquqlari (49-modda), fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini (62-modda) kiritish mumkin.

49-moddaga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga fuqarolarda o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqi mavjud. Ayni paytda fuqarolar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. 2023 yil 31 mayda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zarari oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. 

2024 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu sohadagi konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishini ta’minlash fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning bu jarayondagi faol ishtiroki esa ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi. 

Jahongir Xatamov,

O‘MI Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i

Maqolalar