Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

2, BAQARA SURASI, 124–129 OYaTLAR

14.09.2020   10337   14 min.
2, BAQARA SURASI, 124–129 OYaTLAR

۞وَإِذِ ٱبۡتَلَىٰٓ إِبۡرَٰهِ‍ۧمَ رَبُّهُۥ بِكَلِمَٰتٖ فَأَتَمَّهُنَّۖ قَالَ إِنِّي جَاعِلُكَ لِلنَّاسِ إِمَامٗاۖ قَالَ وَمِن ذُرِّيَّتِيۖ قَالَ لَا يَنَالُ عَهۡدِي ٱلظَّٰلِمِينَ١٢٤

124. Eslang, Parvardigori Ibrohimni bir necha so'zlar bilan sinaganida, ularni bajo qildi. Shunda U: "Seni odamlarga yo'lboshchi qilaman", dedi. "Zurriyotimdan hammi?" dedi u. Alloh: "Mening ahdim zolimlarga taalluqli emas!" dedi.

Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni to'rt narsada imtihon qilgan. Avvalo tavhidda: Alloh taoloni yakkayu yagona deb e'tiqod qilganlari uchun o'tga tashlandilar. Ikkinchisi, maqsadlari yo'lida vatandan, yaqinlari va qarindosh-urug'laridan judo bo'lib, xorijga chiqib ketdilar. Uchinchisi, ma'sum go'daklari va pokdomon xotinlarini Alloh taolo panohiga topshirib, din tarqatishga jo'nadilar. To'rtinchisi, ko'zlarining nuri bo'lgan suyukli o'g'illari Ismoilni Alloh taolo rizosi uchun o'z qo'llari bilan so'ymoqchi bo'ldilar. Mana shu imtihonlarning barchasidan yaxshi o'tib, Parvardigorlarini xushnud etdilar. Shuning uchun Alloh taolo bu zotga barcha odamlarga imomlik-yo'lboshchilik martabasini berdi. Ibrohim alayhissalom yo'lida bo'lgan zurriyotlariga ham shunday peshvolik nasib qiladi. Abdulloh ibn Abbosning (roziyallohu anhumo) fikrlaricha, bu kalimotlar Ibrohim alayhissalomning peshvo qilinishlari; u zotning o'g'illari Ismoil bilan Ka'ba binosini qurishlari, Haj manosiklari; Maqomi Ibrohim; Makkada yashovchilar rizqlarining barakotli qilinishi; u kishining zurriyotlariga Muhammad alayhissalom payg'ambar etib yuborilishlari to'g'risidagi oyatlardir. Allohning "Mening ahdim zolimlarga taalluqli emas" degan kalimasi Ibrohim alayhissalomning kelajakdagi haq yo'ldan adashib, kufr va buzg'unchiliklarga mubtalo bo'lgan zurriyotlariga qaratilgandir. Ya'ni, Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga aytdi: Men talabingni ijobat qilaman, ammo bu faqat sening naslingdan bo'lgan solih kishilarga tegishli, ular peshvo bo'lishadi, lekin ulardan kim zolim bo'lsa, ular peshvolikka loyiq emaslar.

وَإِذۡ جَعَلۡنَا ٱلۡبَيۡتَ مَثَابَةٗ لِّلنَّاسِ وَأَمۡنٗا وَٱتَّخِذُواْ مِن مَّقَامِ إِبۡرَٰهِ‍ۧمَ مُصَلّٗىۖ وَعَهِدۡنَآ إِلَىٰٓ إِبۡرَٰهِ‍ۧمَ وَإِسۡمَٰعِيلَ أَن طَهِّرَا بَيۡتِيَ لِلطَّآئِفِينَ وَٱلۡعَٰكِفِينَ وَٱلرُّكَّعِ ٱلسُّجُودِ١٢٥

125. Eslang, Baytullohni insonlar to'planadigan va omonlik joyi qilib berdik: "Ibrohim maqomini namozgoh qilib olinglar". Ibrohim hamda Ismoilga: "Uyimni tavof qiluvchilar, e'tikofdagilar, ruku'-sajda qiluvchilar uchun poklanglar", deb buyurdik.

