Alloh taolo O'z kalomi Qur'oni karimning Ankabut surasi, 57 oyatida shunday marhamat qiladi:
“Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir”.
O'lim har kimning boshida bor. Ammo, ulamolar yaxshi, solih insonlarning uzoq umr ko'rishi jamiyat uchun manfaatlidir deganlar.
O'zgalar g'ami uchun qayg'urib yashagan, husnixulq sohibi, ma'rifat va ma'naviyat targ'ibotchilaridan biri, madaniyat sohasida ko'p yillar samarali xizmat qilgan O'zbek Milliy akademik drama teatri rahbari, xalq e'tiboriga tushgan inson Fathulla Ma'sudov vafot etdi.
Alloh taolo marhumni O'z mag'firatiga olsin!
Yaqinlari Fathulla Ma'sudovni o'zgacha ta'sirot bilan yodga olmoqda. Bu inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, dinga, ulamolarga va ma'rifatga muhabbatli bo'lganligini e'tirof etadilar.
"Imom Buxoriy va Imom Termiziyga bo'lgan yuksak hurmati va o'zgacha g'oyibona mehri bor edi. Shundanmi, undagi odob, o'zgalarga bo'lgan iliq tabassum va go'zal munosabat, ayniqsa go'zal ahloqi juda ko'pchilikni havasini keltirardi. Odamlarga qo'ldan kelgancha xolis, samimiy yaxshiliklar qilardi, farz va sunnatlarga mustahkam bo'lishga intilardi", deydi do'stlaridan biri.
Shu yilning fevral' oyi boshida ajdodlar merosiga bag'ishlangan qisqa metrajli film suratga olishni boshladik. Tarixiy qahramonlar obrazlari uchun mos liboslar va rekvizitlar kerak bo'ldi. Bir nechta joylarga murojaat qildik... Afsuski natija bo'lmadi. Milliy teatr telefon raqamlarini topib qo'ng'iroq qildik va xodimlar direktor Fathulla akadan ruxsat olish kerakligini aytib uyali telefon nomerlarini berdi.
Qo'ng'iroq qildik, Fathulla aka esa odob va chiroyli muomala bilan “qo'limdan kelgancha xolis xizmat qilishga tayyorman, ertaga teatrga keling”, deb javob berdilar. Ochig'i mashhur inson muxlislari ko'p san'atkordan bunday chiroyli munosabat va muomalani kutmaganligim sabab biroz hayratga tushdim...
Ertasiga teatrga bordik, bizni darvozadanoq iliq kutib olishdi va Axror ismli Fathulla akaning yordamchisi nima lozim bo'lsa hammasini imkon qadar tayyor qilib berishini aytdi: “Fathulla aka menga qattiq tayinlaganlar, men xizmatingizdaman” dedi.
O'zimizga kerakli narsalar, liboslar va rekvizitlarning ro'yxatini berdik. Ishni grimyor (yuzni tarixiy shaxsga xos qilib bezaydigan shaxs) xonasidan boshladik. Pardozchi grim, salla-soqollar va xizmat haqqi qimmat turishini ta'kidladi. Shu payt Axror aka Fathulla akaga qo'ng'iroq qildi va Fathulla aka telefon orqali pardozchilarga biz uchun xizmatilar bepul ekanligini tushuntirib so'zi oxirida: Saidabrorjon din va ma'rifat uchun qo'limdan kelgancha xolis xizmatdaman, agar bizdan topilmasa boshqa joydan bo'lsa ham topib beraman, haqqimizga duoda bo'lsalaringiz bo'ldi. Alloh bizlarni yo'lidan adashtirmasin, mag'firat qilsin” – deya ta'kidlab o'tdi.
5 kun mobaynida har kuni teatrga borib grim qildirdik va liboslarni oldik, hamma biz uchun xolis xizmatda. Kunlarning birida Fathulla aka qo'ng'iroq qilib kamchiliklar yo'qmi deya so'rab qoldi. Men hammasi joyida rahmat dedim. Imom Buxoriy rolini kim o'ynayapti deb so'rab qoldilar, Institut talabalaridan biri dedim. “Agar imkoni bo'lsa shu obrazni men ijro etsam, bir umrlik orzularimdan biri edi” dedi. Biz rozi bo'ldik. Ammo, taqdir ekan Fathulla aka viloyatlarga safarga ketadigan bo'lib qoldi va qo'ng'iroq qilib uzr so'radi.
Tasvirga olish yakunlanganidan so'ng Fathulla akaga minnatdorlik bildirib yordamlari uchun Qur'oni karim va hadis kitobini sovg'a qildik. Juda ham xursand bo'lib ketdilar. O'sha onda ularning so'ngi marta menga aytgan gaplari hali ham qulog'imda chalinib turadi:
“Biz kim bo'lishimizdan, qaysi kasb egasi ekanligimizdan, mavqe va boy-kambag'alligimizdan qat'iy nazar Allohnikimiz va bir kun albatta Allohning O'ziga qaytamiz. Shu fikrni ongimiz va qalbimizga singdirib unga amal qilib yashashni va uni xalqimizga ham etkazib berishni o'zimga farz va qarz deb bilaman”.
Alloh taolo marhumning qilgan yaxshi amallarini o'ziga hamroh qilib, O'z jannatidan joy ato etsin! Farzandlari va ahliga sabru jamil bersin!
