Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447

O'zbekistonda birinchi Hi-tech usulida qurilayotgan masjid

11.09.2020   4176   8 min.
O'zbekistonda birinchi Hi-tech usulida qurilayotgan masjid

Toshkent shahrining “Qatortol-1” mahallasida xayrli ishga qo'l urildi. Binoning eskiligi, masjidning torligi, kirib-chiqishdagi noqulayliklar va moslashtirilgan binoda joylashgani namozxonlarga qiyinchiliklar tug'dirayotgan edi. Shu sababli “Hasanxon qori” jome masjidining qayta qurilishi boshlandi. “Azon.uz” muxbiri ushbu qurilish haqida ma'lumot olish uchun mazkur masjid imom-xatibi Zikrullo Mahkamov bilan suhbat o'tkazdi.

Muxbir: – Assalomu alaykum, domla. “Hasanxon qori” masjidining tarixi va hozirgi olib borilayotgan qayta qurilish ishlari haqida gapirib bersangiz.

Imom-xatib: – Va alaykum assalom. Kelganingiz uchun rahmat, masjidimiz ilgari oziq-ovqat do'koni va uning omborxonasiga mo'ljallab qurilgan edi. Bir necha yil do'kon sifatida ishlagan binoning egasi 1993 yilda buni masjidga ehson qilib, mo'min-musulmonlar ixtiyoriga bergan. Shu tariqa mahallamiz o'z masjidiga ega bo'ldi.

Muxbir: –  Masjid “Hasanxon qori” nomi bilan atalar ekan. Bu kishi kim bo'lganlar?

Imom-xatib: – O'sha paytlarda masjidni qanday nomlash haqida gap ketganda mahallaning qariyalari Hasanxon qori nomlarini tavsiya qilganlar. Bu kishi diniy idorani tashkil qilishda jon kuydirgan ulamolarimizdan eshon Boboxonning ukalari, muftiy Ziyovuddinxon hazratlariga amaki bo'lganlar. Eski shahardagi mashhur “To'xtaboyvachcha” (xalq tilida “Chaqichmon” (asli Charxchi imom) masjidi avval madrasa bo'lgan va u kishi shu erda dars berib, ko'plab shogirdlar etishtirib, millatimizga, dinimizga xizmat qilganlar. Mahallamizdagi qariyalarning ayrimlari yoshliklarida Hasanxon qorini ko'rganliklarini aytishadi. O'sha kishiga havas qilib masjidga u kishining nomini qo'yishga qaror qilindi. Mahallamizda o'sha kishining avlodlari yashaydi.

Muxbir: – Masjidni qayta qurish g'oyasi ilgari ham bormidi?

Imom-xatib: – Ha, ko'p yillardan beri masjidni qayta qurishni niyat qilib yurar edik. Bino masjidga o'xshamagan, kirish ham qibla tarafdan, ancha noqulay edi. Masjidga odam sig'maganidan kengaytirishning ilojini topolmay, hatto yaqin atrofdan boshqa er ham qidirib ko'rdik. Ammo turli sabablar tufayli bu ish amalga oshmay yurdi. Yonimizdagi to'yxonani sotib olishga qaror qildik. Katta mablag'ni yig'ish oson bo'lmadi. Azon.uz saytida Mubashshir domlaning sa'y-harakatlari bilan e'lon chiqarildi, o'sha sababli ham anchagina mablag' yig'ilib, nihoyat to'yxonani sotib oldik. Orqa tomondagi tsex sotib olingandan so'ng ham masjid namozxonlarga torlik qilar, ayniqsa juma kunlari qiyinchilik tug'dirar edi. Ilgari joyimiz 10 sotixga etib-etmas edi, hozir 30 sotixga etib qoldi, alhamdulillah. Hozir masjid loyihasi tayyorlangan. Joyimizning shakli murakkab, unga odatdagidek to'rtburchak masjid qurilsa, ancha joy yutqazib qo'yilar ekan. Shuning uchun me'morlar masjidni noan'anaviy shaklda qurishga qaror qilishdi. Bu O'zbekistondagi ilk xay-tek usulida qurilgan masjid bo'ladi.* Iloji boricha har bir metrdan foydalanishga harakat qilingan. Hozir to'yxona va tsex ham qo'shilib bitta kadastr qilindi. Masjidga kirish joyida tahoratxona quriladi. Tahoratxona ham ilgarigisidan ancha katta va qulay bo'lishi ko'zda tutilmoqda. Masjid yarim erto'la, birinchi va ikkinchi qavatlardan iborat bo'ladi. Besh vaqt namozlari eng pastki qavatda o'qiladi. 

*Hay-tek (inglizcha high-tech) – “Yuqori texnologiyalar” degan ma'noni bildirib, arxitektura va dizayndagi uslubdir. Hay-tek 1970-yillarning oxirlarida modernizm negizida paydo bo'lgan va 1980-yillarda keng qo'llanila boshlagan.

Muxbir: – Ba'zan masjidlarimizda ayollar namoz o'qiydigan joylar yo'qligi sababli namozxon ayollarga qiyinchilik tug'ilyapti. Yangi masjidda bularga e'tibor berilganmi?

Imom-xatib: – Albatta, namoz vaqti kirib qolsa, ayollarimiz qayerda namoz o'qishi haqida shu paytgacha e'tibor berilmagani achinarli hol. Shu sababli qurilajak masjidda alohida kirish eshigi, tahoratxonasi bo'lgan, 60 o'rinli ayollar namozxonasi ham bo'ladi. 

Muxbir: – Hozir qurilish ishlari qaysi etapda, qiyinchiliklar bo'lmayaptimi?