Ya'ni, ey oqil inson (yoki ey Allohning elchisi), Biz Baytul-Harom va Ka'bai muazzamani odamlarga boshpana hamda tinch-xotirjam, har qanday xavf-xatardan xoli, osoyishta bir makon qilib qo'ydik. Shuning uchun bu Uyni tavof etinglar, unda e'tikof (sunnat amal bo'lib, dunyo hayotidan uzilib, masjidda toat-ibodat qilish) o'tiringlar, namoz o'qinglar, Mening zikrim ila mashg'ul bo'linglar. Rivoyat qilinishicha, Odam alayhissalom jannatdan Yerga tushganlarida Alloh taoloning amri bilan birinchi barpo qilgan qilgan uylari Baytulloh bo'lgan (shuning uchun u "Eski uy" ham deb ataladi). Nuh alayhissalom zamonlarida bo'lgan to'fon balosida farishtalar Alloh taoloning amri bilan o'sha Uyni ettinchi osmonga olib chiqib ketishgan. Hadisi sharifda kelishicha, o'shandan buyon osmondagi Baytullohni har kuni etmish ming farishta tavof qilar, ammo Allohning lashkari bo'lmish farishtalarning sanog'i shu qadar behisob ekanki, hanuzgacha bir farishta uni ikki marta tavof qilishga ulgurmagan ekan. Ana shu samoga olib chiqib ketilgan Baytulloh (U Baytul-ma'mur deb ham ataladi) o'rnini Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga bildirib, o'sha joyga barcha musulmonlar uchun qibla sanalgan Baytullohni bino qilishni buyurgan.

Baytulloh (Masjidul-Harom) Yer yuzida tavhid uchun bino qilingan birinchi masjiddir. U Ibrohim alayhissalom umr bo'yi kurashgan butparastlik vayronalari ustiga barpo qilingan. Mo'minlar shu bois Ka'bai muazzamani tavof qilishadi, Allohga tasbeh, hamdlar, duolar aytishadi, tavba-tazarru'larini izhor etishadi. Bunda Ka'ba yoki Hajarul-asvadga (qora toshga) emas, balki Alloh azza va jallaga ibodat qilinadi, sig'iniladi. Haj ibodatini farz qilishdan musulmonlarni payg'ambarlar o'tgan, vahiy ingan yurtga savobli solih safarlari ixtiyor etilgan. Haj ibodatidan murod insonni vahiy vataniga bog'lash, Allohning omonatini ko'targan, uni odamlarga mukammal etkazgan daholarning siyratlariga oshno etishdir. Alloh taolo musulmonlarni zamon va makon tafovutiga qaramay tavhid dini bo'lmish Islomga bog'lanishlarini iroda qildi va ulardan qodirlarini dinimiz tarixi muhrlangan muqaddas makonlar ziyoratiga taklif etdi. Oyatdagi: "Ibrohim maqomini namozgoh qilib olinglar" jumlasi Ibrohim alayhissalom Masjidul-Haromni qurayotgan vaqtlarida turgan erlarini sharaflash uchun aytilmoqda (hozir bu joy alohida belgili qilib o'rab qo'yilgan). Ibrohim alayhissalom Ka'bani qurayotganlarida bir tosh ustida turganlar, o'sha tosh o'rni "Ibrohim maqomi"dir. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka'bani etti marta tavof (ibodat uchun aylanish) qilib, so'ngra maqom orqasida ikki rakat namoz o'qidilar" (Buxoriy rivoyati). Ibn Kasir aytadi: "Ibrohim maqomi deb ataluvchi bu tosh qadimdan Ka'ba devoriga yopishib turadi, uning hozirgi joyi kiraverishdagi eshikning o'ng tarafidadir. Ibrohim alayhissalom Baytullohni qurib bo'lganlaridan keyin bu toshni Ka'ba devoriga qo'yadilar. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu uni Ka'ba devoridan hozirgi o'rniga oldiradi. Bu ishni qilishdan u kishini sahobalarning hech biri qaytarmagan" (“Tafsiru Ibn Kasir", 1-jild, 170-bet).

وَإِذۡ قَالَ إِبۡرَٰهِ‍ۧمُ رَبِّ ٱجۡعَلۡ هَٰذَا بَلَدًا ءَامِنٗا وَٱرۡزُقۡ أَهۡلَهُۥ مِنَ ٱلثَّمَرَٰتِ مَنۡ ءَامَنَ مِنۡهُم بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِۚ قَالَ وَمَن كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُۥ قَلِيلٗا ثُمَّ أَضۡطَرُّهُۥٓ إِلَىٰ عَذَابِ ٱلنَّارِۖ وَبِئۡسَ ٱلۡمَصِيرُ١٢٦

126. Ibrohimning: "Parvardigorim, buni omonlik shahri qilgin va Allohga, oxiratga imon keltirgan ahlini turli mevalar bilan rizqlantir" deganini eslanglar. Alloh: "Kim kufr keltirsa, uni biroz foydalantiraman-da so'ngra do'zax azobiga duchor qilaman, u nihoyatda yomon joydir", dedi.