Saidabror Umarov
Shu yil 10 dekabr Shayx Toha al-Fashniyning vafotiga bag‘ishlangan kun bo‘lib, u Qur’on karim qiroatiga hayotini bag‘ishlagan eng buyuk qori bo‘lgan.
“IQNA” axborot agentligi “Sada El Balad”ga tayangan holda xabar berishicha, 2024 yil shayx Toha al-Fashniyning vafotining 53-yilligi sifatida nishonlandi. U Qur’on qiroati va diniy tavosheh (nashida) sohasida Misr va musulmon olamida katta iz qoldirgan zotlardan biri sanaladi.
Yoshligi
Shayx Toha Hasan Marsiy al-Fashniy 1900 yilda Misrning Bani-Suvayf viloyatidagi Al-Fashn shahrida tug‘ilgan. Bolaligidayoq Qur’oni karimni yod olgan va bu uning kelajakdagi diniy san’atga asos bo‘lgan. Maktab direktorining topshirig‘i bilan u har kuni tonggi marosimlarda Qur’on tilovati qilgan va uning ajoyib ovozi yoshligidanoq e’tiborga tushgan.
Keyinchalik, shayx Toha “Al-Azhar” universitetida ta’lim olib, Qur’oni karim qiroati va tadjvid qoidasini mukammal o‘rgandi. U shayx Abdulhamid al-Sahariydan ijoza sertifikati olib, diniy bilimlari va qiroat san’atida yetukligini isbotladi.
Iste’dodning shakllanishi
Shayx Toha al-Fashniyning mashhur Qur’on hofizi bo‘lib yetishishida shayx Ali Mahmud katta hissasini qo‘shgan. U diniy tavoshehning “qiroli” sifatida tanilgan bo‘lib, Toha al-Fashniy undan duo va madhiya nashidalari aytishni o‘rgangan. Keyinchalik u buyuk bastakor Zakariya Ahmad bilan hamkorlik qilib, tavosheh jamoasida ishtirok etgan. Bu hamkorlik uning o‘z davrining eng yaxshi qori va ijrochilaridan biri sifatida tanilishini mustahkamladi.
Shayx Toha al-Fashniy o‘zidan keyin nafaqat boy Qur’on qiroati merosini, balki Islom san’atida chuqur iz qoldirdi. Uning xotirasi Qur’onga xizmat qilishga bel bog‘lagan kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.
Misr radiosidagi faoliyati
Shayx Toha al-Fashniyning Misr radiosiga xushovozi bilan kirib kelishi uning kasbiy faoliyatida ulkan burilish nuqtasi bo‘ldi. 1937 yilda Misr radiosi rahbari Said Pasha Lutfiy “Husayn” majmuasi hududida o‘tkazilgan tadbirda shayx Toha al-Fashniyning ovozidan hayratlandi va uni yuqori darajadagi qori sifatida tasdiqladi.
Shundan so‘ng shayx Toha al-Fashniy Qur’on karim eshittirishida Qur’on tilovat qila boshladi. Bu esa uning ovozini butun Misr uylariga yetkazdi va xalq orasida katta shuhrat qozondi.
Qirollik saroylari qorici
Shayx, buyuk qori Toha al-Fashniy hayotining eng muhim bosqichlaridan biri uning Qur’on tilovat qilish uchun qirollik saroyiga taklif qilingani bo‘ldi. U 9 yil davomida “Obiddin” va “Ras at-Tiyn” saroylarida Qur’on tilovat qildi va Qirol Foruq Ramazon oyi kechalari uning ovozini intizorlik bilan tinglardi.
Shuningdek, Misr sobiq prezidenti marhum Jamol Abdunnosir ham unga o‘z qo‘l tamg‘asi tushirilgan kumush tovoqni sovg‘a qildi. Bu harakat uning xizmatlariga bo‘lgan hurmat va e’tirof ramzi edi.
Bebaho meros va unutilmas ovoz
Shayx Toha al-Fashniy Qur’on tilovati sohasida beqiyos meros qoldirdi. Uning betakror ovozi va tilovatdagi mahoratlari uni Misr tarixidagi eng mashhur qorilardan biriga aylantirdi.
Qori va ovoz san’ati bo‘yicha alohida iqtidor
Qiroat mutaxassislari shayx Toha al-Fashniyni maftunkor ohang va yoqimli ovoz egasi deb hisoblashadi. U 17 musiqiy maqomni nodir osonlik va noziklik bilan o‘zgartirish qobiliyatiga ega bo‘lgan.
Shayx Toha al-Fashniy Qur’on tilovati va diniy tavosheh janrida ulkan meros qoldirdi. Uning noyob ijrolari hanuzgacha Misr radiosi va Arab radiosi orqali efirga uzatiladi. Bu esa uning butun dunyodagi ixlosmandlari uchun yodgorlik vazifasini o‘taydi.
Vafoti
Shayx Toha al-Fashniy 1971 yil 10 dekabrda 71 yoshida vafot etdi. Uning umri Qur’on va Ahl al-Bayt alayhimussalom yo‘lida xizmat qilish bilan o‘tdi.
Shayx Toha al-Fashniyning ismi hanuzgacha uning ixlosmandlari qalbida saqlanib qolgan. Uning hayot yo‘li esa kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shayx Toha al-Fashniy nafaqat qori yoki diniy nashidlar kuychisi, balki Islom ummatining qalbida abadiy iz qoldirgan badiiy va ma’naviy ramz sohibidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.