Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446

Allohning do'stiga dushmanlik qilmang!

11.09.2020   2415   10 min.
Allohning do'stiga dushmanlik qilmang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Ulamolar Alloh taoloning nazdida qanday mavqega ega ekanini bilasizmi? Majlisi dinning islohi, jasadning ziynati, o'zlari esa «payg'ambarlarning merosxo'rlari» bo'lgan ulamolar bilan muomala qilishda ularning mavqelarini bilishimiz o'ta ahamiyatlidir.

Alloh taolo mo'minlarni va shar'iy ilm sohiblari bo'lgan ulamolarni oliy darajalarga ko'tarishi haqida bashorat berib bunday degan:

«Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko'taradir» (Mujodala surasi, 11-oyat).

Ulamolarga ehtirom ko'rsatish – Allohning kitobi va rasulining sunnatidan iborat shar'iy ilmlarga nisbatan ehtirom ko'rsatishdir. Shu sababli ulamolarni hurmat qilish vojib bo'ladi:

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Keksalarimizni ulug'lamagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimimizning haqqini bilmagan kimsa ummatimdan emasdir», dedilar» (Ahmad rivoyati).

Ulamolarni va ular tomonidan aytilgan fatvolarni ehtirom qilish payg'ambarlar qoldirgan merosni ehtirom qilish demakdir. Chunki ular payg'ambarlarning merosxo'rlari bo'lib, ular o'ziga xos mavqe va fazl egalari hisoblanishadi. Bunga quyidagi hadis dalolat qiladi:

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Kim ilm talab qilish yo'liga yursa, Alloh unga jannat yo'lini oson qilib qo'yadi. Albatta farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo'yadi. Olim uchun osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig'for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi to'lin oyning boshqa yulduzlarga nisbatan fazliga o'xshaydi. Olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Payg'ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o'shani olsa ulug' nasibani olibdi» (Termiziy rivoyati).

Ha, ulamolar ana shu ulug' nasiba sohiblaridir!

Alloh taolo bizga biror ishda mushkullikga duch kelsak, ulamolarga murojaat qilishni, ulardan savol so'rashni buyurgan:

«Agar bilmaydigan bo'lsangiz, zikr ahllaridan so'ranglar» (Nahl surasi, 43-oyat).

Ha, bilmagan ishlarimizni ulamolardan so'raymiz va ularning hikmat bilan aytgan fatvolariga yuramiz, amal qilamiz. Chunki ularning bu fatvolari Qur'on va sunnatning chashmalaridir. Johillardan ehtiyot bo'ling!. Chunki ular bizning tilimizda gapirsa-da, biz kabi ko'rinsa-da, lekin jahannamga chorlashadi. Hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi:

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yaxshilik haqida so'rashar edi. Men esa o'zimga etishidan qo'rqib yomonlik haqida so'rardim. «Ey Allohning Rasuli, biz johiliyatda hamda yomonlikda edik. Alloh bizga bu yaxshilikni keltirdi. Endi mana shu yaxshilikdan keyin yomonlik bo'ladimi?» dedim. U zot: «Ha» dedilar. «O'sha yomonlikdan keyin yaxshilik bo'ladimi?» dedim. U zot: «Ha, lekin unda tutun bo'ladi», dedilar. «Uning tutuni nima?», dedim. U zot: «Bir qavm mening to'g'ri yo'limdan boshqa yo'lga boshlaydi. Sen ular (qilayotgan ishlar)dan nimalarnidir taniysan, nimalarnidir tanimaysan», dedilar. «O'sha yaxshilikdan keyin yana yomonlik bo'ladimi?», dedim. U zot: «Ha, jahannam eshiklari tomon chorlovchilar bo'ladi. Buni ijobat qilganni o'shanga tashlanadi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, bizga ularni sifatlab bering», dedim. U zot: «Ular o'zimizdan bo'ladi, o'zimizning tilimizda gapirishadi», dedilar. «O'sha narsa menga etsa, menga nimani buyurasiz?», dedim. U zot: «Musulmonlar jamoasi va ularning imomini mahkam tutasan», dedilar. «Ularning jamoasi ham, imomi ham bo'lmasa-chi?», dedim. U zot: «U holda daraxtning tomirini tishlab bo'lsa ham o'sha firqalarning barchasidan chetda bo'lasan, toki, o'lim senga o'sha holingda etsin», dedilar (Buxoriy rivoyati).

Taassufki, ayrim insonlar ulamolarni tanqid qilishni o'zlari uchun suhbat mavzusi qilib olishadi. Bu ishlari bilan o'zlarini katta muammoni hal qilayotgandek his qilishadi. Siz bu kabi ishlardan ehtiyot bo'ling. Chunki Abu Dardo roziyallohu: «Sizlar ulamolarning farosatidan ehtiyot bo'ling! Agar ular sizning zararingizga guvohlik berishsa, sizlarni do'zaxga ag'darib yuborishadi. Allohga qasamki, Alloh taolo ularning qalblari va ko'zlariga haqni ko'rsatib qo'yadi», degan.

Demak, ulamolar diqqat-e'tibor bilan nazar solsalar, Alloh bergan farosat yordamida kimning qanday inson ekanini anglab olishlari mumkin. Shuningdek, ular odamlarning xulq-atvorlari hamda o'z tajribalaridan kelib chiqib ham kimning kim ekanini bilib olishlari mumkin. Shu sababli ularning guvohligi ahamiyatlidir. Shunday ekan, har bir inson o'zi haqida ilm egalari va taqvodor mo'minlar qanday gumonda ekaniga e'tibor qaratishi lozim. Chunki qilayotgan ishlarimizni butun dunyo fosiqlari ma'qullab, olqishlab, qo'llab-quvvatlab tursalar-da, lekin birgina diyonatli olim unga salbiy baho bersa, olimning so'zi e'tiborli hisoblanadi.