Ibrohim alayhissalom kelajakdagi zurriyotlarining ham g'amini edilar, ularning ham farovon yashashlarini, butparastlikdan uzoqda bo'lib, Allohni tanishlarini, ibodatli bo'lishlarini tilab Parvardigorlariga duo-iltijo qildilar. Oyati karimaning birinchi qismi Ibrohim alayhissalomning Parvardigorlariga duolaridir. Ya'ni, "ey Allohim, Sendan duo qilib so'rayman, Bayting joylashgan Makkani odamlar xotirjam bo'lib, taskin topadigan shahar qilgin! Ey Allohim, bu shahar ahli orasidan Senga va Qiyomat kuniga imon keltirganlarni turli-tuman ne'mat va mevalar bilan rizqlantirishingni so'rayman". Alloh taolo kofir kimsalarga ham bu dunyoda rizq va boshqa ne'matlarni bersa-da, aslida ularning borar joyi nihoyatda yomon do'zaxdir. Alloh bundaylarni do'zax azobiga giriftor qilaman, deb va'da beryapti. Do'zax azobidan najot topish uchun "Ibrohim maqomi" (turgan joyi) da namoz o'qishga ham buyurilgan.

وَإِذۡ يَرۡفَعُ إِبۡرَٰهِ‍ۧمُ ٱلۡقَوَاعِدَ مِنَ ٱلۡبَيۡتِ وَإِسۡمَٰعِيلُ رَبَّنَا تَقَبَّلۡ مِنَّآۖ إِنَّكَ أَنتَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡعَلِيمُ١٢٧

127. Ibrohim bilan Ismoil Ka'ba devorini ko'tarayotib: "Ey Parvardigorimiz, bizdan ushbuni qabul qil, Sengina eshituvchi va biluvchisan", deganini eslanglar.

Ya'ni, ey oqil inson, bu ikki payg'ambar Baytullohning asosini ko'tarayotib bunday duo qilishganini esla: "Ey Parvardigor, bizlardan so'zimiz va amallarimizni qabul ayla, zero, Sen so'zlarimizni eshituvchi, holimizni bilib turuvchisan!" Vaqti-soati etib Baytulloh bitganidan so'ng ota-bola payg'ambarlar uni tavof (ziyorat ibodati) qilishdi. Shundan so'ng Ibrohim alayhissalom Makkadagi Abu Qubays tog'i ustiga chiqib, insonlarni Ka'bani tavof qilishga chaqirdilar. Bu ovozni eshitgan va unga javob bergan ruhlar bu dunyoda shu chaqiriqqa javoban Ka'baga haj qilish uchun boradilar. "Labbayka, Allohumma labbayk" (Allohim, chaqiriqni eshitdik va qabul etdik), deya u erni tavof etishadi. Hazrati Oisha roziyallohu anho bunday xabar beradilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qavming Ka'bani (qayta) qurayotib Ibrohim alayhissalom qo'yib ketgan poydevorlarni pasaytirib qo'yganini ko'rmaysanmi?" dedilar. "Ey Allohning Rasuli, Ibrohim alayhissalom poydevorlarini asliga keltirib qo'ymaysizmi?" dedim. Shunda u zot: "Qavming kufrdan qaytib, endigina Islomga kirmaganida shunday qilgan bo'lar edim", dedilar" (Buxoriy rivoyati).

رَبَّنَا وَٱجۡعَلۡنَا مُسۡلِمَيۡنِ لَكَ وَمِن ذُرِّيَّتِنَآ أُمَّةٗ مُّسۡلِمَةٗ لَّكَ وَأَرِنَا مَنَاسِكَنَا وَتُبۡ عَلَيۡنَآۖ إِنَّكَ أَنتَ ٱلتَّوَّابُ ٱلرَّحِيمُ١٢٨

128. "Ey Parvardigorimiz, bizni O'zingga yanada bo'ysunganlardan, zurriyotlarimizni ham itoatgo'ylardan qil, ibodat yo'llarini ko'rsat va tavbalarimizni qabul ayla! Sen tavbalarni albatta qabul qiluvchi mehribon Zotsan!".