Imom-xatib: – Hozir eski masjidni buzish ishlari deyarli oxiriga etib qoldi. Katta qiyinchilik va mablag' bilan er ostidan o'tgan kanalizatsiya va aloqa liniyalari ko'chirib chetroq joyga o'tkazildi. Hozir qurilish qilinadigan joy tozalanib, kotlovan qurishga tayyorlandi. Hudoga shukr, hozircha mablag'imiz bor. Halqimiz, masjid qurilyapti deb, topganini olib kelyapti. Bundan boy, o'ziga to'q odamlar ham, qo'li kaltaroq kishilar ham chetda qolishgani yo'q. Bir marta qiziq voqea bo'ldi. Sardor Rahimxon degan ukamizni taniysiz. O'sha birodarimiz bir olti yashar bolani olib keldi. Haligi bola otasi bergan pullarni yig'ib, 400 ming so'm pul yig'ibdi. Keyin Sardorga “Bu pullarimni faqat masjid qurilishiga sarflayman, o'shanday joyni topib bering” debdi. Bolakay juda teran fikrli, ziyrak bola ekan. Kelib ehsonini topshirganida ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi. Saxiy bolakay quriladigan masjidning loyihalari bilan ham qiziqib, ko'rib ketdi. Masjid quraman desangiz, Alloh olti yashar bolaning ham qalbiga saxovat urug'ini solib qo'yar ekan. Yana bir kishi kelib iymanib turibdi. Keling, deb gapga soldik. U odam “masjidga ehson qilishga kelgandim, biroq boy emasman, olib kelgan pulim ko'p emas”, deb pulining kamligiga xijolat bo'layotgan ekan. Biz unga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim qatot (erga in quradigan qush) qushining inicha yoki undan kichikroq bo'lsa-da Alloh uchun masjid bino qilsa, Alloh taolo u uchun bir bayt(uy)ni bino qiladi” degan hadislarini aytdik.  Ibn Moja rivoyati.

Kelgan odamning yuzi yorishib ketdi, qilgan ishining savob ekanligi, beiz ketmasligidan quvondi. Darhaqiqat, savobning katta-kichigi bo'lmaydi, Alloh chin dildan qilingan ehsonni qabul qiladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari muftiylik paytlarida biror joyga borsalar, odamlar: “masjid qurilishini boshlamoqchi edig-u, mablag'imiz yo'q” deyishsa, “sizlar boshlayveringlar, o'zi bitib ketadi”, der ekanlar. Men hazratning o'sha gaplarining isbotini olti yashar bolada ko'rdim.

Muxbir: – Taqsir, masjid qurilishi qachon bitishi mo'ljallanyapti? Qachon yangi masjidda namoz o'qiymiz?

Imom-xatib: – Ishlar hozirgi darajada ketsa, insha Alloh kelasi yilning Ramazon oyini yangi masjidda o'qiymiz.

Muxbir: – Alloh boshlagan ulug' ish – O'zining baytini qurishda sizlarga kuch-quvvat, g'ayrat ato etsin. Qurilayotgan masjid asrlar bo'yi avlodlarga Islom ziyosini tarqatib, qurganlarga, mablag' bilan yordam berganlarga sadaqayi joriya bo'lib qolsin!

Imom-xatib: – Amiyn.

“Azon.uz” muxbiri Yoqub Umar suhbatlashdi.

Asosiy xususiyatlari: Bino va inshootlarni loyihalash, qurish va loyihalashda yuqori texnologiyalar, to'g'ri chiziqlar va shakllardan foydalanish, shisha, plastmassa, metallning keng qo'llanilishi, binoning tashqarisida funktsional elementlardan foydalanish (liftlar, zinapoyalar, shamollatish tizimlari va boshqalar)

 

azon.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Atrof-muhitni asrash – jamiyatni asrashdir

24.09.2025   2057   5 min.
Atrof-muhitni asrash – jamiyatni asrashdir

Atrof-muhitni muhofaza qilish – bu inson salomatligi va tabiatning barqarorligini ta’minlash maqsadida atrof-muhitni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Bu sohadagi faoliyat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv sifatini nazorat qilish, bioxilma-xillikni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. 

Alloh bizlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, Qur’oni karimda: «...yer yuzida buzg‘unchilik qilish hamda ekin va naslni halok etish uchun harakat qiladi. Alloh esa buzg‘unchilikni suymas», – degan (Baqara surasi, 205-oyat).

Shariatimizda tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari hukmlar keltiriladiki, bu bizlarga ibrat namunasi bo‘lishi lozim. Xususan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», – deganlar (Abu Dovud rivoyati). Aytish joizki, hech bir oriyatli, iymon-e’tiqodli inson ushbu muborak hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi. Aksincha, shunday ishni qilayotgan kishini ko‘rgan vaqtda darhol unga tanbeh berib, bunday qilish nomaqbul ekanligini tushuntiradi.

Dinimizda buyurilgan ishlarga qonunlarimiz ham mos keladi. Konstitutsiyamizga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Atrof-muhitdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilaydigan va umumiy tartibga soluvchi normalar tizimida Konstitutsiya normalari alohida o‘ringa ega. Unda mamlakatning ekologik strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, ekologik talablarni ta’minlash kafolatlari va aholining ekologik xavfsizligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ekologik normalar tizimi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga fuqarolarning ekologik huquqlari (49-modda), fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini (62-modda) kiritish mumkin.

49-moddaga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga fuqarolarda o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqi mavjud. Ayni paytda fuqarolar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. 2023 yil 31 mayda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zarari oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. 

2024 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu sohadagi konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishini ta’minlash fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning bu jarayondagi faol ishtiroki esa ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi. 

Jahongir Xatamov,

O‘MI Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i

Maqolalar