Ha, olimlar biz haqimizda yomon fikrga borib qolishidan ehtiyot bo'laylik! Ularni muhokama qilishdan va tanqid ostiga olishdan saqlanaylik!

To'g'ri, olimlar ham adashishi mumkin. Alloh va Uning Rasulidan boshqalar ma'sum bo'lmagani uchun ularning ayrim so'zlari va fatvolari rad qilinishi ehtimoldan xoli emas. Lekin ularga raddiya berishga kimlar haqli? Ular tomonidan sodir etilgan ba'zi xato-kamchiliklarni xuddi o'zlari kabi zabardast olimlar ilm omonatdorligi jihatidan etarli dalil-isbotlarini keltirib, odob va hurmat-ehtirom bilan to'g'rilab turishadi. Hakim zotlardan biri aytgan ekan: «Agar xatoga yo'l qo'ygan yoki yanglishgan har bir kishidan batamom voz kechib yuborilaversa, ularning qilgan yaxshi ishlari hisobga olinmasa, ilm-fan, sanoat va adolat yo'qolib ketadi, shuningdek, ularga olib boradigan vositalar ham ishdan chiqadi».

Shuning uchun katta olimlar sukut qilib turgan masalalarda ilmsiz kishilar turli tanqidiy fikrlarni aytavermasliklari lozim. Aslida bunday kishilar munozara maydoniga tushmasliklari lozim. Chunki ular ilmsiz munozaralari sababli shaytonning o'yinchog'iga aylanib qolishadi. Ularning foydasidan ko'ra zarari ko'proq bo'ladi. Shuning uchun Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: Agar johil odam sukut qilganida edi, odamlar o'zaro kelishmovchilikka borishmagan bo'lardi, deganlar.

Agar biror olim olamdan o'tsa, u o'zi bilan birga ilmning bir qismini ham olib ketadi. Olimlarning qilgan mehnati va mashaqqatlari ular vafot etganidan so'ng ko'zga yaqqol tashlanadi. Alloh taolo olimlar sababli qanchadan-qancha balolarni daf qilib turadi. Shariat ilmlari olimlar vositasida tarqatiladi. Olimlar vafot etsa, musulmon kishi unga duo qiladi, uning uchun istig'for aytadi, unga Allohning rahmatini so'raydi, uning qilgan yaxshi ishlarini ummat o'rtasida keng tarqalishiga harakat qiladi. Olimlar vafot etsa, yomon insonlar xursand bo'ladi, odamlarni adashtirish uchun o'zlarining botil ishlarini keng yoyish harakatida bo'lishadi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug'urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so'raladilar va ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natidaja adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).

Ey birodar, olimlarni yaxshi ko'ring, odamlarni ham olimlarni yaxshi ko'rishga targ'ib qiling. Olimlarni so'zingiz, qalamingiz va boshqa barcha imkoniyatlaringiz bilan himoya qiling. Shariat ulamolariga biror majlisda yoki boshqa biror joyda bo'lsin, zinhor dushmanlik qilmang! Agar ularga qarshi dushmanlik qilsangiz, Alloh tomonidan sizga qarshi bo'ladigan urush e'lonini bilib qo'ying! Alloh asrasin! Agar shunday bo'lsa, mag'lub bo'lishingiz shubhasizdir. Chunki hadisi sharifda bunday deyilgan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo: «Kim mening do'stimga dushmanlik qilsa, men unga urush e'lon qilaman», dedi» (Buxoriy rivoyati).

Shar'iy ilmlar sohibi bo'lgan rabboniy ulamolarga dushmanlik qilayotganlarga, shuningdek, jamiyat orasida ularning obro'sini to'kish maqsadida turli noloyiq gaplarni tarqatayotganlarga qarshi kurashib olimlarni himoya qilish – Allohning yo'lida jihod qilib Qur'onni, sunnatni, shariatni va dinni himoya qilish kabi savobi ulug' ishlardan hisoblanadi.

Musulmon kishi ulamolarni hurmat qilishi lozim. Chunki ulamolar ular bilan o'zaro gaplashganda ham, ular bilan birga o'tirganda ham hurmat-ehtiromga haqli bo'lgan insonlardir. Ularning suhbatidan va axloqidan istifoda qiling. Ularga nisbatan qalbingiz va tilingizni ehtiyot qiling. Ular uchun Alloh taolodan tavfiq so'rab duoda bo'ling. Agar ular sizning xizmatingizga ehtiyoj sezishsa, hech ham taraddudlanmay ixlos va surur ila Alloh uchun ularga xizmat qiling.

Alloh taolo ulamolarimizni haq yo'lda sobitqadam qilsin! Ularni hurmat qilish va ularning ilmidan istifoda qilishni bizlarga muvaffaq aylasin!

 

Toshkent Islom instituti o'qituvchisi Qudratulloh Sidiqmetov

«Hilol» jurnalining 8(17) sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Umr – bebaho va topilmas ne’matdir! (+video)

10.03.2025   7155   1 min.

Bir hadis sharhi
 

Imom Termiziy va imom Dorimiyning “Sunan”lariga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan qimirlamaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshlikda nima amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani (haqida va) olgan ilmiga qay darajada amal qilgani to‘g‘risida”, dedilar.