Ibrohim va Ismoil alayhimassalomlar yana Alloh taologa bunday duo-iltijolar bilan yolborishdi: "Ey Allohim, bizlarni amringga quloq tutib, O'zingga bo'ysunuvchilardan qil! Zurriyotlarimizdan ham Senga ixlosli kishilarni chiqar! Bizga dinimiz arkonlari, haj amallaridan ta'lim ber va bizni tavbaga yuzlantir, tavbalarimizni qabul et! Zero, Sen Hojamizsan, tavba qiluvchilarning chin qalbdan qilgan tavbalarini qabul etuvchisan!"

“Maqomi Ibrohim” lug'atda «Ibrohim (alayhissalom) turgan joy» ma'nosini bildiradi. Ibrohim alayhissalom bir tosh ustida turib Ka'bani qurayotganlarida unga oyoq izlari tushib qolgan. Shu tosh va uning atrofi «Maqomi Ibrohim» deb ataladi. U Masjid ul-Harom ichida, Ka'ba yaqinida, alohida belgi bilan ko'rsatilgan. Ibrohim alayhissalom Baytullohni qurib bo'lgach shu erda namoz o'qiganlar. Qur'oni karimda: «Maqomi Ibrohimni namozgoh tuting», deb buyurilgani uchun tavofdan keyin ushbu maqomda ikki rakat namoz o'qiladi.

رَبَّنَا وَٱبۡعَثۡ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِكَ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُزَكِّيهِمۡۖ إِنَّكَ أَنتَ ٱلۡعَزِيزُ ٱلۡحَكِيمُ١٢٩

129. "EyParvardigorimiz, ulargao'zlaridanbo'lgan, oyatlaringnitilovatqilibberadigan, Kitobvahikmatnio'rgatadigan, ularnipoklaydiganPayg'ambaryubor. HaqiqatanqudratvahikmatSendadir!".

Islom risolati, Muhammad alayhissalomning insoniyatga payg'ambar etib yuborilganlari ushbu duoning ijobatidir. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning iltijolarini ijobat qilib, insoniyatga Alloh vahiylarini etkazuvchi, Uning kitobi va hikmatlarini o'rgatuvchi, ularni gunoh va shirk balosidan poklovchi oxirzamon Payg'ambarini yubordi. Bu Parvardigorning insonlarga buyuk fazli va rahmatidir. Ulamolar "hikmat"dan murod, Payg'ambar alayhissalomning sunnatlari, deyishgan. Payg'ambarning vazifalari ummatni shirk, kufr va yomon xulqlardan poklashdir.

Islom barcha zamonlarning va hamma ummatlarning risolatidir. Oldin o'tgan payg'ambarlarniki kabi muayyan asr, ba'zi zamonlargagina tegishli muvaqqat risolat emas. Islomgacha barcha payg'ambarlar mahdud bir zamonga yuborilgan bo'lsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qiyomatga qadar boqiy bir risolat egasi, payg'ambarlarning oxirgisi, yakunlovchisidirlar. Islomdan keyin boshqa bir shariat kelmaydi. Qur'oni karimdan so'ng boshqa kitob nozil bo'lmaydi. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomdan keyin boshqa payg'ambar kelmaydi. Bu ummatning Payg'ambari Muhammad alayhissalom hozirgacha tarix ko'rgan barcha payg'ambarlarning eng a'losidirlar. Bu zot butun insoniyatga yo'lboshchi o'laroq yuborilgan Koinot sarvari va faxri, insonlarning eng afzali va komili, musulmonlarning qiyomatdagi shafoatchisi, Alloh taolo yuborgan payg'ambarlarning eng so'nggisidirlar. Bu haqiqat, ya'ni insoniyatning ikki dunyo saodatiga erishishi uchun, ruhiy va moddiy olami o'zaro mutanosiblikda bo'lishi uchun birdan-bir najot yo'li – Alloh taoloning oxirgi haq dini Islom ekani haqidagi kashfiyot bugunga kelib ochilgani yo'q. Alloh taolo buni o'n besh asr muqaddam bandalariga nozil qilgan Kitobida ochiq-oydin aytib qo'ygan: «(Ey musulmonlar), odamlarga ro'baro' qilingan ummatning eng yaxshisi bo'ldinglar: yaxshilikka buyurasizlar, yomonlikdan qaytarasizlar va Allohga imon keltirasizlar. Agar Ahli kitoblar ham imon keltirishganida edi, o'zlariga yaxshiroq bo'lardi. Ulardan imonlilari ham bor, ammo ko'plari fosiqlardir». (Oli Imron, 110);

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   615   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi