Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Aprel, 2025   |   9 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:56
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:58
Xufton
20:14
Bismillah
07 Aprel, 2025, 9 Shavvol, 1446

Imom Moturidiy va mo‘taziliylar o‘rtasidagi bahslar

20.08.2020   3568   4 min.
Imom Moturidiy va mo‘taziliylar o‘rtasidagi bahslar

Abu Mansur Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim oladi va tafsir, usulul fiqh, aqoid, fiqh va mantiq kabi ilmlarda yetuk olim bo‘lib taniladi. Ushbu yetuk olimning ilmiy izlanishlariga olimlar ergashadilar va keyinchalik ularni moturidiya ta’limoti ma’nosida e’tirof etadilar.

Moturidiya ta’limotining shakllanishida turli adashgan firqalar, xossatan, mo‘taziliy firqasi bilan bo‘lgan bahs-munozaralar muhim o‘rin tutgan. Shuning uchun ham Moturidiyning kalom ilmiga oid asarlarida raddiya uslubi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, bu zot jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan eng mashhur olimlardan biri hisoblanadi.

Shu o‘rinda o‘sha paytlarda jamiyatda ko‘plab bahs-munozaralar keltirib chiqargan mo‘taziliy firqasining Movarounnahrda paydo bo‘lish sabablarini o‘rganish ham maqsadga muvofiqdir. Chunki mazkur sabablar o‘rtadagi bahslar qay darajada bo‘lganini yanada to‘liqroq tasavvur qilish imkonini beradi.  

Movarounnahrga mo‘taziliy ta’limotining kirib kelish sabablarini Balqosim G‘oliy quyidagicha tahqiq qilgan:

  1. “Abbosiy xalifa Mutavakkil hijriy 234 (milodiy 848) yilda mo‘taziliylar qo‘zg‘agan “Qur’on maxluq” masalasiga nuqta qo‘yib, “Qur’on Allohning kalomi” degan sunniy olimlarni qo‘llab-quvvatlagan va mo‘taziliylarning davlat tizimidagi faoliyatiga rasman chek qo‘ygan. Natijada mo‘tazila e’tiqodidagi aksar ahli ilmlar poytaxtdan ketgan va somoniylar hukmronlik qiladigan hududlarga kelib o‘rnashgan;
  2. Movarounnahrdagi ikki mashhur olim Abul Qosim Ka’biy va Abu Zayd Balxiylarning mo‘tazila e’tiqodida bo‘lganlari ushbu hududda bu e’tiqodning tarqalishiga sabab bo‘lgan. Mazkur ikki olim xalq orasida obro‘li bo‘lgani sababli bu e’tiqod xalq orasida tez tarqalgan. Abu Mansur Moturidiy va ushbu ikki olim o‘rtasida ko‘plab ilmiy bahslar bo‘lib o‘tgan;
  3. Mo‘taziliy olimlarining balog‘at va fasohat ilmida avom xalqni o‘ziga jalb qiladigan darajada mohir bo‘lganlari ham bu e’tiqodning tarqalishiga sabab bo‘lgan”.

Bu kabi omillar tufayli mo‘taziliylik ta’limoti ta’sirlari jamiyat vakillarida ko‘zga tashlana boshlagan. Buni his qilgan Ahli sunna val jamoa olimlari to‘g‘ri e’tiqodni saqlab qolish yo‘lida fidokorona harakat qilganlar. Albatta, bu harakatlar aqliy va naqliy dalillarga asoslangan ilmiy bahs-munozaralar ko‘rinishida bo‘lgan. Ushbu ilmiy bahs-munozaralarda eng salmoqli mehnat qilgan olimlardan biri shubhasiz Abu Mansur Moturidiy edi.  

   Abu Mansur Moturidiy  mazkur ilmiy bahs munozaralar munosabati bilan yozgan asarlarida Ahli sunna val-jamoaning qarashlari to‘g‘riligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yo‘l qo‘ygan joylarini ham bayon qilib bergan. “Bayanu vahmil mo‘tazila” (Mo‘taziliy firqasining noto‘g‘ri tasavvuri bayoni), “Roddu a’lal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi asarlarida adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarini bayon qilib bergan. 

Abu Mansur Moturidiyning qilgan eng ulkan xizmati Ahli sunna val-jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da’volariga umumiy raddiya qilishdan tashqari, ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Ya’ni, bu zot o‘sha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mo‘taziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da mag‘lub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir: 

  • Abu Muhammad Bohiliy mo‘taziliyning “Usulul xomsa” (Beshta asos) kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“Beshta asos” kitobiga raddiya);
  • Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Tahziybul jadal” (Ilmiy bahslarni o‘rgatish) kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“Ilmiy bahslarni o‘rgatish” kitobiga raddiya);
  • Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Va’iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) kitobiga “Roddu “Va’iydil fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);
  • Abulqosim Ka’biy mo‘taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) kitobiga “Roddu availil adilla” (“Dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) kabi asarlar yozgan.

Imom Moturidiy ushbu asarlarida mo‘taziliy firqasining e’tiqodiy xatolarini bayon qilish bilan birga, Ahli sunna val jamoa e’tiqodining to‘g‘riligini aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlagan. Xuddi shu ishni ayni shu davrda Abul Hasan Ash’ariy ham Movarounnahrdan tashqarida Bag‘dodda amalga oshirgan. Olimlar bu ikki zotning aqida bobida amalga oshirgan ishlarini e’tirof etganlar. Ularning ba’zilari Abul Hasan Ash’ariyning uslubiga ergashgan bo‘lsalar, boshqalari Abu Mansur Moturidiyning uslubiga ergashganlar. Shunday qilib bu ikki olim Ahli sunna val jamoaning aqidasini bayon qiluvchi imomlariga aylanganlar.

Abdulqodir Abdur Rahim,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom

instituti o‘qituvchisi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Boylik sinov uchun beriladi

07.04.2025   516   2 min.
Boylik sinov uchun beriladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir boy odam ko‘ngli tusagan, xayoliga kelgan har qanday narsani sotib olaverardi. Bir faqir kishi esa o‘zi xohlagan narsani sotib ololmas, farzandlariga taom, libos olib berolmasdi. Faqir farzandlariga ovqat olib berish uchun ish izlar edi. Shu asnoda boyagi boyning uyiga borib, unga qo‘riqchi sifatida ishga kirmoqchi bo‘ldi. Boy undan «nima ish qilishni istaysan» deb so‘radi. Bechora faqir «bolalarim uchun nima ish bo‘lsa qilaveraman» dedi.

Boy: «Sen uyimni qo‘riqlaysan, narsalarni yig‘ishtirasan va uyni chiqindilardan tozalaysan», dedi.

Faqir: «Ishni qachondan boshlayman» deb so‘radi.

Boy: «Hozirdan boshlaysan» dedi.

Bechora faqir ishni boshlash uchun kiyimlarini almashtira boshladi. Kunlarning birida kambag‘al ishchi ishdan xorib, charchab uyiga yo‘l oldi. Farzandlariga biroz taom, shirinliklar ko‘tarib olgan edi. Ertasi kuni ishga borsa, boy kech kelgani uchun uni haqorat qila boshladi. Oradan kunlar o‘tdi. Bechora faqir boy buyurgan barcha ishlarni qilib yurardi.

Bir kuni boy hamma narsasidan ayrilib, hech vaqosiz qoldi. Kambag‘al, faqir ishchisiga beradigan puli ham qolmadi. Bechora ishchi esa pul olmay boyning uyida tekinga xizmat qilib yurdi.

Kunlar o‘tib boyning moddiy holati yaxshilana boshladi. Ana shunda boy tekinga xizmat qilgan faqirning qadriga yetib, maoshini oshirib, mashaqqatli ishini biroz kamaytirdi. Unga o‘zining yer maydonidan bir qismini ajratib berib, u yerga faqir ishchisi va uning oilasi istiqomat qilishi uchun uy qurish harakatlarini boshlab yubordi.

Azizlar, ishingiz orqaga ketganda ham sizni tashlab ketmagan insonni qadrlang. Ishingiz o‘nglanganda uning sizga ko‘rsatgan muruvvatini munosib taqdirlang.

Unutmang, boylik, molu dunyo birovni kamsitish, tahqirlash uchun emas, balki sinov uchun beriladi.

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

Maqolalar