Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlar tomonidan “Navoiy viloyatida Qur'oni karim kitobi ichiga giyohvand modda yashirgan imom-xatib (ayrim manbalarda “mulla”) qo'lga olindi” degan xabar tarqatildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi ushbu holatni tezkorlik bilan o'rganib, mazkur qo'lga olingan shaxs Diniy idora tizimida mutlaqo ishlamasligi to'g'risida tegishli ommaviy axborot vositalari va internet manbalari mas'ullariga xabar berildi. Shundan keyin “imom-xatib”, “mulla” so'zlari “shaxs”, deb qayta tahrir qilindi.
Ta'kidlash zarurki, so'nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noxushliklarni muborak Islom dini, masjid yoki imom-domlalarga bog'lash holatlari kuzatilmoqda, bu ish gunoh hisoblanadi.
Jinoyat qilgan odamning har qanday holatda ham dinga bo'lgan munosabatini oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak. Bu odam jinoyat qilgan bo'lsa, qonuniy jazosini oldi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida masjid yo imomni yomonotliq qilishga urinish og'ir gunoh. Har bir ijodkor mazkur mavzularda so'z yuritar ekan, tasavvurida Alloh taolo va Uning Rasuli, Islom dini qadr-qimmati paydo bo'lsa, so'z aytish mas'uliyatini yanada teranroq anglaydi.
O'z navbatida qat'iy ta'kidlaymizki, giyohvand moddalarni sotish, etkazib berish bilan shug'ullanayotgan yoki iste'mol qilayotganlar ko'zlarini ochsinlar. Avvalo Alloh taolo oldida javob berishini unutmasin. Besh kunlik hayotda arzimagan sariq chaqaga uchib, harom yo'l bilan pul topib, gunoh ishlarni qilib oxiratdagi abadiy rohatdan benasib qolishdan ehtiyot bo'lsin. Yomon ish jazosiz qolmaydi, ertaga, albatta, qonun oldida javob beradi. Unday insonlar hayotda zor, oxiratda esa xor bo'ladi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir”, deb qat'iy ta'kidlaganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadisga asosan giyohvandlikning har qanday ko'rinishi harom hisoblanadi.
So'zimiz yakunida, OAV vakillari, jurnalistlar, sayt muxbirlari, ijtimoiy tarmoqlar yurituvchilari va blogerlarni muborak Islom dini, Diniy idora, masjidlar, ulamolar va imom-domlalar bilan bog'liq bo'lgan har qanday xabarlarni yoritishda yaqindan hamkorlik qilishga chaqiramiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati