Bugun, 8 sentyabr' kuni soat 7:00 dan 9:20 gacha Hazrati Imom majmuasi ochiq maydonida Toshkent islom institutining Modul' ta'lim shakli bo'yicha kirish imtihonlari bo'lib o'tdi. Unda abituriyentlar ixtisoslik fanlar majmuasi va ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi fanlaridan test sinovidan o'tdi.
Test sinovlarida abituriyentlar karantin talablaridan kelib chiqib, dizenfektsiya tonnelidan o'tkazildi, tana harorati o'lchandi, tibbiy niqob, qo'lqop va kepka bilan ta'minlandi.
Bugungi imtihonni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg'un domla G'afurov kirish so'zi bilan ochdi va imom domlalarga omad tiladi. An'anaga ko'ra, imtihon Muhammadali qori Qur'on tilovat qilindi va Uyg'un domla G'afurov abituriyentlarga Alloh taolodan muvaffaqiyat tilab duo qildi. Shundan so'ng Din ishlari bo'yicha qo'mita bo'lim boshlig'i Bobomurod Rustamov so'zga chiqib, Modul' ta'lim tizimi haqida ma'lumot berib o'tdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasida kirish imtihonlarini tashkil etish bo'yicha tuzilgan maxsus hay'at tomonidan tayyorlangan savollar kitobi va javoblar varog'i joylashtirilgan qoplar abituriyentlar ishtirokida ochildi. O'zbekiston musulmonlari idorasi Ta'lim bo'limi mudiri Salohiddin Sherxonov javoblar varog'ini to'g'ri to'ldirish bo'yicha ma'lumotlar berdi.
Test sinovlari uchun 2 soatu 20 minut vaqt berildi. Pandemiya sharoitida abituriyentlarga qulaylik yaratish uchun mandat javoblari bugunning o'zida asr namozi vaqtida e'lon qilinadi.
***
Eslatib o'tamiz, 2020 yili Toshkent islom instituti Modul' ta'lim tizimiga 2020-2021 o'quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar karantin tartiblaridan kelib chiqib, masafaviy tarzda modul.muslim.uz portal orqali 15 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilindi.
2020-2021 o'quv yilgi qabul imtihonlarini koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish uchun ochiq maydonlarda o'tkazish belgilandi. Shu bois O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta'lim muassasalarida o'tkazilayotgan qabul imtihonlarini karantin talablariga qat'iy amal qilish, ijtimoiy masofani saqlash, abituriyentlarning uzoq vaqt bir joyda o'tirib qolishiga yo'l qo'ymaslik kabi qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qabul imtihonlari uchta fandan ikkita fanga o'tkazildi, ijodiy imtihonlar qisqartirildi.
***
Ma'lumot uchun, Toshkent islom institutida 2019-2020 o'quv yilidan boshlab o'rta maxsus ma'lumotga ega imom-xatiblarni oliy ma'lumotli kadrlar qilib tayyorlash maqsadida Modul' ta'lim tizimi joriy qilindi.
Modul' ta'lim tizimida O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o'rta maxsus islom ta'lim muassasalari, ya'ni madrasalarni tamomlagan, 5 yil va undan ortiq muddat davomida masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar tanlov asosida o'qishga qabul qilinadi.
Modul' ta'lim tizimiga abituriyentlar nomzodlarini O'zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog'iston Respublikasi qoziyoti va viloyatlar vakillari tavsiya etadi. Talabalar Modul' tizimida to'lov-kontrakt asosida 3 yil ta'lim oladi, xorij fuqarolari o'qishga qabul qilinmaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani bosh imom-xatibi sifatida samarali faoliyat yuritgan "Abduolim ota" masjidi imom-xatibi Oxunjon domla Vosiyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Oxunjon domla Vosiyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi